O‘zbekistonda ayrim tovar va xizmatlarga QQS imtiyozlari bekor qilinadi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi axborot xizmati.
Unga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi prezidentining soliq va bojxona imtiyozlarini berishni nazarda tutuvchi ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga asosan, 2025-yil 1-yanvardan:
- yo‘lovchilarni yagona tariflar bo‘yicha tashish xizmatlarini ko‘rsatish aylanmasi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari yagona ishtirokchisi hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinadigan tovarlar va xizmatlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi;
- yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilish tarzidagi imtiyozni bekor qilgan holda, mazkur yer uchastkalari bo‘yicha soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.
Bundan avval prezidentning 30-avgustdagi farmoni bilan ayrim tadbirkorlarga QQSning bir qismi qaytarilishi belgilangan. Farmonga muvofiq, 2024-yil 1-oktyabrdan turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini, 2025-yil 1-yanvardan umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga 2028-yil 1-yanvargacha har oyning 25-sanasiga qadar to‘langan QQSning bir qismini quyidagi miqdorlarda respublika byudjetidan qaytarish tizimi joriy etiladi:
oylik tovar aylanmasining naqd pulsiz qismi:
- 60 foizdan oshgan umumiy ovqatlanish korxonalariga – byudjetga to‘langan QQSning 40 foizi;
- 60 foizdan kam umumiy ovqatlanish korxonalariga – byudjetga to‘langan QQSning 20 foizi;
- turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga – byudjetga to‘langan QQSning 20 foizi.
2024-yil 1-noyabrdan barcha uchun ochiq holatda yuritiladigan Inson hayoti va sog‘lig‘iga yuqori xavf soluvchi omillar reyestri joriy qilinadi.
2025-yil 1-yanvardan nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatib turishga faqatgina reyestrga kiritilgan omillar asosida yo‘l qo‘yiladi.
Shu sanadan boshlab nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlar faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfini aniqlash bo‘yicha “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, ayrim tadbirkorlarga QQSning 40 foizgacha qismi keshbek sifatida qaytarib berilishi haqida 20-avgust kuni Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan prezidentning tadbirkor va investorlar bilan uchrashuvida ma’lum qilingandi. Muloqotda davlat rahbari umumiy ovqatlanish hamda mehmonxona xizmatlarining eng katta muammosi QQS va ishchilar hisobini yuritish ekanidan xabardorligini aytgandi.
Izoh (0)