Kuni kecha “Ibrat” tarixiy filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi. Filmni birinchilar qatorida tomosha qilgan tadqiqotchi va bloger Eldar Asanov uni har tomonlama tahlil qilib, o‘z xulosalarini aytib o‘tadi.
Shunday filmlar bo‘ladi, ularni tomosha qilib, ijobiy baholaysiz, lekin ich-ichingizda nimadandir qoniqmaysiz. G‘oya, syujet, aktyorlar performansi, texnik taraflar – bir qarashda bari yuqori darajada, yaqqol ko‘zga tashlanadigan kamchilik yo‘qday; ammo qandaydir ko‘zga ko‘rinmas nuqson borki, u kinoni mukammal deb baholay olmaysiz; nimadandir ko‘nglingiz to‘lmaydi, qaysidir fikr, qaysidir syujet chizig‘i chala qolib ketganday tuyulaveradi.
Uzoq kutilgan, 1-oktabr kuni katta premyerasi bo‘lib o‘tgan “Ibrat” kartinasi menda ana shunday taassurot qoldirdi. Filmni qiziqib tomosha qildim. Tomoshadan so‘ng, odatdagiday, hissiyotga berilib ketmaslik uchun o‘zimga ozroq vaqt berdim – ekranda ko‘rganlarimni aqlim hazm qilib olsin, asarning yutuq va kamchiliklarini ko‘rsatib bera olsin deb. Lekin baribir baholashda qiynaldim. Uning ko‘p jihati yoqqani bilan, nimasidir kamday tuyuldi. Nimasi kamligini quyidagi tahlilda aniqlashtirishga harakat qilaman.
Favqulodda shaxsning favqulodda hayoti
Film taniqli ma’rifatparvar Ishoqxon To‘ra Ibratning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlanadi.Ibrat XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshida faoliyat yuritgan jadidlar ichida eng kam shuhrat topganlaridan biri bo‘lsa kerak. Vaholanki, Ibrat ajoyib hayot kechirgan favqulodda noyob shaxsdir. O‘zbek tarixchiligi va ommaviy madaniyati haligacha uni yaxshilab o‘rganib, asl bahosini bera olmagan. Turkistonday olis, chekka, qoloq o‘lkaning chekka qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan bu insonni o‘z davri uchun g‘aroyib taqdir egasi hisoblash mumkin: 25 yoshligida Hajga safarga chiqib ketgan o‘smir to‘qqiz yil davomida butun dunyoni kezadi, Yaqin Sharqni, Usmonli saltanatini, Misrni, Yevropani, Eronni, Hindistonni ko‘radi; to‘qqiz yil ichida shuncha sarguzashtni boshidan kechirib, bir olam bilim to‘plab, 34 yoshli ayni kuchga to‘lgan bo‘z yigit bo‘lib o‘z qishlog‘iga qaytadi. To‘qqiz yil ichida butun dunyoni kezib chiqib, turfa davlatlarni, xalqlarni, madaniyatlarni ko‘rgan, dunyoning eng yirik kutubxonalarida bo‘lgan, Yevropa va Osiyo tillarini eshitgan va o‘zlashtirgan odam u paytlari Turkiston tugul madaniyatli olam uchun ham kamyob hodisa edi. Hatto bugungi kommunikatsiya asrida har kim buncha o‘lkani aylanib, buncha bilimga ega bo‘lolmaydi. 150 yil oldin Farg‘ona vodiysining bir chetdida G‘arbning markaziy shaharlarida yashagan, yigirmata tilni u yoki bu darajada biladigan, tilshunoslik va tarixchilikni o‘z davrining eng ilg‘or olimlari darajasida biladigan insonni uchratish qishlog‘idan nariga kamdan-kam chiqadigan sodda mahalliy aholinigina emas, ruslarni ham hayratlantirar edi.
