“Avloniy” filmining namoyishi boshlanganiga ancha bo‘ldi. Film muhokamalarga sabab bo‘ldi, OAVda va blogosferada u bilan bog‘liq masalalar yoritildi. Bildirilgan fikrlar orasida tanqidiylari ham anchagina. Tanqidlar har qancha asosli bo‘lmasin, fikrimcha, bu filmni ko‘rish kerak. Imkon qadar ko‘proq tomoshabin unga tushishi lozim. Shuning uchun, muhokamalar biroz tinchiganidan foydalanib, uni o‘quvchilarga va kino muxlislariga yana bir bor eslatib qo‘yishga qaror qildim. Nega bu filmni ko‘proq odam ko‘rishi kerak deb hisoblayman? Buni quyida tushuntirishga harakat qilaman.
Eslatma: taqrizda spoylerlar bor.
Bir ijobiy tendensiyani qayd etib o‘tay. Uzoq yillar o‘zbek kinematografi tarixiy mavzuga yaqinlashmadi. Olovli toshlar o‘rniga charm g‘ildiriklar yoqilgani bilan esda qolgan “Buyuk Amir Temur” seriali, yarim afsonaviy, yarim tarixiy filmlardan so‘ng yo kinochilar o‘tmish mavzusiga qo‘l urishga qo‘rqib qoldi, yo davlat ularga budjet ajratmay qo‘ydi.
Oxirgi ikki yil ichida tarixiy mavzuga qiziqish qayta tirildi. To‘rtta yirik tarixiy kartina suratga olindi: “Islomxo‘ja”, “Berlin – Oqqo‘rg‘on”, “Qo‘qon shamoli”, “Avloniy”. “Qo‘qon shamoli” hali keng ommaga taqdim etilmadi. “Avloniy” va ayniqsa “Islomxo‘ja” ko‘p tanqidlarga uchradi. Shunga qaramay, yuqorida sanab o‘tilgan filmlar o‘zbek kinematografi uchun o‘ziga xos turtki bo‘lib xizmat qiladi deb o‘ylayman.
Birinchidan, tarixiy filmlarga yana pul ajratila boshlandi. Qisqa muddatda to‘rt-besh loyihaga katta mablag‘ ajratilganini inobatga olsak, bunday filmlar ko‘payib borishiga umid qilsa bo‘ladi.
Ikkinchidan, tanqidlarga qaramay, yangi tarixiy filmlar oldingilardan tubdan farq qiladi: ular – chinakam tarixiy film. “Marg‘iyona”, “Alpomish” va boshqa eski tarixiy-afsonaviy kinolarni eslang. Ularda tarixiy kontekst orqa fon bo‘lib xizmat qiladi: qahramonlar zamona ruhini aks ettirmaydi, ekranda V asr bo‘lsa ham, XVI asr bo‘lsa ham, odamlar bir xil kiyinadi, bir xil shaharlarda, uylarda yashaydi; qo‘pol qilib aytganda, To‘maris ham, Amir Temur ham bir xil qilichdan, bir xil o‘q-yoydan foydalanadi. Menimcha, eski filmlar olinganida kinochilar detallarga umuman e’tibor qaratmagan (balki imkoniyati bo‘lmagandir), omborxonada bor kiyim-kechak, qurol-yarog‘ va anturajdan foydalangan.
Yangi tarixiy filmlar esa zamonasini aks ettiryapti. “Qo‘qon shamoli” bilan “Avloniy”da mutlaqo boshqa davr, boshqa lokatsiya, boshqa libos, boshqa dunyoqarash ko‘rsatib berilgan. Ya’ni, mavjud kamchiliklarga qaramay, o‘zbek tarixiy kinosi yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi.
Nihoyat, film ijodkorlari tarixiy hujjatlar bilan ishlayapti, professional tarixchilarni ssenariynavislikka va maslahatchilikka jalb etyapti, faktlarni, voqealarni, zamon qiyofasini sinchiklab o‘rganyapti, davrga chuqurroq nazar tashlashga urinyapti. Bir so‘z bilan aytganda, intellektual kino paydo bo‘lyapti.
Shunday qilib, yuqoridagi sabablarga ko‘ra tarixiy kino oyoqqa tura boshlaganini ijobiy hodisa deb baholayman. Albatta, bu ekranlarga chiqayotgan tarixiy filmlarni tanqid qilmaslik kerak degani emas. Xato-kamchiliklarni ko‘rsatish lozim – busiz soha rivojlanmaydi. Men ham “Avloniy”ning yutuq va kamchiliklarini ko‘rsatib o‘taman.
