Jahon sportida 2022-yil qiziqarli va intrigaga to‘la voqealarga boy bo‘ldi. Odatga ko‘ra “Daryo” yil sarhisobini qildi. Quyida 2022-yilda dunyo sportida yuz bergan yorqin voqealar eslab o‘tiladi.
Pekin Olimpiadasi
2022-yildagi dastlabki eng katta voqelik Xitoyning Pekin shahrida o‘tgan qishki Olimpiya o‘yinlari bo‘ldi. 4—22-fevral kunlari bo‘lib o‘tgan musobaqalarda jami 109 ta medallar o‘z egalarini topdi.
Norvegiya terma jamoasi (16 oltin, 8 kumush, 13 bronza) umumiy ro‘yxatni yetakchi sifatida yakunladi. Germaniya (12 oltin, 10 kumush, 5 bronza) va Xitoy (9 oltin, 4 kumush, 2 bronza) kuchli uchlikdan o‘rin oldi. Qishki o‘yinlar gegemonlari kutilmaganda medallar jamg‘arishda muvaffaqiyatli natija qayd eta olmadi. AQSh 4-o‘rinda yakunladi, Olimpiadada o‘z nomi va bayrog‘i bilan qatnasha olmagan Rossiya (ROK) esa 9-pog‘onani qo‘lga kiritdi. Kanada esa top-10 likdan ham joy ololmadi.
Urush sabab yakkalanib qolgan Rossiya sporti
Fevral oyi oxirida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina tomon harbiy harakatlarni boshladi. Shundan keyin Rossiya ketma-ket siyosiy va iqtisodiy sanksiyalar qurshovida qoldi. Bu sport sohasiga ham ta’sir etmay qolmadi. Avvaliga xalqaro federatsiyalar Rossiya terma jamoasi va rossiyalik sportchilarni o‘z musobaqalaridan chetlata boshladi. Keyinroq Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Rossiya va Belarus sport federatsiyalarini barcha xalqaro musobaqalardan chetlatishga qaror qildi.
O‘z navbatida Rossiya futboli ham quvg‘inga uchradi. Avvaliga UEFA, keyinroq FIFA Rossiya terma jamoasi va rus klublarini o‘z tasarrufidagi musobaqalardan chetlatdi. Rossiya terma jamoasi JCH—2022 o‘tish o‘yinlariga yo‘llanma olgandi, biroq chetlatish sabab mazkur o‘yinlarda qatnasha olmaydigan bo‘ldi. Shuningdek, jamoa Yevro—2024 saralashiga qo‘yilmadi va o‘z-o‘zidan keyingi vaziyat qanday bo‘lishidan qat’i nazar Germaniya maydonlarida o‘tadigan musobaqaga borolmaydi.
Yil oxiriga borib Rossiya futbol ittifoqi (RFS) UEFAni tark etib, OFKga qo‘shilishi mumkinligi haqida xabarlar ko‘paydi. RFS ushbu masalani muhokama qilishini ma’lum qildi. Avvaliga 27-dekabr kuni bo‘lib o‘tishi belgilangan muhokama, keyinroq 31-dekabrga qoldirildi. Yakunda Rossiya UEFAni tark etish qaroridan qaytdi.
Taxtga qaytgan “Real” va Anchelotti
2021/22-yilgi mavsumning oxiri “Real” uchun muvaffaqiyatli o‘tdi. Jamoa Ispaniya chempionatida g‘alaba qozondi va bir necha yillik tanaffusdan keyin Yevropa Chempionlar Ligasi kubogiga ega chiqdi. Finalga qadar madridliklar “PSJ”, amaldagi chempion “Chelsi” va “Manchester Siti”ni musobaqadan chiqarib yubordi. Hal qiluvchi bahsda esa “Liverpul”ga imkoniyat qoldirmadi.
Karlo Anchelotti uchun bu to‘rtinchi YCHL sovrini bo‘ldi va “Karlo ota” Zinedin Zidan hamda Bob Peyslini ortda qoldirgan holda ushbu sovringa eng ko‘p ega chiqqan mutaxassisga aylandi.
Yevropa Ligasi g‘olibligi Germaniyaning “Ayntraxt” jamoasiga nasib etdi. Pley-offda “Barselona”, “Vest Hem” kabi jamoalarga chiqish eshiklarini ko‘rsatgan “buqalar” finalda “Reynjers”ni penaltilar seriyasiga ko‘r taslim etdi.
“Real” va “Ayntraxt” o‘rtasidagi UEFA Superkubok uchrashuvida ispan klubining qo‘li baland keldi.