Afsuski, bugungi o‘zbek fani tarixning bu jihatlarini kengroq yoritishga, odamlarni yaqin o‘tmishning buyuk shaxslari bilan yaqindan tanishtirishga, real qiyofalarni ochib berishga yetarli e’tibor bermayapti. Uzoq o‘tmishga kuchli diqqat, ming yillik, uch ming yillik ildizlarni qidirish ishtiyoqi bugungi kunimiz uchun yuz karra muhimroq ahamiyatga ega bo‘lgan yaqin tarixni o‘rganish ishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda – yaqin o‘tmish munosib bahoni va kerakli e’tiborni qozona olmayapti. Maktab darsliklarida besh-olti satrdagina ta’riflab ketiladigan Fitrat, Fayzulla Xo‘jayev, Cho‘lpon, Ibrat singari yaqin o‘tmish arboblarining asl faoliyati, asl ahamiyati ko‘pchilikka notanish bo‘lib qolyapti: o‘zbek yoshlari ko‘p hollarda ularni butun hayoti davomida ijod qilib, bir narsalar yozib qoldirgan, lekin olamshumul ish qilmagan ijodkorlar deb o‘ylaydi. Vaholanki, tilga olingan shaxslar turkistonliklar hayotini o‘zgartirgan, modernizatsiyani boshlab bergan, bugunimizni belgilab bergan insonlar edi.
Xususan, Ibrat Turkistonning chekka hududiga Yevropa madaniyatining ilg‘or topilmalarini olib kirgan, maktab tashkil etib, qishlog‘idan boshqa joyni ko‘rmagan sodda bolalarga eng zamonaviy bilimlarni yetkazgan, tipografiya tashkil etgan, darsliklar yaratgan, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazgan, yuzlab odamlarning taqdiriga ta’sir o‘tkazgan madaniyat arbobi edi. Hatto bugun ba’zilar ingliz tilini o‘rganolmay qiynalib yurganida Ibrat bundan 150 yil muqaddam Bayronni o‘zbek tiliga tarjima qilgani hayratlanarli faktdir.
“Ibrat”ning asosiy yutug‘i shundaki, u mana shunday obrazni gavdalantira olgan, Ibrat shaxsiyatini ochib bergan. Tomoshabin film voqealarini kuzatish asnosida Ibrat shaxsi bilan yaqindan tanishadi, u amalga oshirgan ishlarni ko‘radi, kartinaning umumiy kayfiyati esa bu ishlarning o‘z davri uchun ahamiyati qay darajada kattaligini bildirib turadi.
Shunday qilib, kartina asosiy maqsadiga erisha olgan – o‘zbek tomoshabiniga Ibrat shaxsini keng miqyosda ko‘rsatib bera olgan. Endi boyagi masalaga qaytsak. Ibratning tarjimayi holiga, u yashagan zamona ruhiyatiga hurmat bilan, detallarga e’tibor bilan, yuqori saviyada ishlangan filmning nimasi qoniqarsiz?
Uzoq o‘ylab kelgan xulosam quyidagicha: nazarimda, filmga muallif qarashi yetishmagan.
Bayon va ijodiy yondashuv
Biror tarixiy shaxsning tarjimayi holini butun tafsilotlari bilan rekonstruktsiya qilish hujjatli filmlar yoki hujjatli kitoblar zimmasidagi vazifa hisoblanadi. Badiiy film va badiiy kitob esa tarjimayi holga boshqacharoq, ijodiy yondashishi, uning qaysidir jihatiga ko‘proq urg‘u berishi, voqealar zamiriga g‘oya singdirishi lozim. Zero badiiy ijodning asosiy vazifasi tarixiy faktlarni to‘laqonli ko‘rsatib berish emas, ular ortidagi emotsiyalarni o‘rganish, ular orqali o‘quvchiga yoki tomoshabinga estetik zavq, hissiyot, tafakkur uchun ozuqa berishdir.“Ibrat”da bunga urinish mavjud: bosh qahramonning hayot yo‘li ikki syujet chizig‘iga bo‘lib, ikki davrga ajratib ko‘rsatiladi. Bir tomondan, biz yosh, bilimga chanqoq Ibrat boshqa o‘lkalarga borishini, qaytganidan so‘ng rus hukumati qo‘ygan to‘siqlarni yengib o‘tib, maqsadi yo‘lida kurashishini kuzatamiz. Bu syujet chizig‘iga parallel ravishda 75 ga kirgan, umrining asosiy qismini yashab bo‘lgan, hayotiy tajriba va to‘plagan bilimlari tufayli atrofidagi odamlardan bir pog‘ona yuqorida turgan donishmand nuroniyning hibsga olinishi va so‘roqqa tutilishiga guvoh bo‘lamiz.