Syujet
Film taniqli ma’rifatparvar Abdulla Avloniy hayotida ro‘y bergan real voqea – Afg‘onistonga safar tafsilotlariga bag‘ishlanadi. Uzoq davom etgan, sarguzasht va xavf-xatarga boy bu safar haqida Avloniy sayohatnoma yozib qoldirgan. Uning asosida, o‘z navbatida, Tohir Malik “Qaldirg‘och” nomli qissa yaratgan. Film ssenariysi shu qissaga asoslanadi.
Afg‘onistonning islohotchi amiri – Omonullaxon (Hamza Hasanov) tashqi siyosatda Buyuk Britaniya bilan muvozanat hosil qilish maqsadida SSSRga murojaat etadi. SSSR, tabiiyki, Afg‘onistonga kirish imkoniyatini qo‘ldan boy bermay, darhol Nikolay Bravin (Abror Yo‘ldoshev) boshchiligida diplomatik missiya hozirlaydi. Kutilmaganda missiyaga mahalliy aholi vakili – shoir Abdulla “Avloniy” Miravlonov (Alisher Yo‘ldoshev) ikkinchi elchi sifatida kiritiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad Afg‘oniston xalqini tushunadigan, mahalliy tillarni, shart-sharoitni biladigan ziyoli va ayni paytda bolsheviklarga sodiq odamga ega bo‘lish edi. Avloniy rozi bo‘ladi va missiya bilan birga yo‘lga chiqadi. Ammo diplomatik safar ko‘plab qiyinchiliklarga duch keladi. Turkman bosmachilarining olomonidan tortib ideologik dushmanning maxfiy agentigacha – filmda hammasi bor.
Ayni paytda Samarqanddan Britaniya bilan ittifoq tuzgan qadimchilar Afg‘onistonga Mirhomidboy (Muhammadali Abduqunduzov) rahnamoligida o‘z delegatsiyasini yuboradi. Qadimchilar bolsheviklardan oldin yetib borish uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qiladi. Qaysi missiya birinchi bo‘lib Omonullaxon qabuliga yetib borishi mintaqa geosiyosatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. Shu bois tomonlar qon to‘kishdan ham toymaydi.
Tinch-totuv hayotga o‘rgangan shoir va pedagog Avloniy murakkab siyosiy o‘yinlar ichiga kirib qoladi va o‘zgarishga majbur bo‘ladi.
Postanovka va rejissura
Kartina Avloniy bolsheviklar bilan hamkorlik qilgan davrni yoritadi. Kompartiya g‘oyalariga ishonch bildirib, shu asosda mintaqa kelajagini qurishga umid qilgan ma’rifatparvar uzoq ikkilanishdan so‘ng prinsiplaridan voz kechib, siyosatga bosh suqadi. Bolsheviklar bilan hamkorlik tajribasi, xususan, Afg‘onistonga safar uning hafsalasini pir qiladi. Avloniy qaytib siyosatga aralashmay, qolgan umrini ijodga bag‘ishlaydi.
Film rejissori Muzaffarxon Erkinov mana shu jarayonni – Avloniydagi evrilishni, uning atrofida kechayotgan siyosiy intrigalarni ochib berishga urinadi. U buning uddasidan qay darajada chiqadi?
Filmning shubhasiz yutug‘i uning keng miqyosli va ko‘p chiziqli ekanidadir. G‘oyani ochib berish uchun rejissor Turkiston, Buxoro, Afg‘oniston shaharlarini detallarigacha chizib beradi: Toshkent, Samarqand, Kobul, Hirot manzaralari bir-biridan sezilarli farq qiladi, hattoki Hirotning mashhur tarixiy obidalari va shahar atrofidagi tog‘lar haqqoniy ko‘rsatiladi. Shaharlar, qishloqlar, davr odamlarining turmush tarzi ko‘z oldimizda gavdalanadi, tasavvur uyg‘onadi.
Bundan tashqari, qahramonlarining libosiga, o‘zini tutishiga, siyosiy qarashlariga e’tibor beriladi. Deylik, missiya rahbari Nikolay Bravin aslida bolshevik emas, tajribali diplomat sifatida ular bilan hamkorlik qiladi. Menimcha, ba’zi rejissorlar bu tafsilot tomoshabinga qiziq bo‘lmaydi degan xayolda uni tashlab ketgan bo‘lardi.
