Bugun butun dunyo nigohi shimolga — Ukraina-Rossiya chegarasiga qaratilgan. Ko‘plab davlatlar va ommaviy axborot vositalari ikki mamlakat o‘rtasida yuz berishi mumkin bo‘lgan urush xavfi haqida gapirmoqda. Garchi Putin va rasmiy Moskva buni rad etayotgan bo‘lsa-da, rus qo‘shinlarining Ukraina bilan chegarada to‘planayotgani vaziyatni tobora chigallashtiryapti. 2012-yili boshlangan keskinlik shu yili eng yuqori nuqtaga yetdi. “Daryo” kolumnisti Muhammadqodir Sobirov XIII asrgacha mushtarak tarixga ega ikki qardosh xalq orasidagi qarama-qarshilik tarixi haqida batafsil hikoya qiladi.
Yagona tarix
Sharqiy slavyanlar: rus, ukrain va belorus xalqlari qadimdan hozirgi Sharqiy Yevropa hududida istiqomat qilgan. Sharqiy slavyanlarning ilk davlati — Kiyev Rusi ushbu uch xalqning birgalikdagi davlatchilik ildizi sanaladi. Kiyev Rusi davlati tarkibiga hozirgi Belorus, Ukraina, Rossiya, qisman Polsha va Litva hududlari kirgan.XIII asrda turli knyazliklarga bo‘linib ketgan va o‘zaro ichki urushlar natijasida holdan toygan Kiyev Rusi yerlariga mo‘g‘ullar bostirib kiradi va bu davlatga xotima beradi. Bosqinchilar Kiyev Rusining faqatgina g‘arbiy va shimoliy (Novgorod) yerlariga yurish uyushtirmaydi. Aksincha, istilo qilingan Kiyev Rusi knyazlariga ichki ishlarda mustaqillik beradi. Knyazlarga Oltin O‘rda xazinasiga har yili boj va kerak bo‘lganda harbiy qo‘shin yuborish vazifasi yuklatiladi.
Knyazliklar orasidan Moskva va Tver knyazligi boshqalariga qaraganda kuchayib, mo‘g‘ullar hukmronligi ostidagi rus yerlarini birlashtirish uchun o‘zaro kurash boshlaydi. Bu kurashda Oltin O‘rda xoni yordami bilan Moskva knyazligi g‘olib chiqadi.
Bu davrda mo‘g‘ullar hujumidan kuchsizlanib qolgan g‘arbdagi rus knyazliklari birin-ketin Buyuk Litva knyazligi tomonidan egallab boriladi. Dastlab hozirgi Belorus yerlarini o‘z tarkibiga qo‘shib olgan Buyuk Litva knyazi Gedemin 1324-yili “rus shaharlari onasi” bo‘lmish Kiyevni egallaydi. 1362-yili bo‘lib o‘tgan Moviy suvlar jangida Oltin O‘rda qo‘shini mag‘lub etgan Litva knyazligi zamonaviy Ukrainaning katta qismini qo‘lga kiritadi.
Bo‘linish
Shu tariqa sharqiy, markaziy va shimoliy rus knyazliklari mo‘g‘ullar ta’siriga tushib qolgan bo‘lsa, janubiy va g‘arbiy knyazliklar Buyuk Litva knyazligi nazorati ostiga o‘tadi. Bu esa sharqiy slavyanlarning ajralish davrini boshlab beradi.Oltin O‘rda zaiflashib, parchalanib ketgach, Rus yerlarini birlashtirgan Buyuk Moskva knyazligi bilan uzoq yillar kurash olib borgan Buyuk Litva knyazligi asta-sekin mag‘lubiyatga uchray boshlaydi. Natijada, Moskvaga qarshi turish uchun Buyuk Litva knyazligi 1569-yili Polsha qirolligi bilan yagona federatsiyaga birlashadi. Rech Pospolita nomini olgan ushbu davlatda amalda polyaklar hukmronlik qiladi. Buyuk Litva knyazligidan Polsha qirolligi hisobiga Ukraina yerlari olib qo‘yiladi. Litva knyazligi ixtiyorida faqatgina Litva, Novogrudok va Vitebsk yerlari qoladi. Bu yerlar Belorus deb ataladi. Ko‘plab olimlar Rech Pospolita tarkibidagi ukrain va beloruslarning ajralishini ushbu omil bilan bog‘laydi va Litva knyazligining bu davrdagi chegaralari hozirgi Belorus Respublikasi chegaralari bilan deyarli mos keladi (Litvani hisobga olmaganda).
