“Manchester Siti” kelayotgan yozda “Borussiya D” hujumchisi Erling Holand uchun kurash olib boradi.
The Athletic’ning xabariga ko‘ra, 21 yoshli hujumchi “shaharliklar”ning asosiy nishoni bo‘lib turibdi. Manchester jamoasi rahbariyati yaqin hafta yoki oylarda Holandning vakillari bilan uchrashuvni rejalashtirmoqda. Inglizlar “Borussiya D” so‘ragan 75 million yevroni to‘lashga tayyor.
Holand uchun kurashda “Manchester Siti”ning asosiy raqobatchisi “Real” hisoblanmoqda. Ko‘pchilik “Barselona” ushbu klublar bilan raqobatlasholmaydi degan fikrda.
Norvegiyalik hujumchiga, shuningdek, “Bavariya”, “Manchester Yunayted” va “PSJ”dan ham takliflar bor. Ammo Xosep Gvardiola jamoasining imkoniyatlari yuqori baholanmoqda.
Agar “shaharliklar” Holand transferini amalga oshira olmasa, boshqa variantlarga to‘xtaladi. Ro‘yxatdan “Real Sosyedad” futbolchisi Aleksander Isak va “Fiorentina” hujumchisi Dushan Vlahovich o‘rin olgan.
Manchesterliklarning “Tottenhem” hujumchisi Harri Keyn variantiga qaytish ehtimoli ham yo‘q emas. Buning uchun “shporlar” futbolchini adekvat narxga qo‘yib yuborishga rozi bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, “Manchester Siti” iyul oyida 29 yoshga kiradigan Keynning yoshiga ham e’tibor qaratadi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)