Yarim asr oldin “Buratinoning sarguzashtlari” nomli ikki qismli film ekranlarga chiqqandi. Endi mazkur film qayta suratga olinmoqda: qahramonlar o‘sha-o‘sha, lekin ularni ijro etgan aktyorlar yangi.
Buratino
Bolalikdan tanish bo‘lgan filmda yog‘ochdan yasalgan tinib-tinchimas bolakay rolini Dmitriy Iosifov ijro etgan. Biroq qahramonga aktrisa Tatyana Kanayeva ovoz bergan.
Yangi filmda Buratinoni jonlantirishda kompyuter grafikasi yordam beradi. Harakatlar maxsus kiyim kiygan holda tasvirga tushish maydonida ishlayotgan aktrisa Vita Korniyenkodan yozib olinadi.
Karlo ota
1975-yilgi filmda keksa sharmankachi Karlo rolini Nikolay Grinko ijro etgan. Bu aktyor “Elektronikning sarguzashtlari” filmida professor Gromov rolini ham ijro etgan. Gromov fanning eng so‘nggi yutuqlari yordamida yaratilgan boshqa bir tinib-tinchimas bolakayning “otasi” hisoblanadi.
Yangi filmda Karlo ota rolini Aleksandr Yatsenko ijro etadi. Ko‘pchilik uni shov-shuvga sabab bo‘lgan “Seni kim o‘ldirganini bilaman” serialidagi German roli bilan eslab qolgan.
Karabas Barabas
Eski filmda qo‘g‘irchoq teatri egasi va qo‘g‘irchoq fanlari doktori, sinyor Karabas-Barabasni buyuk aktyor Vladimir Etush mahorat bilan ijro etgan. Karabas ijro etgan qo‘shiq musiqasini Aleksey Ribnikov bastalagan, ammo she’rlar turli ijodkorlar qalamiga mansub edi. Makkor Karabasning qo‘shig‘ini esa Bulat Okujava yozgan.
Yangi “Buratino” filmida ertaklardagi yovuz qahramonning qalin mo‘ylovi va soqoli ortida taniqli aktyorni har kim ham taniy olmaydi. Karabas rolini Fyodor Bondarchuk o‘z zimmasiga oldi. Aktyorning grimiga har safar 3-4 soat vaqt ketardi.
Malvina
Malvina rolini yosh Tanya Protsenko ijro etgandi. U filmdagi eng yosh aktrisa edi — qizaloq atigi 6 yoshida suratga tushgan. Yangi filmda esa bu rol yoshi kattaroq aktrisa — Valentina Talizinanining nabirasi Anastasiyaga nasib etdi. Anastasiya allaqachon “Vatanparvar” seriali, “Kentavr” va “Havo” filmlarida iste’dodini namoyon qilishga ulgurgan.
Toshbaqa Tortila
Donishmand toshbaqa roliga Faina Ranevskayaning o‘zini taklif etishgan, biroq buyuk aktrisa yoshi o‘tib qolganini aytib, o‘rniga Rina Zelenayani tavsiya qilgan.
Biroq yangi filmda bu rol millionlab tomoshabinlarga tanish va sevimli bo‘lgan aktrisa — Svetlana Nemolyayevaga nasib etdi.
Duremar
Zuluk sotuvchi, pastkash Duremar obrazi Vladimir Basovning filmografiyasidagi eng yorqin rollardan biriga aylangan. Aktyor bu rolni og‘ir kasallikdan atigi bir yil o‘tib, o‘rnidan turolmay qolib, hassa bilan yurishga majbur bo‘lganidan keyin ijro etgandi.
Zamonaviy “Buratino”da Duremar roli Lev Zulqarnayevga nasib etdi. Aktyor “Yigit so‘zi” serialidagi Zima roli orqali ko‘pchilikka tanish. U allaqachon yosh A.S. Pushkin va kompozitor Raxmaninovni, shuningdek, “U juda ajoyib” serialidagi oddiy yigit Lenyani o‘ynashga muvaffaq bo‘lgan.
Pero
G‘amgin oshiq Peroni Roman Stolkarts ijro etgandi.
Yangi filmda shoir va romantik Pero rolini “Muz 3” va “Oyparastlar” filmlaridagi rollari bilan tanilgan Stepan Belozerov ijro etadi.
Tulki Alisa
Ayyor tulki Alisa rolini Yelena Sanayeva shunday mahorat bilan ijro etganki, u uzoq vaqt davomida rejissyorlar uchun komediya janrining yetakchi aktrisasiga aylandi.
Yangi “Buratino”da bu rolni Viktoriya Isakova ijro etadi. Aktrisaning filmografiyasida ko‘plab muvaffaqiyatli rollar mavjud. Yaqinda u “Yuz yil oldin” filmida Kira Seleznyova obrazini gavdalantirdi.
Mushuk Bazilio
1975-yildagi filmda soxta ko‘r mushuk rolini Rolan Bikov ijro etgan. U bu rolni o‘ziga xos yorqinlik, iste’dod va mahorat bilan bajargan. Yangi filmda esa ko‘plab tomoshabinlarning sevimli aktyori bo‘lgan Aleksandr Petrov shu rolni o‘ynaydi.
Izoh (0)