Ammo bunday yondashuv yetarli bo‘lmagan – film baribir Ibrat bosib o‘tgan yo‘lning bayonidan iborat bo‘lib qolgan. Menimcha, ikki chiziqdan biriga ko‘proq urg‘u berish kerak edi. Ikki chiziq ham bitta tarixiy shaxsning hayotini aks ettirsa-da, kinematograf nuqtayi nazaridan bu ikkisi ikki alohida obraz, ikki alohida syujet arkasidir. Ikki chiziqda Ibrat rolini ikki alohida aktyor ijro etgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Shunday ekan, har bir syujet arkasini qurishda yoritilayotgan voqealarning leytmotividan, qolaversa, bosh rolni gavdalantirayotgan aktyorlarning iste’dodidan unumli foydalanish kerak edi.
Aktyorlar ijrosi
Yosh Ibrat obrazini jonlantirgan Farhod Mahmudov, shubhasiz, iste’dodli aktyordir; uning ijrosidagi Ibrat jonli va haqqoniy chiqqan. Muhimi, u uzoq yillar dunyo kezgan ma’rifatparvarning evolyutsiyasini yaxshi namoyish etib bera olgan. Yosh, biroz hovliqma, tajribasiz yigit yurtiga o‘zini bosib olgan, tajribali erkak bo‘lib qaytishini ochib bergan.Lekin tan olish kerakki, keksa Ibrat rolidagi Saidkomil Umarov yoshi kattaroq, tajribaliroq aktyor sifatida favqulodda obraz yarata olgan. Keksa Ibrat hatto nigohi bilan uni so‘roq qilayotgan NKVD zobitlaridan ma’nan ustunligini namoyon etib turadi. Uning o‘ziga ishonch bilan, vazmin gapirishi uzun hayoti davomida ko‘p narsani ko‘rgan tajribali donishmandga xos chiqqan. Men Saidkomil Umarov ijrosidagi Ibratdan to‘ymadim – uning qarashlarini, nimtabassumini ko‘proq ko‘rishni, zalvorli so‘zlarini ko‘proq eshitishni xohlardim. Nazarimda, kartinada unga yetarli vaqt ajratilmagan, uning xarakterini ochib beruvchi, nigohlarini aks ettiruvchi makroplanlar etishmagan.
Fikrimcha, asar syujetini keksa Ibrat atrofiga qurib, yoshlikdagi sarguzashtlari uning tilidan va nuqtayi nazaridan hikoya qilinsa, balki bu filmga qo‘shimcha badiiyyat, qo‘shimcha ijodiy g‘oya bag‘ishlar edi. Keksa Ibratni ko‘proq kuzatgan va eshitgan tomoshabin unga ko‘proq achinar, film yakunida qamoqqa olib ketilayotgan bu kishiga achinish tuyar edi. Kinematografda obrazga nisbatan tomoshabinning achinishini, tuyg‘ularini uyg‘otish aktyorlik va rejissura cho‘qqisi hisoblanadi: agar muxlis siz yaratgan obrazga achinmasa, unga qo‘shilib xursand bo‘lmasa, unga qo‘shilib yig‘lamasa, uning taqdiriga befarq bo‘lsa, demak, obraz muxlisning qalbidan joy ololmagan. Afsuski, kartina yakunida Ibrat Andijonga olib ketilishida hamma tomoshabin ham unga achinmaydi – keksa Ibratga ajratilgan ekran vaqti davomida u tomoshabinga qadrdon bo‘lib ulgurmaydi.