Janubiy Rus yoxud Kichik rus (Malorus) esa Polsha qirolligi tarkibiga o‘tadi va bu yerdagi slavyanlar polyaklarning kuchli ta’siri ostida rivojlanadi. Ukrainlarning ushbu hududlarda alohida millat sifatida shakllanishi ham aynan XVIII asr oxiri, Rech Pospolitaning qulashi arafasida boshlanadi.
Buyuk Moskva knyazligi esa zamonaviy Rossiya davlati va rus millatiga asos bo‘ladi. Rech Pospolita va Buyuk Moskva knyazligining siyosiy chegaralari madaniy va milliy chegaralarga ham aylana boradi. Shu tariqa, bir paytlar yagona xalq bo‘lgan sharqiy slavyanlar uch millatga bo‘linib ketadi.
Ukrainaning janubiy hududlari esa Qrim xonligi tarkibiga kiradi.
Qarama-qarshilikning boshlanishi
Rech Pospolita qo‘shini 1610-yili Moskvani ham egallab, Ryurikovichlarning bir necha asrlik hukmronligiga chek qo‘yadi. Biroq rus xalq lashkari ularni shahardan haydab yuborishga erishadi. Shundan so‘ng Rossiya taxtiga o‘tirgan Romanovlar sulolasi polyaklar bilan birga Moskvaga bosqin uyushtirgan ruslardan farqlanish uchun o‘zlarini velikorus deb atay boshlaydi va bu tez orada Moskva atrofida birlashgan rus knyazliklari aholisining umumiy nomiga aylanadi.1651—1676-yillari bo‘lib o‘tgan Bogdan Xmelniskiy boshliq kazaklar qo‘zg‘olonidan so‘ng Rech Pospolita federatsiyasi ancha zaiflashib qoladi. Bu paytda sharqdagi yerlar hisobiga kengaygan Rossiya esa ancha kuchayadi. 1654-yili Pereyaslavda getman (harbiy unvon, kazaklar yetakchisi) Bogdan Xmelenskiyning Rus podsholigi bilan birlashuv haqidagi qarori va podshohga sodiqlik qasamyodini qabul qilishi rus askarlarining qo‘zg‘olonchilarga yordam berish uchun Polshaga hujum qilishga sabab bo‘ladi. Rus qo‘shini Dneprning chap qirg‘og‘ini Polshadan tortib oladi.
Bu davrda Ukraina yerlari uchun yana bir da’vogar: Usmonli sultonligi va Rus podshohligi o‘rtasida ham kurash olib boriladi hamda bu kurashda velikoruslar g‘alaba qozonadi.
Pyotr I davrida kuchga to‘lgan Rossiya Boltiq dengizi hukmronligi uchun Shvetsiya bilan kurash boshlaydi. Shimoliy urush deb nomlangan ushbu urushda Rech Pospolita qudratli Rossiya tomonda turib qatnashadi. Bu esa uning hududlari jang maydoniga aylanishiga olib keladi. Shimoliy urushdan so‘ng Rech Pospolitada Rossiya ta’siri kuchayadi. Mamlakat shimolda Shvetsiya, g‘arbda Prussiya, janubda Avstriya va sharqda Rossiya bilan raqobat olib borishga majbur bo‘ladi. Nihoyat, 1795-yili Rech Pospolita ittifoqi yerlari uch davlat: Prussiya, Rossiya va Avstriya o‘rtasida bo‘lib olinadi.
Rech Pospolita tarkibidagi Ukraina yerlari Rossiya imperiyasi nazoratiga o‘tadi. Faqatgina Ukraina g‘arbidagi markazi Lvov shahri bo‘lgan Galitsiya knyazligi qirollikka aylantiriladi va Avstriya-Vengriya imperiyasi tomonidan tasarruf etiladi.
1783-yil Qrim xonligi ham Rossiya imperiyasiga qo‘shib olinadi.
