Farg‘onada maktab direktori o‘quvchi qizni dars vaqtida kaltaklagani tasvirlangan video tarqaldi. Bolalar ombudsmani mazkur holatni o‘z kuzatuviga oldi.
Ma’lum bo‘lishicha, Buvayda tumani Maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktabda joriy yilning 17-may kuni algebra darsida 7-sinf o‘quvchisi N.M. (qiz bola, 2010-yilda tug‘ilgan) sinfdosh o‘rtog‘i X.X. (o‘g‘il bola) bilan og‘zaki tortishgan.
Biroz vaqt o‘tganidan so‘ng, sinf xonasiga maktab direktori Q.R. (ayol) kirib kelgan, algebra o‘qituvchisi unga o‘quvchilar tortishganini aytgan. Maktab direktori Q.R. qizdan sinfdoshi bilan nima uchun janjallashganini, maktabga nega diniy libosda ro‘mol o‘rab kelganini so‘rab, ro‘molini yechishni aytgan.
N.M. maktab direktoriga go‘yoki gap qaytarib, ro‘molini yechmasligini aytgani uchun direktor qizni urib, jarohat yetkazgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Buvayda tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)