Chempionlar Ligasining o‘tgan mavsumdagi final juftligi 2022/23-yilgi mavsumda 1/8 finaldayoq o‘zaro to‘qnash kelib qoldi. Yurgen Klopp shogirdlari guruh bosqichida ushbu mavsum fantastik o‘yin namoyish qilayotgan “Napoli”ni birinchi o‘ringa o‘tkazib yubordi va qur’a natijalariga ko‘ra “Real”ga tushdi.
Afsonaning ketishi
Jahon tennisining tirik afsonasi Rojer Federer sentabr oyi boshida faoliyatini yakunlashini rasman ma’lum qildi. 41 yoshli raketkachi so‘nggi faoliyatidagi so‘nggi musobaqani o‘sha oyning oxiriga ko‘rgazmali Leyver Kubogida o‘tkazdi. Yevropa va Jahon yulduzlari ishtirokidagi ushbu musobaqadagi xayrlashuv vaqtida Rojer ko‘z yoshlarini tiyib turolmadi. Unga qo‘shilib boshqa tennischilar, xususan, unga uzoq yillar munosib raqobatchi bo‘lgan Rafael Nadal ham yig‘ladi.
Avstraliyadan quvilgan Jokovich, ispanlarga atalgan yil yoki “Ulkan toj” musobaqalar haqida
“Ulkan toj” turkumidagi dastlabki musobaqa mojaro bilan esda qoldi. Koviddan emlanishni ochiqchasiga rad etadigan Novak Jokovich Avstraliyaga bordi, biroq mamlakatdagi qoidalarga ko‘ra uning tashrifi noqonuniy deb topildi. Koronavirusga qarshi emlanmagani sabab amaldagi chempion musobaqaga qo‘yilmadi va mamlakatdan deport qilindi. Ushbu musobaqada Rafael Nadal g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
May va iyun oylarida o‘tgan Fransiya ochiq chempionatida (Rollan Garros) ham Rafa bosh sovringa ega chiqdi. Ispan finalda Kasper Ruudni yengib, faoliyatidagi 22-“ulkan toj”ni qo‘lga kiritdi.
Uimbldonda esa Jokovich raqiblariga imkon qoldirmagan holda 21-marta “Ulkan toj” musobaqasi g‘olibiga aylandi. US Open’da ham Jokovich vaksinatsiyaga oid cheklovlar sabab qatnasha olmadi. Mazkur musobaqada 19 yoshli ispaniyalik tennischi Karlos Alkaras chempionlikni qo‘lga kiritdi. Kasper Ruud esa bir yil ichida ikki marta yirik musobaqa finalini boy berdi.
Finalissima
Jahon futbolining ikki yetakchi mintaqalari UEFA va KONMEBOL bir vaqtlar (1985—1993) Artemio Franki nomi bilan atalgan musobaqaning analogini ishga tushirdi. Unga ko‘ra, Yevro va Kopa Amerika g‘oliblarida Finalissima deb nom olgan sovrin uchun o‘zaro o‘yin o‘tkazadi.
Ularning dastlabkisi Italiya va Argentina terma jamoalari o‘rtasida kechdi. Iyun oyining birinchi kunida Angliyadagi “Uembli” stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda Janubiy Amerika vakillari 3:0 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Transferlar. Ota izidan yurgan Holand, va’daga vafo qilmagan Kilian
Yozgi transfer oynasi qiziq voqealarga boy bo‘ldi. Deyarli butun mavsum davomida faoliyatini “Real”da davom ettirishi aytilgan Kilian Mbappe may oyida “PSJ” bilan shartnomasini uzaytirdi.
Mazkur holat OAVni larzaga keltirdi. Ispan nashrlari “Real”dagilar bu vaziyatdan “shok”da ekani va ortiq Mbappeni olib kelish variantini ko‘rib chiqmasligi haqida bong urdi. Ayrim nashrlar “PSJ” Mbappeni olib qolish uchun samoviy pullardan tashqari klub ichki ishlariga aralashuvga ham ruxsat bergani haqida xabar qildi.
Yana bir iqtidor egasi Erling Holand qator variantlar orasidan “Manchester Siti”ni tanladi. “Shaharliklar” super iqtidor uchun 75 million yevro to‘ladi. Bu transfer o‘z mevasini darhol bera boshladi, hali mavsum yarmiga kelmasdan Holand qator rekordlarni yangilab yubordi.
Formula 1 ning yangi qiroli
2021-yilda so‘nggi musobaqada Lyuis Hemiltondan g‘oliblikni ilib ketgan Maks Ferstappen bu g‘alaba tasodif bo‘lmaganini isbotladi. Niderlandiyalik poygachi mavsum tugashiga to‘rtta musobaqa qolgan vaqtdayoq chempionlikni naqd qilib qo‘ydi. Red Bull poygachisi ushbu mavsumning o‘zida qator rekordlarni yangiladi.