Velikoruslar Malorussiya yerlarini egallagach, bu yerdagi slavyanlarni ruslashtirish siyosatini yuritadi. Xususan, 1863-yili Rossiya imperiyasi ichki ishlar vaziri Pyotr Valuyev nashriyotlarga malorus (ukrain) tilida bosma mahsulot chiqarishni to‘xtatish bo‘yicha yashirin buyruq beradi. Ukrain tili haqida fikr bildirgan Valuyev “…ko‘pchilik maloruslarning o‘zlari juda yaxshi isbotlaydiki, hech qanday malorus tili bo‘lmagan va bo‘lishi ham mumkin emas. Bu rus tilining polyak tili ta’sirida buzilgan bir lahjasi, xolos” deya bu til mavjudligini rad etadi. 1876-yili imperator Aleksandr II ukrain tilida kitob bosishni rasman taqiqlaydi. Ukrain tilida dars o‘tish va kitoblar yozish ham cheklanadi.
Velikoruslar malorus va beloruslarni davlat ishlariga yaqinlashtirmaslikka harakat qiladi. Ularni Polsha va Litva ta’siriga tushgan ruslar deb atagan velikoruslar, o‘zlarini Kiyev Rusining haqiqiy davomchilari deb hisoblaydi.
O‘z navbatida maloruslar ham velikoruslarning kamsituvchi siyosatidan norozi bo‘ladi va Kiyev Rusining haqiqiy avlodi ular ekanini da’vo qiladi. Bunda ukrain tilining qadimgi Kiyev Rusi tiliga o‘xshashligi isbot sifatida keltiriladi. Ukrain ziyolilari malorus madaniyati va tilini rivojlantirishga intilib, amaldagi hukumatga qarshi muxolifatga aylanadi. Velikorus va maloruslar ziddiyati kelajakdagi rus va ukrain qarama-qarshiligining boshlanishi edi.
Velikoruslarning Rossiya imperiyasini ruslashtirish siyosatiga qarshi chiqqan ko‘plab ukrain ziyolilari Avstriya tarkibidagi Galitsiya va Lyudmeriya qirolligiga qochib o‘tadi. Aynan shu sabab ham hozirgi G‘arbiy Ukrainaga kiruvchi bu hududlarda ukrain millatchiligi rivojlanadi va bugungi kunda ham bu yerlar ukrain madaniyatining markazi hisoblanadi. Masalan, Lvovdan farqli o‘laroq, sharqdagi Xarkov shahrida rus tili ukrain tilidan ustun mavqega ega.
Ukrain millatchiligi Avstriya hukmronligi ostida rivojlanadi va Rossiya tarkibidagi ukrain hududlariga ham tarqalishga harakat qiladi. Biroq bu yerdagi ukrainlar qattiq nazorat va ruslashtirish siyosati ta’siri ostida qoladi.
Birinchi jahon urushi davrida Galitsiyaning sharqiy qismi Rossiya qo‘shini tomonidan egallanadi. Ammo tez orada nemis qo‘shini ruslarni bu yerdan siqib chiqaradi.
Ittifoq va Ukraina davlatining tashkil topishi
1917-yil fevral inqilobidan keyin Ukrainada milliy tilida kitoblar bosish, bolalarga ukrain tilida dars berish va nashrlar yuritishga imkon beriladi. Ukraina oliy organi — Markaziy Rada tashkil topadi va Peterburgdagi Muvaqqat hukumat bilan avtonomiya bo‘yicha kelishuvlar boshlaydi. Ammo bu kelishuvlar oktabr inqilobidan so‘ng to‘xtab qoladi.1917-yil 7-noyabrida Kiyevda Markaziy Rada Ukraina Xalq respublikasi tashkil topganini e’lon qiladi. 12-dekabrda esa bolsheviklar qurultoyi Xarkov shahrida Ukraina Xalq Sovet respublikasini tashkil etadi va Markaziy Radaning barcha qarorlarini bekor qiladi. Markaziy Rada va bolsheviklar o‘rtasida urush boshlanadi.