Shuningdek, so‘roq jarayoni ko‘proq ko‘rsatilsa, ayblovning mohiyati ochib berilsa, biz Karim Mirhodiyev ijrosidagi mayor Mirhodiyev nega oshini oshab, yoshini yashab bo‘lgan chol uchun o‘z kelajagidan voz kechganini tushunib olardik. Oldida biror jiddiy qiyinchilik ko‘rinmayotgan, davlat dushmanlariga qarshi kurashib o‘rganib qolgan, bu yo‘lda katta lavozimlarga ko‘tarilgan tajribali chekist nima sababdan his-tuyg‘uga berildi, nima sababdan o‘z jonini xavfga qo‘yib, Ibratni oqlaydigan hukm chiqardi – bu noma’lumligicha qolgan. Aslida bu juda yaxshi intriga va qo‘shimcha badiiy bo‘yoq bo‘lar edi. Bu tugunni yechishda ikki o‘ta tajribali aktyor – Karim Mirhodiyev va Saidkomil Umarov tandemining xarizmasidan to‘la foydalanilmagan.
Diqqatga sazovor obrazlardan yana Nalivkin (Sergey Genkin) va Ostroumovlarni (Igor Zolotovitskiy) eslab o‘tish joiz. Mahoratli rossiyalik aktyorlar o‘zlariga ajratilgan daqiqalarni samarali sarflab, esda qolarli obrazlarni yarata olgan. Qolaversa, bu ikki sharqshunos olimning syujetga ta’sir ko‘rsatuvchi shaxslar sifatida bayonga kiritilishi ilm-fanning, gumanitar sohaning jamiyatdagi o‘rnini ko‘rsatib bergan. Ular orqali biz Ibrat, Nalivkin, Ostroumov singari olimlar va pedagoglar 150 yil oldingi Turkistonda muhim o‘rin tutganini, ijtimoiy va madaniy transformatsiyada bevosita qatnashganini tushunib olamiz. Bu, albatta, bugungi jamiyatimizda olimlarning, ayniqsa gumanitariylarning, pedagoglarning o‘rni qay darajada pastligi bilan kontrast hosil qilib, tomoshabinni o‘yga toldiradi.
Qolgan obrazlar yo vaqt kamligidan, yo o‘ziga xosliklari ustida alohida ishlanmaganidan uncha ko‘zga tashlanmaydi. Aktyorlar rollarini yaxshi ijro etgan, lekin yuksak mahoratini ko‘rsatmagan, yodda qolib ketadigan, diqqatga sazovor obraz yaratmagan.
Kartinada SSSRning umumlashma obrazi ham mavjud. Uni biz SSSR vakillari bo‘lmish NKVD chekistlari timsolida ko‘ramiz. SSSR asarda ko‘zga ko‘rinmas, lekin qo‘rqinchli, g‘alaba qozonishi muqarrar dushman sifatida ko‘rsatilgan. SSSR boshidayoq bosh qahramonni iskanjaga oladi va oxirida, hech narsaga qaramay, jazolaydi.
Muammo shundaki, SSSRga ham, undan oldingi imperiya hukumatiga ham alohida ta’rif berilmagan. Filmda ular borligini his etish, asar mohiyatini tushunish uchun maxsus tayyorgarlik kerak, ya’ni tomoshabin Rossiya imperiyasi hamda uning o‘rniga kelgan SSSR haqida bilimga, tasavvurga ega bo‘lishi lozim. Bu yutuqmi, kamchilikmi – aytish qiyin. Bir tarafdan, bu “Ibrat”ning zamonga va makonga bog‘liqligini oshiradi, uni ko‘rish uchun ma’lum saviya talab etadi. Boshqa tomondan, film mintaqa tarixidan bexabar chet ellik tomoshabinga yoki kelajak avlodlarga tushunarsiz bo‘lib qolishi mumkin.
