Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning mamlakatimiz soha va tarmoqlariga taʼsirini yumshatish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, xavf darajasi yuqori bo‘lgan 7 ta tovar guruhidagi mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinadi. Sertifikat olish majburiy bo‘lgan tovarlar ro‘yxatini keskin qisqartirib, mahsulot muvofiqligini deklaratsiyalash amaliyoti joriy qilinadi.
Asbob-uskuna, xomashyo, maxsus texnika, transport importida mamlakatimizda tan olinadigan xorijiy yuqori sifat va nazorat tizimlari mezonlari ishlab chiqiladi, ular import qilinayotganda milliy sertifikat olish talab qilinmaydi.
“Bir so‘z bilan aytganda, biz mahsulotlarning bozorga kirishini yengillashtirib, uni realizatsiyasidagi nazoratni kuchaytiramiz. Bu xalqaro amaliyotda o‘zini oqlagan”, dedi prezident.
Mutasaddilarga “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Umuman, sinov va sertifikatlashtirish bo‘yicha davlat laboratoriyalari xususiy sektorga investitsiya kiritish sharti bilan berilsa, sohada sifat va raqobat bo‘lishi, xizmat narxi tushishi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezident biznes uchun teng sharoitlar yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
“Mahalliy korxonalarimizga yo‘l ochib, ishlab chiqarishni ko‘paytirish, qimmat bozorlarga yangi-yangi mahsulotlar bilan kirishiga sharoit yaratishimiz zarur”, dedi davlat rahbari.
Lekin ayrim tovarlar bozorlarga sunʼiy pasaygan narxda kirib kelayotgani, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning o‘rnini zaiflashtirayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, o‘zimizda chiqayotgan tannarxi 220 dollarlik kichik muzlatgich bozorda o‘rtacha 250 dollardan sotilayotgani uchun 30 dollar QQS to‘lanadi.
Xuddi shunday muzlatgichning import narxi sunʼiy pasaytirilib, 25 dollar ko‘rsatilgani uchun bor-yo‘g‘i 3 dollar QQS olinyapti. Yaʼni ishlab chiqaruvchi importga nisbatan 10 karra ko‘p soliq to‘layapti.
Yangi farmon bilan endilikda chetdan olib kelinayotgan tovarlarni bojxona qiymatini aniqlash tartibi to‘liq xalqaro qoidalarga moslashtiriladi.
Izoh (0)