Balki rejissor shunday detallarga, siyosiy suhbatlarga ko‘p e’tibor qaratgani uchun film biroz sokin, zerikarli dinamikaga egadir? Harqalay, mendan oldingi taqrizchilar shunga yaqin fikrlarni aytdi. Menga kelsak, buni filmning kamchiligi deb hisoblamayman, ayni paytda bu o‘rtastatistik tomoshabinni kinoga jalb etishni qiyinlashtirishini tan olaman.
Kino mualliflari juda ko‘p mehnat qilgani, tarixiy detalizatsiya, qahramonlarning tarjimai holi ustida uzoq ishlagani ko‘rinib turibdi. Shunga qaramay, ko‘zlangan g‘oya to‘la ochib berilmagan. Bu, menimcha, rejissuradan tashqari, ssenariy, aktyorlar ijrosi va montajdagi nuqsonlarga bog‘liq.
Ijro
Film bayonida muvozanat buzilganday: missiya ishtirokchilari bo‘lmish Nikolay Bravin, Veniamin Zibarov (Anvar Kartayev), Valentina Sinelnikova (Diana Sherezdanova) o‘rtasidagi dialoglarga juda katta o‘rin berilgan, ba’zan ular Abdulla Avloniyni chetga surib chiqarib qo‘yadi hatto. Fleshbeklar va yirik planlargina kim bosh qahramonligini eslatib turadi.
Kastingda aktyorlarning tarixiy prototiplarga o‘xshashligiga juda katta e’tibor berilgan: Avloniy, Omonullaxon va boshqa qahramonlarning tashqi qiyofasi tarixiy suratlardan chiqib kelgandek go‘yo. Lekin ba’zi o‘rinlarda tashqi o‘xshashlik ijro mahorati yetishmasligini kompensatsiya qila olmagan.
Alisher Yo‘ldoshev Abdulla Avloniy qiyofasini juda yaxshi jonlantirgan, lekin xarakterini ochib berishda oqsagan. Ochig‘i, “Avloniy”ga qaratilgan tanqidlarning katta qismi bosh qahramon bilan bog‘liq: Avloniy voqealarning passiv ishtirokchisi bo‘lib qolgani, ularga hech qanday ta’sir o‘tkaza olmagani bot-bot ta’kidlandi.
Buni rejissor ham yaxshi tushungan ko‘rinadi: ba’zi o‘rinlarda Avloniyning syujetdagi ahamiyatini baholi qudrat oshirish uchun ortiqcha, ishonarsiz epizodlar qo‘shilgan. Katta diplomatlar turganida oddiy shoir missiyadagi sotqinni topish ishlarida faol qatnashadi, asirlarni so‘roq qiladi, qonli to‘qnashuvlarda qatnashadi.
Bu, albatta, Avloniyning syujetdagi ahamiyatini kutilganichalik oshirib qo‘ymagan, lekin gap boshqa yoqda: real voqealarda ham Avloniy juda faol bo‘lmagan, ko‘proq kuzatgan. Syujet fokusini faolroq obrazlardan bosh qahramon hisoblanmish passiv shoirga ko‘chirish uchun, nazarimda, uni ko‘proq “yugurtirish” kerak emasdi. Boshqa rejissorlik priyomlaridan foydalanish mumkin edi. Avloniyni to‘laqonli kuzatuvchiga aylantirib, diqqatni uning kuzatuvlariga ko‘chirish mumkin edi. Shunchaki voqealarni kuzatib, ular haqidagi xulosalarini tomoshabinga yetkazib turadigan bosh qahramonlarni jahon kinosida ko‘p uchratish mumkin.
“Avloniy”da fleshbeklarga qayta-qayta murojaat etilgan. Ular yordamida qahramon hayotidagi eng muhim voqealar ko‘rsatib berilgan: maktabi qadimchilar tomonidan toshbo‘ron qilinishi, ilk teatr namoyishi, Munavvarqori (Akmal Mirzo) bilan suhbatlar. Fleshbeklardan unumliroq foydalanib, Avloniy kim bo‘lganini, qanday qilib bolsheviklar bilan hamkorlikka kelganini ochib berish mumkin edi. Bu uning obrazini yanada jonlantirar edi.