Kelasi yili 9-yanvarda Markaziy Rada Ukraina mustaqilligini e’lon qiladi. Ammo fevral oyiga kelib, qizil armiya bo‘linmalari butun Ukraina hududini egallab oladi. Markaziy Rada davlat mustaqilligini saqlab qolish uchun Germaniyadan yordam so‘raydi. Brest-Litovsk shartnomasini buzgan nemislar mamlakatga bostirib kiradi. Aprel oyida Ukraina Markaziy Rada kuchlari va nemislar tomonidan to‘la qaytarib olinadi. Biroq Markaziy Radaning mustaqillik harakati nemislar tarafidan qo‘llab-quvvatlanmaydi va Markaziy Rada tarqatib yuboriladi. Ukrain kazaklarining avlodi getman Pavel Skorpadskiy boshchiligida Getmanshina tuziladi.
Germaniyaning mag‘lubiyatidan so‘ng Ukrainada yana fuqarolar urushi boshlandi va 1920-yil iyun oyida mamlakatda uzil-kesil, to‘liq sovet hokimiyati o‘rnatiladi. SSSR-Polsha urushidan so‘ng G‘arbiy Ukraina Polshaga, Karpatorti Chexoslovakiyaga, Bukovina esa Ruminiyaga o‘tib ketadi.
Dastlab sovet hukumati ukrain milliy harakatiga to‘sqinlik qilmaydi. Ukrain tili rivojlantiriladi, ammo keyinroq KPSS millatchilik harakatlarini yo‘qotish siyosati doirasida Ukraina kommunistik partiyasida ham “tozalash” o‘tkazadi. 1920—1930-yillarda olib borilgan qatag‘on siyosati natijasida ukrain yozuvchi va ziyolilari mahv etiladi. Ukraina SSSRning “ruslashtirish” siyosati eng qattiq olib borilgan hududi bo‘lib qoladi.
1939-yil SSSRning Polshaga yurishi davrida g‘arbiy Ukraina Polshadan tortib olinadi va Ukraina SSR tarkibiga qo‘shiladi. Sovet kuchlari, shuningdek, Bukovina va Bessarabiyaning bir qismini ham egallashga muvaffaq bo‘ladi.
1945-yil Ikkinchi jahon urushi natijalariga ko‘ra, Karpatorti SSSRga beriladi va Ukraina SSR tarkibiga kiritiladi. 1954-yili Pereyaslav birlashuvining uch yuz yilligi munosabati bilan KPSS birinchi kotibi (sobiq Ukraina Kompartiyasining birinchi kotibi) Nikita Xrushchyov Qrimni Ukraina SSR tarkibiga o‘tkazishni ko‘zda tutuvchi qarorni imzolaydi.
Mustaqillik
1991-yil 24-avgustda Ukraina Oliy Soveti mamlakat mustaqilligini e’lon qiladi. Rossiya va Ukraina o‘rtasida do‘stona munosabatlar o‘rnatiladi. Ukrain madaniyati va tili rivojiga alohida e’tibor qaratiladi.Ittifoq parchalanib ketgach, Ukraina va Rossiya o‘rtasida “SSSR davridagi mavjud chegaralarni tan olish” bo‘yicha shartnoma imzolanadi. Biroq Qrim yarimoroli, ayniqsa, Sevastopolga egalik qilish masalasida davlatlar o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga keldi. Qrimning boshqa shaharlaridan farqli o‘laroq, Sevastopol SSSR davrida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Moskvaga bo‘ysunar edi. Rossiya hukumati Sevastopol bilan birga sobiq SSSRning Qora dengiz floti kimning merosi ekanligi borasida ham ukrainalik hamkasblari bilan kelisholmadi.
Kelishmovchiliklarga qaramay, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Boris Yelsin va Ukraina prezidenti Leonid Kuchma 1997-yili Kiyevda mavjud chegaralar daxlsizligi, hududiy yaxlitlikni hurmat qilish va o‘z hududidan bir-birining xavfsizligiga zarar yetkazmagan holda foydalanish to‘g‘risida strategik sheriklikni mustahkamlovchi shartnoma imzolaydi.
Qora dengiz floti bo‘yicha ziddiyatlar ham shu yili qisman yechiladi. Unga ko‘ra, Ukraina Qora dengiz floti joylashgan hududni Rossiyaga ijaraga berishga, Rossiya esa 2017-yilga qadar flotni Ukraina hududidan olib chiqishga rozi bo‘ladi.
