O‘zbekiston 2019-yilda yashirin iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinda ekani qayd etilgan. Bu mamlakatda noqonuniy mablag‘lar, soliq to‘lanmay orttirilayotgan daromadlar hajmi misli ko‘rilmagan darajada ko‘pligini anglatadi. Mazkur vaziyatda Davlat soliq qo‘mitasi qanday yo‘l tutmoqda? Soyadagi iqtisodiyotni yo‘qotishda natijalarga erishmoqdami? Bugun shu haqda so‘z yuritamiz.
Yashirin iqtisodiyot muammosi
Ming afsuski, O‘zbekistondagi eng yomon, iqtisodiy rivojlanishga soya solib kelayotgan muammolardan biri yashirin iqtisodiyotdir. 2019-yilda respublikada iqtisodiyotdagi xufiyona aylanma pullarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 52,11 foizni tashkil etgan. 2020-yilning 9-sentyabrida Davlat soliq qo‘mitasi O‘zbekistonda 245 trillion so‘m mablag‘ soya ostida ekanligi, yashirin iqtisodiyotning YIMdagi ulushi esa taxminan 48 foizga to‘g‘ri kelishini xabar qilgandi. Bu juda katta va dahshatli ko‘rsatkich.
Insonlarning noqonuniy yo‘llar bilan, soliq to‘lamagan holda daromad orttirishga intilayotgani mamlakat rivojlanishi va iqtisodiy o‘sishiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Ya’ni bu holat bozorda raqobat muhitining buzilishi, mahsulotlar sifati va miqdorining kamayishi, soliq tushumlari hajmi ortmasligiga olib keladi.
Yaqinda Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev “Daryo”ga bergan intervyusida hozir O‘zbekiston aholisining 14 milliondan ortig‘i mehnatga layoqatli ekani, ammo shundan 4 million kishi qonuniy tarzda ishlamasligini aytgan. Bu qariyb 4 million odam soliq to‘lamay ishlayotganini anglatadi.
Masalaning asosiy qismi esa o‘sha insonlarni ishga yollagan tadbirkorlar soliq to‘lashni istamasligida. Mubin Mirzayev 2023-yildagi asosiy vazifalardan biri ham aynan o‘sha 4 million kishi faoliyatini legallashtirish ekanini aytgan. Yaʼni ular qonuniy ishlasa, ham soliq organlaridan soliq to‘lovchi hisobida ro‘yxatdan o‘tkaziladi, ham pensiya yoshiga yetganda pensiya olishi, tibbiy va boshqa xizmatlardan to‘laqonli foydalanish imkoni paydo bo‘ladi.
Ayrim iqtisodchilar fikricha, yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish uchun soliqlarni pasaytirish, soliq maʼmurchiligini soddalashtirish, to‘lovlarni osonlashtirish va albatta, insonlar to‘layotgan soliqlari nimalarga sarflanayotganini bilishlari, tizim ochiq va shaffof bo‘lishi zarurligini taʼkidlashadi.
Yaqinda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan tadbirkorlik va sanoatni rivojlantirishga doir yig‘ilishda ham ishchisi yo‘q korxonalar to‘g‘risida gapirildi. Aytilishicha, xususiy sektorda faoliyat ko‘rsatayotgan 232 mingta korxonada ishchilar soni bor-yo‘g‘i bir nafarni tashkil qiladi. Bu degani ular haliyam “yashirin iqtisodiyot” sharoitida ishlab, “konvert”da oylik to‘lab kelmoqda.
Umuman olganda, masala jiddiyligicha qolmoqda, aksariyat tadbirkorlar ijtimoiy mas’uliyatni his qilmaslik va mo‘may daromad ilinjida noqonuniy ishlashda davom etmoqda.
Isteʼmolchini rag‘batlantirish muammoga yechimmi?