Yana bir masala. Film avvalo Avloniyni yaxshi taniydigan o‘zbek auditoriyasiga mo‘ljallangan. Avloniy kim, nega u haqda film olinyapti – bu savollarga javob berilmaydi. Kartina boshqa davlatlarda namoyish etilsa, bunday savollar tug‘ilishi muqarrar. Fleshbeklardan foydalanib, yo‘l-yo‘lakay uning shaxsini ochib ketish mumkin edi.
Nihoyat, uchinchi, eng murakkab, lekin eng samarali priyom: mahoratli aktyor mimikasi bilan, xatti-harakatlari bilan Avloniyning xarakterini, voqealar rivoji asnosida unda bo‘layotgan o‘zgarishlarni ochib bera olardi. Alisher Yo‘ldoshev harakat qiladi, lekin u qo‘llagan priyom – ikki qo‘li bilan biror narsaga suyanib, bukchaygancha g‘azablanish – kerakli natijani bermaydi. Avloniydagi evrilishlarni nigohlari aytib turishi kerak edi. Buni, afsuski, ko‘rmadim.
Buning o‘rnini to‘ldirish harakatida ijodkorlar ssenariy burilishlaridan foydalanadi, lekin ular ham ishonarsiz: Avloniy asl haqiqatni bilib qolishi va “ko‘zi ochilishi” uchun ikki marta “tasodifan” missiyadoshlarining suhbatini eshitib qoladi. “Tasodifan” kimlarningdir suhbatini eshitib qolish – siyqasi chiqib ketgan priyom, u tomoshabinni hayron qoldirmaydi; “tasodif”larni ishonarli chiqarish ham oson emas. Bu sahnalardan voz kechish, qahramonni haqiqatga murakkabroq yo‘ldan olib kelish kerak edi.
Operatorlik ishi
Oxirgi yillarda chiqayotgan o‘zbek kinolari qancha malomatga uchramasin, ulardagi operatorlik ishi e’tirozga o‘rin qoldirmayapti. Xususiy “xontaxta”larning bir rakursli syomkasiga-yu, davlat filmlarining statik kadriga o‘rganib qolgan ko‘zlarim yangi filmlardagi yirik planlar, panoramali syomka va umumiy dinamikani ko‘rib quvnayapti. “Avloniy”ning bu jihatida jiddiy nuqsonlar ko‘zga tashlanmaydi.
Biroq montajda – kadrlashda, epizoddan epizodga o‘tishda kamchiliklar bor. Biror sahna tugashi bilan darhol ekran qorayib, keyingi sahna boshlanib ketishi filmda uzuq-yuluqlik effektini hosil qilgan. Film faqat verbal dialoglardan iborat emas. Kino tili degan tushuncha bor. Yirik plan, umumiy plan, kamera harakati, nigohlar – bularning bari birlashib, dialog ochib berolmaydigan ma’no nozikliklarini ochib beradi, qahramonlarni tomoshabinga yaxshiroq tanitadi. Montajda yo‘l qo‘yilgan shoshma-shosharlik tufayli film mana shunday imkoniyatdan – kino tili yordamida qahramonlarini ochib berishdan mahrum bo‘lgan.
Afg‘oniston chizig‘i
“Avloniy”ning kamchiliklarini ko‘rib chiqdik. Uning yutuqlari ham ko‘p.
Afg‘oniston amiri Omonullaxon obrazi nihoyatda muvaffaqiyatli chiqqan: Hamza Hasanov mashhur afg‘onistonlik islohotchini juda ishonarli gavdalantirgan. Aktyorning tarixiy prototipga o‘xshashligi haqida yuqorida yozdim. Hamza Hasanov o‘ziga ajratilgan sanoqli daqiqalarda amirning xarakterini ochib berishga ham erishgan. Uning qarashlari, o‘zini tutishi, gapirishi nozikta’b, ziyoli, chinakam aslzoda ekanini bildirib turadi.