Qrim yarimoroli masalasi
1991-yil Qrim ASSRda o‘tkazilgan referendum natijalari avtonom respublikaning Ukraina tarkibida qolishini ma’qullaydi. Keyingi yili davlat nomi Qrim Respublikasi deb o‘zgartiriladi va mamlakat konstitutsiyasi qabul qilinadi. Tez orada Qrimda Rossiya foydasiga ayirmachilik qilish harakatlari boshlanadi va bu harakatlar Moskvadagi doiralar tomonidan dastaklanadi.Xususan, 1992-yil 21-mayda Rossiya Oliy Soveti Qrimning Ukrainaga o‘tkazilishi to‘g‘risidagi qarorning yuridik kuchini yo‘qotgan deb hisoblaydi va uning yurisdiksiyasi Rossiya tomonda ekani aytiladi. Oliy Sovet Qrim kelajagi masalasi Qrim xalqi ishtirokida hal etilishi kerakligini bildiradi. Bunga javoban Ukraina Oliy Radasi Qrim mustaqil yuridik davlat emasligini va davlatlararo munosabatlarda alohida mamlakat sifatida qatnasha olmasligini aytadi.
1993-yili Rossiya Oliy Soveti Sevastopolni Rossiya ma’muriy-hududiy birligi deb e’lon qiladi. Prezident Boris Yelsin bu qaror haqida “Parlament qarori men uchun uyatli bo‘ldi... Ukraina bilan urush boshlamang” deya fikr bildiradi. Ukraina tomoni Oliy Sovetning Sevastopol bo‘yicha qarori yuzasidan BMT Xavfsizlik kengashiga shikoyat qiladi. BMT Xavfsizlik kengashi, jumladan, Rossiya vakili bayonot berib, Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralar doirasida mustaqilligi, birligi va hududiy yaxlitligi hurmat qilinishini e’tirof etadi.
Shunday bo‘lsa-da, Rossiya siyosiy doiralari Qrimdagi rusparast tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatmaydi.
To‘q sariq inqilob
2000-yillardan Rossiya va Ukraina aloqalari bir qadar rivojlana boshladi. Shu yili Ukraina MDHga raislik qildi va Rossiya, Qozog‘iston, Belorussiya bilan birgalikda Yagona iqtisodiy makon loyihasiga qo‘shilishga qaror qiladi. Biroq bu mamlakatda katta muhokamalarga sabab bo‘ladi. Ko‘pchilik ukrain siyosatchilari ushbu loyihani SSSRning qayta tirilishi deb ataydi va unga qo‘shilishga qarshi chiqadi.Qo‘shimchasiga, bosh vazir Viktor Yanukovichning o‘z chiqishlarida Rossiya bilan yagona ittifoq tuzish va rus tiliga ikkinchi davlat tili maqomini berish haqidagi gaplari norozilik olovini yanada kuchaytiradi.
2004-yili Ukrainada prezident saylovlari o‘tkaziladi. Birinchi turda ikki nomzod: Rossiyaga yaqinlashish tarafdori bo‘lgan Yanukovich va Yevropa ittifoqi bilan integratsiyani kuchaytirish tarafdori Viktor Yushchenko eng ko‘p ovoz olib, ikkinchi turga o‘tadi. Ikkinchi turda Yanukovich kichik farq bilan g‘alaba qozonadi. Putin darhol Yanukovichni g‘alaba bilan tabriklaydi. Ammo kutilmaganda saylov jarayonida ovozlarni soxtalashtirish yuz bergani haqida xabarlar tarqaladi va noroziliklar to‘lqini boshlanadi.
“To‘q sariq inqilob” (Yushchenkoning saylovoldi tashviqotidagi rangi sabab uning tarafdorlari shu rangli bayroqlarni ko‘tarib chiqqan) nomini olgan ushbu namoyishlar sabab Ukraina Oliy sudi tekshiruv boshlaydi va ovozlarni hisoblashda qonun buzilish holatlarini aniqlaydi. Shundan so‘ng ikkinchi tur natijalarini bekor qilinadi hamda uchinchi tur o‘tkaziladi. Bu safar Yushchenko g‘alaba qozonadi va Ukraina prezidentiga aylanadi. Yushchenko Yanukovichdan farqli o‘laroq, mamlakatning Yevropa tomon burilishini e’lon qiladi. Kreml va Putin bu voqealarni biroz hayrat bilan hamda asabiy holatda qabul qiladi.