Yashirin iqtisodiyot muammosini birdaniga bartaraf etish imkonsiz. Chunki u juda chuqur ildizga ega. Imkon qadar muammoga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish lozim. Shu maʼnoda Davlat soliq qo‘mitasi aholi, xususan, tadbirkorlarni qonuniy ishlashga chorlash harakatida. Masalan, “Soliq-hamkor” loyihasi jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali tadbirkorlarni qonuniy ishlashga yo‘naltirish yo‘lidagi samarali qadamlardan bo‘ldi.
Qo‘mita hisob-kitoblariga qaraganda, 2022-yilda “Soliq-hamkor” platformasiga aholidan 142 ming 224 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 71 ming 957 tasi tekshirildi, 67 ming 885 tasi takroriy bo‘lgani yoki tekshiruv davom etayotgani sababli qaytarildi. Eng ko‘p qilingan va tekshirilgan murojaatlar (24 ming 57 ta) Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi.
Savdoda xarid chekini bermaslik yashirin iqtisodiyot ildiz otishiga olib keladigan sabablardan biri. Qo‘mita tomonidan 2022-yil 1-yanvardan soliq huquqbuzarliklariga qarshi kurashgan isteʼmolchilarni mukofotlash tizimi yo‘lga qo‘yildi va bu jamoatchilikda faollik uyg‘otdi. Endi sotuvchi chek bermasa, bank kartasidan pul yechishni rad etsa yoki karta orqali tovarni qimmat sotsa, isteʼmolchi soliq organlariga murojaat yo‘llashi va arzi tasdig‘ini topgan taqdirda huquqbuzardan undirilgan jarimaning 20 foizini mukofot sifatida olishi mumkin.
Qo‘mitaning maʼlum qilishicha, yuqoridagi murojaatlardan qariyb 132 ming 818 tasi chek bermaslik masalasi bilan bog‘liq. Qolgan 6 ming 56 ta murojaatlar to‘lovni plastik karta orqali qabul qilishni rad etish, 496 tasi plastik karta uchun xarid summasini oshirish masalasida yo‘llangan. Soliq organlari orqali o‘tkazilgan tekshiruvlarda isteʼmolchilar tomonidan yo‘llangan murojaatlar orqali huquqbuzarliklarning 98 foizi o‘z tasdig‘ini topgan. Huquqbuzarlikka yo‘q qo‘yganlardan 226,6 milliard so‘mlik jarimalar undirilgan. Shundan qonun buzilishlarga befarq bo‘lmasdan, soliq organlariga xabar bergan faol fuqarolarga 35,3 milliard so‘m mukofot pullari to‘lab berildi.
Rag‘batlantirish institutining ijobiy taʼsiri natijasida prognoz ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarildi va aylanmadan olinadigan soliqdan tushumlar 2021-yilga nisbatan 1,5 baravarga oshib, 863,3 milliard so‘mga va qo‘shilgan qiymat solig‘i hajmi 1,3 baravarga o‘sib, 7,2 trillion so‘m ko‘proq soliqlar tushdi.
Isteʼmolchini rag‘batlantirish orqali yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda yana bir yo‘l sifatida keshbek to‘lash amaliyoti joriy etildi. 2022-yil 1-yanvardan yo‘lga qo‘yilgan bu tizimi jamoatchilik faolligini sezilarli oshirdi. Yaʼni chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida amalga oshirgan xaridi uchun berilgan chekning fiskal belgisini “Soliq” mobil ilovasida matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi qaytarilmoqda.
Davlat soliq qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilda “Soliq” mobil ilovasida 241 milliondan ortiq chek ro‘yxatdan o‘tkazilgan va ularga 1 trillion so‘mdan ortiq keshbek mablag‘lari to‘lib berilgan. Yil davomida mobil ilova orqali keshbek tizimida 2,2 million nafar fuqarolar ro‘yxatdan o‘tib, 101,4 trillion so‘mlik chek yuborgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez muhokama qilinadigan masalalardan biri keshbeklar nisbatan kichik summadagi tovar va xizmatlar uchungina to‘lanadi. Yaʼni ko‘chmas mulk va avtomobil xaridlari uchun nega keshbek berilmasligi ko‘pchilikni qiziqtirib keladigan masalalardan.