Umuman, syujetning Afg‘oniston liniyasi uning eng muvaffaqiyatli qismi deb o‘ylayman. U davrda Afg‘oniston Markaziy Osiyoning eng yirik va tez rivojlanayotgan davlati edi. Buyuk Britaniya bilan urushda g‘alaba qozongan Afg‘oniston tepasiga kelgan ziyoli islohotchilar, o‘zbek xonlaridan farqli ravishda, xalqaro siyosatni juda yaxshi tushungan. Ular tezkor sur’atda islohotlar o‘tkazilib, iqtisodiy va texnik taraqqiyotga erishilmasa, yangi iqtisodiy hamkorlar va yangi bozorlar topilmasa, mamlakat Britaniyaga em bo‘lishini anglagan va umidini yon qo‘shnisi Rossiya/SSSR bilan bog‘lagan. SSSR va Buyuk Britaniya, o‘z navbatida, Afg‘onistonga jiddiy qiziqish bildirib kelgan va u tufayli bir-biri bilan bahslashgan. Bu jarayonlarni kuzatgan Omonullaxon axiyri SSSR Britaniyadan qolishmasligini tushungan, lekin chora ko‘rishga ulgurmagan: qadimchilar isyoni natijada taxtdan voz kechgan, hokimiyat tepasiga diniy elita bilan ittifoqdagi dala qo‘mondoni Habibullo Bachai Saqo kelgan.
Qizig‘i, Avloniyning diplomatik safaridan rosa o‘n yil o‘tib, 1929-yili xuddi o‘sha yo‘ldan Qizil armiya Afg‘onistonga bostirib kiradi. Tarixchilikda yaxshi yoritilmagan bu birinchi Afg‘oniston – SSSR urushi Omonullaxonga Kremlning asl yuzini ko‘rsatgan voqea edi. Oradan yana yarim asr o‘tib, 1979-yilda SSSR ikkinchi marta Afg‘onistonga qo‘shin kiritadi va mintaqa liderligiga da’vogar mamlakatni hozirgacha tinchimayotgan urush o‘chog‘iga aylantirib qo‘yadi.
Afg‘oniston chizig‘ini, Omonullaxon va ayniqsa uning qaynotasi – bosh islohotchi Mahmud Tarziy (Abduqodirjon Yahyoyev) syujet arkalarini kengaytirish, o‘sha paytdagi Afg‘onistonning O‘rta Osiyo uchun ahamiyatini ochib berish, nega Britaniya va SSSR bu davlat uchun talashayotganini ko‘rsatib berish kerak edi, menimcha. Voqealar leytmotivi aslida Avloniy emas, Afg‘onistondir. Bunga urg‘u berish kerak edi. Bu filmning muvaffaqiyatini yanada mustahkamlar edi.
Qiziqarli faktlar:
- Mahmud Tarziy Buxoroga kelgan va shu yerda Rossiya bilan hamkorlik haqida o‘ylay boshlagan;
- Buxoro amiri Olimxon 1920-yili bolsheviklar hujumidan so‘ng davlatini tashlab, Afg‘onistonga qochib o‘tadi. Bu yerda Omonullaxon unga Kobul chetidagi Qal’ai Fatu qarorgohini ajratib, nafaqa tayinlaydi;
- Afg‘onistonda Omonullaxon ko‘rgan ayrim choralar bugungi O‘rta Osiyo respublikalarida takrorlanmoqda. Xususan, Omonullaxon jamoat joylarida diniy bosh kiyimi bilan yurishni taqiqlagan edi. Bir safar kechki Kobul ko‘chalarini aylanib yurgan amir Olimxonni politsiya to‘xtatib, boshidagi sallasini yechishni talab qiladi. O‘zini musulmonlar amiri deb biluvchi Olimxonni bu juda g‘azablantiradi. Shundan so‘ng u Omonullaxonga qarshi kayfiyatga keladi va Habibullo Bachai Saqo hokimiyatini qo‘llab-quvvatlaydi;
- Amir Olimxon 1910-yili taxtga o‘tirganida rus magnatlaridan biri yangi amirga yoqib, Qarshi dashtlaridan er olish ilinjida unga mashina sovg‘a qiladi. Ammo dinni qattiq ushlagan amir “shayton arava”ga minmaslikka qaror qiladi. Taxminlarga qaraganda, oradan o‘n yil o‘tgach, chiroyli libosdagi Omonullaxon usti ochiq mashinada Kobul ko‘chalarini kezishini ko‘rgan Olimxon bunga havas qiladi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng sog‘lig‘i yomonlashib, ko‘zi ko‘rmay qolgan Olimxon ortiq Qal’ai Fatudan tashqariga aylanishga chiqa olmay qoladi. Shunda u Afg‘oniston hukumatidan unga mashina olib berishni so‘raydi. Lekin hukumat bunga budjetdan pul ajratmaydi.
Munavvarqori Abdurashidxonov obrazi muvaffaqiyatli chiqqan. Unga kam vaqt ajratilganiga qaramay, Munavvarqorining salobati, jadidchilik harakatidagi o‘rni ochib berilgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, film oxirida Munavvarqori qatl etilishi juda ta’sirchan chiqqan va aslida hikoyaning omadli yakuni bo‘lgan.