Aynan 2004-yildan so‘ng Ukraina va Rossiya o‘rtasida keskin qarama-qarshiliklar boshlanadi. Ukraina MDHga qonuniy a’zo emasligini bildirib, unda chiqish e’lon qiladi. Shuningdek, prezident Yushchenko Qora dengiz flotining Ukraina hududida bo‘lish muddatini uzaytirishga qarshi chiqadi.
Tez orada Rossiya va Ukraina o‘rtasida gaz bo‘yicha kelishmovchiliklar boshlanadi. Rossiya hukumatining Yevropaga gaz yetkazib beruvchi quvurlarni Ukraina hududidan shimolga ko‘chirish harakati Ukraina tomonidan keskin kutib olinadi. Ukraina ham Yevropaga gaz yetkazib berishning muqobilini izlay boshlaydi. Bunda ukrainlar Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya tranziti loyihasiga e’tibor qaratadi.
Rossiya Ukrainadan gaz bo‘yicha qarzlarini to‘lashni talab qiladi, biroq Ukraina hukumati qarzni to‘lashni paysalga soladi. Bunga javoban Rossiya Ukrainaga yetkazib beruvchi gazni to‘xtatib qo‘yadi. Ukraina hukumati esa oddiy yo‘l tutadi: Ukraina hududidan Yevropaga o‘tuvchi tranzit gaz quvurlarini ochib, gaz ola boshlaydi.
2008-yili Janubiy Osetiya mojarosida Ukraina Gruziyani qo‘llab-quvvatlaydi va Rossiyadan Qora dengiz flotini tezroq uning hududidan olib chiqishni talab qiladi. Shu yili Ukraina mudofaa vazirligi 1997-yilgi shartnomani bekor qilishga qaror qiladi va prezident Yushchenko buni tasdiqlaydi. Shu bilan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi so‘nggi muhim hujjat amal qilishdan to‘xtaydi.
Maydon inqilobi va Qrimning anneksiya qilinishi
2010-yili Ukrainadagi prezident saylovlarida Yanukovich g‘alaba qozonadi. Bu esa mamlakatning Rossiya bilan munosabatlari iliqlashishiga olib keladi. Shu yilning o‘zidayoq prezidentlar Yanukovich va Dmitriy Medvedov o‘n marta uchrashadi. Qora dengiz floti bo‘yicha Xarkov shartnomasi imzolanib, unga ko‘ra, ijara muddatini yana yigirma besh yilga uzaytirish to‘g‘risida kelishuvga erishiladi.Xarkov shartnomasi Oliy Radada ham, Kiyevda ham noroziliklarga sabab bo‘ladi. Qolaversa, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish fikridan qaytishi va Qora dengiz floti ijarasini uzaytirishiga qaramay, Rossiya tomoni Ukrainaga yetkazib beradigan gaz narxini arzonlashtirmadi.
Yanukovich bir tomondan Rossiya, boshqa tomondan esa Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni davom ettirishga intilaveradi.
Ammo Rossiya hukumati Ukrainaga ko‘proq bosim o‘tkazib, Yevropa Ittifoqiga kirishiga amalda qarshi chiqadi. Oqibatda, Yanukovich yon berishga majbur bo‘ladi.
2013-yil noyabrida Ukraina va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida ittifoqqa kirish shartnomasi imzolanishining to‘xtatilishiga javoban Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlarida norozilik namoyishlari boshlanib ketadi.
30-noyabr kuni Kiyevdagi Yevromaydonda joylashgan namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilgach, noroziliklar amaldagi hukumat va prezidentga qarshi kurashga aylanib ketadi. Namoyishchilar qurollanib, ma’muriyat binolariga hujum qiladi. Kiyev ko‘chalari shiddatli to‘qnashuvlar markaziga aylanadi.
Guberniya(viloyat)larda ham norozilik qatnashchilari tomonidan davlat idoralarini egallash boshlanadi. Bu g‘arbiy hududlarda muvaffaqiyatli kechgan bo‘lsa, markaziy va janubiy hududlarda ko‘plab namoyishchilarning hibsga olinishi bilan yakunlanadi. Yanvar oyi oxiriga kelib hukumat qattiq tartib o‘rnatadi va minglab ukrain qamoqqa olinadi. Biroq bu norozilik namoyishlarini to‘xtatmaydi.