Atmosfera
“Ibrat”da XIX asr ikkinchi yarmidagi Turkiston, Arabiston, Yevropa, SSSRning ilk yillari haqqoniy jonlantirilgan. Oxirgi yillarda “Ilhaq”, “Avloniy” kabi o‘zbek kinolarida davrni rekonstruktsiya qilish, dekoratsiyalar yaratishga jiddiy qarab kelinayotgan edi. “Ibrat” bu masalada yanada yaxshiroq darajaga ko‘tarilgan: dekoratsiyalar ishonchli, keng masshtabli, sun’iylik ko‘rinmaydi, tomoshabin Turkiston qishloqlarini, Afinani, Iskandariyani ko‘rayotganiga ishonadi.Davr liboslarini, maishiy hayotini tiklashda ekspertlar maslahatlariga murojaat etilgani bilinadi: qahramonlarning kiyimlari zamonga va makonga hamohang, fotokameralar, grammofonlar eski dizaynda, poyezdlardagi muhit ishonarli. “Chernobil” darajasida bo‘lmasa ham, harqalay, mas’uliyatli yondashuv yaqqol ko‘rinib turibdi.
Ibratni o‘rab turgan olamni bir kadrda tasvirlashga xizmat qiluvchi umumiy va uzoq planlar go‘zal tabiat manzaralarini, yirik shaharlar profilini ochib berganki, buni kartinaning katta yutug‘i sifatida baholash mumkin. Bu kadrlar juda yorqin, xotirada qoladigan qilib ishlangan.
Film atmosferasini buzgan jihatlardan biri qahramonlar tilidagi pala-partishlikdir. Bir qarasang, arablar o‘zbekcha gapiryapti; Arabistonda yurgan yevropaliklar ham o‘zbekcha gapiryapti. “Mayli, ijodkorlar barcha qahramonlarni bitta tilda gapirishga qaror qilibdi, bu ko‘p uchraydigan priyom”, deyishga ulgurasan hamki, kadrda paydo bo‘lgan turklar turkcha, yunonlar inglizcha gapirib qoladi. Menimcha, buni tartibga solish kerak edi: yo hamma bir tilda – o‘zbekcha gapirishi kerak, yoki har bir xalq vakilini o‘z tilida gapirtirish kerak. Ikkinchi yondashuv Ibratning poliglotligini ochib berishga xizmat qilgan bo‘lardi.
Bir qiziq fakt. Yuqorida tilga olib o‘tilgan ikki rus qahramon – Nalivkin va Ostroumov ham, boshqalar kabi, o‘zbek tilida gapiradi. Ammo, qolgan ajnabiy obrazlardan farqli ravishda, bu tarixiy xato emas: bu ikki rus sharqshunosi mahalliy tilni o‘z ona tilidek bilgan. Nalivkin o‘zbek-rus lug‘atlarini tuzgani bilan mashhur, Ostroumov esa mahalliy tillar grammatikasiga oid ishlar yozgan, shuningdek, “Turkiston viloyatining gazeti”da muharrirlik qilgan.
Oriyentalizmdan voz kechayotgan o‘zbek kinosi
“Ibrat”ning menga ma’qul tushgan taraflaridan biri uning oriyentalizmdan uzoqligidir.Oriyentalizm, yoki klassik sharqshunoslik kolonial davrning merosi hisoblanadi. Yevropalik kolonizator Sharqqa kelganida birinchi galda o‘ziga notanish, g‘alati, ekzotik, qiziqarli tuyulgan narsalarga e’tibor qilgan: gilamlar, qumg‘onlar, sharqona kiyim-kechak, maishiy buyumlar va hokazo. Sharq yevropalikning ongida mana shu narsalar bilan uyg‘unlashib tushuniladigan bo‘lib qolgan. Shu tariqa oriyentalizm – Sharqning g‘arblik odam tomonidan anglanishi kontseptsiyasi shakllangan. Oriyentalizmni o‘rganuvchi mustamlakachilar fani – oriyentalistika yoki sharqshunoslik shakllangan.
Sharq G‘arb kolonizatorlarining madaniy va ideologik ta’siri ostida modern asriga qadam qo‘ygach, bu yerda ham yevropacha modellar negizida millatlar shakllana boshlangan. Bu millatlar o‘z simvolik kapitali o‘laroq milliy tarixini, milliy hududini, milliy ramzlarini, milliy tilini, milliyligini aks ettiruvchi kiyimlari va moddiy madaniyatini ham yaratishi, shakllantirishi lozim edi. Sharqning aksariyat yangi millatlari g‘arblik oriyentalistlar ta’sirida bo‘lgani bois ular shakllantirgan tayyor shablonlardan foydalangan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bugungi o‘zbek ziyolisining, hatto o‘zbekning o‘zini, o‘tmishini, madaniyatini tushunishi o‘ta oriyentalistikdir. Bir so‘z bilan aytganda, biz o‘tmishimizga va bugunimizga G‘arb, bizning misolimizda Rossiya nuqtayi nazaridan qarashga o‘rganib qolganmiz.