Onlayn nazorat - kassa texnikalari
O‘zbekistondagi savdo va xizmat ko‘rsatish maskanlarida 2021-yildan joriy etilgan onlayn nazorat - kassa texnikalari (ONKT) yashirin iqtisodiyotni qisqartirish yo‘lidagi yechimlardan biri sifatida taʼriflanadi. Bunda naqd pul tushumiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlariga davlat reyestriga kiritilgan onlayn nazorat kassa mashinalari, virtual kassa va marketpleysdan foydalanish majburiyati yuklandi.
Masalaning muhim jihatlaridan biri pul aylanmasi ustidan soliq organlari va jamoatchilik nazorati o‘rnatilishida. Onlayn tizimga o‘tgan tadbirkorlar tomonidan xaridorlarga to‘lov terminali cheki bilan birga virtual kassa yoki onlayn-NKM cheki ham berilishi shart. Yuqorida keltirib o‘tganimiz, xarid cheki va keshbeklar aynan ONKT orqali olinadi. Tan olish kerak, bu tizim davlat byudjeti tushumlari o‘sishi va isteʼmolchini rag‘batlantirishda yaxshi samara bermoqda.
Davlat soliq qo‘mitasining “Daryo”ga maʼlum qilishicha, 2022-yilda ONKT foydalanuvchilari soni 145 ming 332 taga yetgan (2021-yildagidan 21 foiz ko‘p) va ular tomonidan savdo shoxobchalariga 217 ming 190 ta onlayn nazorat-kassa apparatlari o‘rnatilgan. Taqqoslash uchun, 2021-yilda ONKT foydalanuvchilari soni 120 ming 349 ta bo‘lgan va ular 186 ming 312 ta ONKT o‘rnatgan.
O‘tgan yilda ONKM orqali 697,8 millionta chek rasmiylashtirilib, ular bo‘yicha aylanma 174,3 trillion so‘mni tashkil etgan. Hisoblangan QQS summasi esa 26,1 trillion so‘m bo‘ldi. Natijada, 2022-yilda 2021-yilga nisbatan tovar aylanmasi hajmi 74,1 trillion so‘mga (74 foiz) va hisoblangan QQS 11,1 trillion so‘mga (2,3 baravarga) o‘sdi.
Umuman olganda, chek talab qilish orqali yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish samarasi ortib bormoqda. Qo‘mita rasmiylari davlat byudjetiga soliq tushumlarining ko‘payishida raqamlashtirishning o‘rni katta bo‘layotgani, kelgusida elektron tizimlar faoliyatini kengaytirish ustida ishlashda davom etilishini bildirb keladi.
Joriy yil 1-yanvardan qo‘shilgan qiymat solig‘i 15 foizdan 12 foizga tushirildi. Bu 14 trillion so‘mdan ortiq mablag‘lar korxona, tashkilotlar va aholi qo‘lida qolishiga imkon yaratadi va shuncha hisobda byudjet yo‘qotishlari yuzaga keladi, degani. Ammo qo‘mita bu masalaga soliq maʼmurchiligini takomillashtirish orqali yechim topilishiga ishonmoqda. Buning uchun birinchi navbatda ayrim soliq imtiyozlarini bekor qilish ko‘zda tutilmoqda.
“Ikkinchidan, xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirishimiz kerak. Bu oson bo‘lmaydi. Agar bilim va intellekt bilan ishlansa, o‘rnini qoplasa bo‘ladi. Biz 2023-yilda QQS tushumlarini 2022-yilga nisbatan ko‘proq yig‘ishni reja qilganmiz. Bu faqat raqamlashtirish orqaligina bo‘ladi”, – degan Mubin Mirzayev.
Qo‘mita rasmiysi 2023-yilda elektron yuk xatlari va transportda tashiluvchi hujjatlarni ham elektronlashtirilishini aytgan. Buning natijasida 6,5 trillion so‘mga yaqin qo‘shimcha mablag‘lar soliq maʼmurchiligini takomillashtirish orqali undiriladi.
Izoh (0)