G‘arbning bosimi ostida 2014-yil 21-fevral kuni prezident Yanukovich muxolifat bilan kelishuv imzolashga rozi bo‘ladi, ammo u o‘sha kuni Kiyevni tark etadi. Ertasiga Ukrainada davlat to‘ntarishi amalga oshgani, Oliy Radaning noqonuniy qarorlariga imzo chekmasligini e’lon qiladi. Bir necha soatdan so‘ng Oliy Rada uni prezident vakolatlaridan mahrum qiladi va yangi prezident saylovlarini belgilaydi. “Batkivshina” partiyasidan Aleksandr Turchinov vaqtincha prezident lavozimiga tayinlanadi.
Yanukovich esa Moskvadan panoh topadi.
Vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotgan Rossiya hukumati Ukrainaning G‘arb tomon “o‘tib ketishi”ga jim qarab turolmadi. 27-fevral kuni rus maxsus kuchlari Qrim parlamenti binosini egallab oladi. Anatoliy Mogilyev iste’foga chiqarilib, uning o‘rniga rossiyaparast Sergey Aksyonov Qrim rahbari etib tayinlanadi. Aksyonov Kiyevdagi yangi hukumatni tan olishdan bosh tortadi hamda Rossiya hukumatidan Qrim Avtonom Respublikasi hududida tinchlik, osoyishtalikni ta’minlashda yordam berishni so‘raydi.
1-mart kuni prezident Putin rus harbiy qo‘shinlarini Qrimga kiritish to‘g‘risidagi qarorni ma’qullaydi. Yarimoroldagi ukrain harbiy qismlari blokadaga olinadi. Bir hafta ichida Qrim to‘la Rossiya nazorati ostiga o‘tadi. 16-mart kuni Ukraina konstitutsiyasiga zid ravishda Rossiya shafeligidagi Qrimning mustaqilligi to‘g‘risida referendum o‘tkaziladi. Ertasi kuni esa Qrim Respublikasi mustaqilligi e’lon qilinadi. Ammo Rossiyadan tashqari dunyodagi hech bir davlat bu davlat mustaqilligini tan olgani yo‘q. 18-mart kuni Qrim Respublikasining Rossiya Federatsiyasiga qo‘shilishi haqida shartnoma imzolanadi. BMT va jahon hamjamiyati ushbu voqealarni anneksiya (bosib olish) sifatida baholadi va Qrimni vaqtincha ishg‘ol etilgan Ukraina yerlari deb atadi. Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar kiritiladi.
Putin shu tariqa Ukrainaning Rossiyadan yuz burishiga javoban o‘ziga xos “o‘ch oldi”. Chunki Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo bo‘lish uchun mamlakatlar hududiy nizolarga ega bo‘lmasligi kerak edi. Ushbu anneksiyadan so‘ng Ukrainaning Yevropa Ittifoqi va NATOga qo‘shilishi qiyin masalaga aylandi.
Donetsk va Lugansk “xalq respublikalar”i
Mamlakatda boshlangan tartibsizliklar fonida Rossiya va rus tili ta’siri kuchli bo‘lgan mamlakatning janubi-sharqiy hududlarida qurolli harakat vujudga keladi. Ular yangi hukumatni tan olishdan bosh tortadi va 7-aprel kuni Donetsk Xalq Respublikasi (DXR), 27-aprel kuni esa Lugansk Xalq Respublikasi (LXR) Ukrainadan alohidaligi — mustaqilligini e’lon qiladi. 11-may kuni esa har ikki yangi “xalq respublikasi”da referendum o‘tkaziladi va aholi mustaqillik uchun ovoz beradi. Har ikki ayirmachi davlat Rossiyaga qo‘shilish istagini bildiradi va birlashgan Novorossiya Respublikasini tuzish bo‘yicha qaror qabul qiladi.2014—2015-yillari bo‘lib o‘tgan janglar natijasida ushbu “xalq respublika”lari hududi to‘rt baravar qisqardi, biroq qattiq qarshilik sabab butunlay tugatilmadi. Ukraina va G‘arb Rossiyani isyonchilarga qurol-yarog‘ va harbiy askarlar yetkazib berishda aybladi. Ammo rasmiy Moskva buni inkor etaverdi.