Ko‘p maqtovlarga sazovor bo‘lgan, ba’zi xalqaro tanlovlarda g‘alaba qozongan o‘zbek filmi – “Issiq non” menga xush kelmaganining asosiy sababi u to‘lig‘icha oriyentalistik shablonlarga qurilganidir. Badiiy yutuqlarini e’tirof etgan holda, aytishim kerakki, bunday yondashuv allaqachon aktualligini yo‘qotgan va nari borsa sovet madaniyati ixlosmandlarida nostalgiya uyg‘otishi mumkin.
O‘zbek kinosi oriyentalizmdan uzoqlashmoqda. Oxirgi tarixiy filmlarda o‘tmishga Sharq odami ko‘zi bilan qaralayotgani, shunga yarasha rakurslar va yondashuvlar o‘zgarayotgani, shubhasiz, ijobiy holatdir. Bu o‘ziga xos muhitni va qadriyatlar tizimini shakllantirish imkonini beradi.
Xulosa
“Ibrat”ning yutuq va kamchiliklari mavzusini yana uzoq davom ettirish mumkin. Mayda nuqsonlar ko‘p: qayerdadir qahramonning motivatsiyasi, xatti-harakatlari ishonchsiz chiqqan (aytaylik, Ibrat nuqul taklif etilgan puldan voz kechishi, Mirhodiyevning o‘zgarib qolishi), qayerdadir aktyor iste’dodi yetishmagan, qayerdadir syujet komponentlari yaxshi bog‘lanmagan, maishiy va madaniy atributlarda mayda xatolarga yo‘l qo‘yilgan (masalan, bir qahramon arab xatidagi kitobni teskari tomondan varaqlaydi), ba’zi syujet burilishlari klishelardan chiqib keta olmagan (mullalar maktabni yoqib yuborishi), ba’zi konfliktlar nihoyasiga yetkazilmagan (o‘sha mullalarning bayondan yo‘q bo‘lib qolishi).Aslida bir paytning o‘zida ham ma’nili, ham tomoshabop, keng ommaga yoqadigan kino olishni eplaydigan rejissorlar dunyo miqyosida ham barmoq bilan sanagudek. Xoh Gollivudda bo‘lsin, xoh O‘zbekistonda, filmlarning aksariyati yo ma’nili, lekin zerikarli, yo tomoshabop, lekin ma’nisiz chiqishga mahkum. Shunday ekan, balki o‘zbek kinosidan buni kutishga hali ertadir?
Bu savolning javobini bilmayman. Biroq xulosa o‘rnida bir narsani aytishim mumkin: Ibratday shaxslar haqida filmlar suratga olinayotgani juda yaxshi tendentsiya. Suratga olinganda ham, oldingiday, umri bitta kichik muhitda o‘tadigan nuqsonsiz mutafakkir haqida arzon film ishlanmagan; qimmat, keng ko‘lamli kartina yaratilgan, muhimi, Ibrat shaxsi nuqsonsiz, mukammal qilib tasvirlanmagan, kamchiliklardan xoli bo‘lmagan oddiy inson sifatida jonlantirilgan.
Ibrat tom ma’noda bugungi avlodlarga ibrat bo‘la oladigan tarixiy shaxsdir. U va u kabilarga e’tibor qaratilishi, ular katta ekranga olib chiqilishi o‘zbek tomoshabinini o‘z tarixiga yaqinlashtiradi, u o‘tmishida faqat Jaloliddin Manguberdi, Spitamen kabi yarim afsonaviy, olis shaxslar emas, o‘ziga yaqin, o‘ziga tushunarli qiyofalar yashab o‘tganini bilib oladi.
Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)