Manchesterga sig‘magan va Saudiyaga yo‘l olgan Ronaldu
O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra “Manchester Yunayted” Chempionlar Ligasiga yo‘llanma qo‘lga kirita olmagach, Ronalduning boshqa klub qidirayotgani haqida xabarlar ko‘paydi. Buning ustiga Krishtianu yangi murabbiy Erik ten Hag qo‘l ostidagi jamoaning mavsum oldi yig‘iniga ancha kechikib bordi va mavsum startida yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmadi.
Futbolchi va mutaxassis o‘rtasidagi munosabat tobora keskinlashib bordi. “Tottenhem”ga qarshi o‘yinda maydonga tushirilmagan Ronaldu uchrashuv tugamasidan maydonni tark etdi va jamoadan avval stadiondan ketib qoldi. Shundan keyin mashg‘ulotlar va o‘yinlardan chetlatildi. Tabiiyki afsonaviy Ronaldu bunday holatlarni qabul qila olmadi va noyabr oyida The Sun nashriga shov-shuvli intervyu berdi. JCH—2022 arafasida intervyu e’lon qilindi. Unda Ronaldu klubdagi holatni va murabbiyni keskin tanqid ostiga oldi. Qatar mundiali boshlanishi arafasida “Manchester Yunayted” Ronaldu bilan o‘rtadagi shartnoma bekor qilinganini ma’lum qildi. Shu tariqa Krishtianu Jahon Chempionatiga “ishsiz” maqomi ostida yo‘l oldi.
Futbolchining o‘zi va muxlislar Ronaldu Manchesterdagi bu ishlarga Qatarda munosib javob beradi, deya yaxshi niyatda bo‘ldi. Biroq Jahon Chempionati ham Krish uchun o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tdi. Dastlabki uchta tur o‘yinida u qadar yorqin ko‘rinmagan futbolchi 1/8 finalda zaxirada qoldirildi. Uning o‘rnida harakat qilgan Gonsalu Ramush esa Shveysariya darvozasiga uchta to‘p kiritdi. Tabiiyki, Fernandu Santush chorak finalda ham Ramush variantini ma’qul ko‘rdi va tavakkalchilik bu safar ish bermadi. Ikkinchi bo‘lim boshida maydonga tushgan Ronaldu esa afrikaliklarga qarshi hech narsa qila olmadi.
Yilning so‘nggi kunlarida Saudiya Arabistonining “An-Nassr” jamoasi futbolchi bilan shartnoma imzolanganini ma’lum qildi. Xabarlarga ko‘ra, tomonlar 2025-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan 2,5 yillik shartnoma imzolagan. Ronaldu yiliga 200 million yevro maosh oladi. Shuningdek, futbolchi Saudiya Arabistonining JCH—2030 ga bergan qo‘shma arizasi elchisiga aylanadi.
Qishda o‘tgan mundial
Yevropa chempionatlari mavsumning ayni avj pallasida to‘xtatildi va futbolchilar Qatar mezbonligida o‘tgan JCH—2022 ga yo‘l oldi. Musobaqa sensatsiya, yorqin o‘yinlar va emotsiyalarga boy bo‘ldi. Musobaqani Saudiya Arabistonidan uchralgan mag‘lubiyat bilan boshlagan Argentina yakunda bosh sovrinni boshi uzra ko‘tardi. Lionel Messi faoliyatida ilk bor mundial sovriniga ega chiqdi.
Musobaqa oldidan favorit sifatida qayd etilgan Braziliya terma jamoasi JCH—2018 finalchisi Xorvatiyaga yengilib, musobaqa bilan xayrlashdi. Ronalduning Portugaliyasi esa musobaqa kashfiyoti bo‘lgan Marokash to‘sig‘idan o‘tolmadi.
E’tiborlisi, ilk bor uchta Osiyo jamoasi mundial pley-off bosqichiga yo‘l oldi: Janubiy Koreya, Yaponiya, Avstraliya. Marokash esa musobaqa yarim finaliga chiqqan tarixdagi ilk Afrika jamoasi va dastlabki arab mamlakatiga aylandi.
JCH—2022 da rekord darajada ko‘p gol urildi. Argentina va Fransiya terma jamoalari o‘rtasidagi final uchrashuvi esa mundiallar tarixidagi eng yaxshi final deya ko‘p bor e’tirof etildi.
Alvido Qirol
Yil so‘ngida futbol olami katta yo‘qotishga uchradi. Afsonaviy futbolchi Pele 82 yoshida vafot etdi. Uzoq vaqt saraton bilan kurashgan Edson Arantis de Nasimentu 29-dekabr kuni olamdan ko‘z yumdi.
Uch karra jahon chempioni vafoti sabab Braziliya uch kunlik motam e’lon qilindi. Butun dunyo qirol bilan vidolashdi.