Film yakuni
Filmning taxminan yarmigacha dinamika past, bo‘layotgan voqealar orasidagi bog‘liqlik ba’zi o‘rinlarda tushunarsiz. Keyinroq bayon bir maromga tushib oladi va tomoshabinni o‘ziga tortib ketadi. Xulosa va prolog esa tom ma’noda “Avloniy”ning qaymog‘idir: juda chiroyli, esda qoladigan musiqa sadolari ostida bo‘lib o‘tgan voqealarning xulosalari beriladi, qahramonlarning taqdiriga birma-bir to‘xtalib o‘tiladi. Rejissor filmning boshidan beri qidirayotgan g‘oya bo‘rtib chiqib qoladi va yuraklarni larzaga soladi. Ekranda jonlantirilgan obrazlarning tarixiy prototiplari suratlari namoyish etilishi esa ijodkorlarning og‘ir mehnatini yana bir bor eslatib qo‘yadi.
Filmning yakuniy qismi kuchli bo‘lishi kamchiliklarni maskirovka qilishning ajoyib usulidir. Ko‘pgina kinolarda urg‘u birinchi daqiqalarga beriladi – eng boshidan tomoshabin diqqatini tortib olish uchun. Lekin xronometraj o‘rtasidan o‘tilgach, auditoriya qiziqishini ushlab turishga yo pul, yo g‘oya yetmay qoladi. Natijada kuchli boshlangan kino ishonarsiz finalga ega bo‘ladi, bu esa tomoshabinning hafsalasini pir qiladi. Lekin final zarbdor bo‘lsa, bu boshidagi kamchiliklarni ham yopib ketadi va tomoshabin “bekorga kinoteatrga tushmabman” degan fikr bilan zalni tark etadi. “Avloniy”da ana shunday bo‘ldi.
“Avloniy” va ziyolilar
Har qanday jamiyatni oldinga boshlagan, g‘oyalar katalizatori bo‘lib xizmat qilgan qatlam ziyolilardir. Sovet davridagi qatag‘onlarda yo‘q qilib yuborilgan o‘zbek ziyoli qatlami haligacha jamiyatda o‘z o‘rnini topib keta olgani yo‘q. Shunday ekan, tabiiyki, o‘zbek ziyolilari ijtimoiy vazifasini bajarmayapti ham. Shoirlar, yozuvchilar, tarixchilar, olimlarga befoyda “tekinxo‘rlar” sifatida qarash, ular qilayotgan ishning jamiyat va kelajak uchun ahamiyatini tushunmaslik o‘zbek jamiyatida keng tarqalgan hodisadir. Ziyolilarning nochor moliyaviy ahvoli, qaror qabul qilish va ijtimoiy ongga ta’sir o‘tkazish jarayonlaridan chetga surib qo‘yilgani bunday munosabat shakllanishiga sabab bo‘lgan.
“Avloniy”dan so‘ng ziyolilar jamiyatga ne qadar zarurligini yana bir bor anglaymiz. Film Avloniy obrazida millat taqdiriga befarq bo‘lmagan, tarixga ta’sir o‘tkaza oladigan ziyolini namoyish etadi bizga. Buni kartinaning eng katta yutug‘i deb baholayman.
Xulosa
Filmni “Daryo” formati yo‘l qo‘yadigan darajada batafsil tahlil qilishga urindim. Xulosa qilishni, doimgiday, o‘quvchining o‘ziga qoldiraman. Faqat bir narsani aytib o‘tishim kerak.
“Avloniy”da kamchiliklar yetarlicha; muvaffaqiyatli jihatlariyam ko‘p. O‘zbek tarixining eng muhim davrlaridan biri haqida kino olingani, unga jamiyat uchun muhim g‘oyalar singdirilganining o‘ziyoq kinochiligimizning kattakon yutug‘idir. Bu bilan kamchiliklarga ko‘z yumish kerak demoqchi emasman: tanqid kelajakda meva beradi. Lekin, nima bo‘lganda ham, “Avloniy”ni ko‘rish kerak. Bir martalik tomoshadan zerikkan, fikr-mushohadaga muhtoj kino ishqibozi undan o‘ziga ma’naviy ozuqa va chiroyli xulosalar oladi.
Eldar Asanov
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)