2015-yil 11—12-fevral kunlari “normand to‘rtligi”: Fransiya, Germaniya, Ukraina va Rossiya prezidentlari, shuningdek, DXR va LXR vakillari Minskda Ukraina sharqidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha bitim imzoladi. Minsk kelishuvlaridan so‘ng o‘t ochishni qisman to‘xtatadi.
Biroq keyingi yillarda na Ukraina tomoni, na Rossiya tomoni bitim shartlariga amal qildi. Rossiya Ukrainaning Minsk kelishuvlaridagi Donetsk va Lugansk viloyatlariga alohida maqom berish, uni konstitutsiyada mustahkamlash, umumiy amnistiya e’lon qilish hamda mahalliy saylovlar o‘tkazish kabi shartlarni bajarmagani, ushbu bandlar bajarilgan taqdirdagina Ukraina Rossiya-Ukraina chegarasi ustidan nazoratni tiklashi mumkinligini ta’kidlab keladi. Ukraina tomoni esa mahalliy saylovlarni o‘tkazish va bu hududlarni Ukrainaga qaytarishning asosiy sharti sifatida xavfsizlik masalalari(Ukraina-Rossiya chegaralari ustidan ukrain armiyasi nazoratini tiklash, ukrain OAV va siyosiy partiyalarning DXR va LXR hududiga erkin kirishini ta’minlash)ni hal etishni ustuvor masala deb biladi. 2018-yili Ukraina tomoni Minsk kelishuvlarini inkor qiluvchi qonun qabul qilgach, bu kelishuv shartlari amalda to‘xtadi.
Keyingi yillarda keskinlik davom etaverdi. Maydon inqilobidan so‘ng hokimiyatga kelgan Pyotr Poroshenko ukrain armiyasini qayta tuzadi, DXR va LXR chegaralaridagi front chizig‘ini kuchaytiradi. Mamlakatda Rossiyaga qarshi mafkura keng targ‘ib qilinadi.
Shu yilning 25-noyabr kuni Kerch bo‘g‘ozida qurolli to‘qnashuv yuz berdi. Qrimni o‘z hududi deb hisoblovchi Ukraina Kerch bo‘g‘ozi orqali Mariupol portiga o‘z kemalarini yubordi. Biroq Qrimni anneksiya qilgan rus qo‘shinlari ukrain kemasi o‘z suvlariga ogohlantirishsiz kirganini da’vo qildi va kemani shturm bilan egallab oldi. Ertasi kuni butun Ukraina bo‘ylab favqulodda rejim e’lon qilindi. BMT Xavfsizlik kengashi Rossiya harakatlarini qoraladi hamda qo‘lga olingan kema va asirlarni Ukrainaga qaytarishni talab qildi. Lekin Rossiya tomoni bu talabni to‘liq bajarmadi.
2019-yilgi saylovlardan so‘ng hokimiyatga kelgan Vladimir Zelenskiy jamoasi Minsk kelishuvlariga qaytishga harakat qildi, biroq uning ba’zi shartlarini o‘zgartirishni ma’qullagan holda. Ammo Rossiya tomoni bunga qarshi chiqdi. Putin Ukrainaning yangi hukumati Minsk kelishuvi shartlarini bajarishga o‘zida iroda topolsa, ularni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Shu yili prezidentlar o‘zaro telefon muloqoti o‘tkazdi va mahbuslarni almashish to‘g‘risida kelishuvga erishdi. 9-dekabr kuni Zelenskiy va Putin Parijda “Normand to‘rtligi” doirasida ikki tomonlama uchrashuv ham o‘tkazdi. Kelishuvlar ijobiy natija bermadi. Davlatlar o‘rtasidagi keskinlik saqlanib qolaverdi.
“Rossiya hujumi”
2021-yil noyabr oyida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya kuchlarining Ukraina chegarasida to‘planayotganini ma’lum qildi. Rus tomoni esa buni harbiy o‘quv mashg‘ulotlari bilan bog‘ladi.Harbiy bosqin haqidagi ilk bor Ukraina Mudofaa vazirligining razvedka bosh boshqarmasi rahbari Krill Budanov 21-noyabr kuni gapirdi. Budanov to‘qson mingdan ortiq rus askari va “Iskandar” qisqa masofali ballistik raketa tizimlari Ukraina chegaralari yaqinida to‘planganini dalil sifatida keltirdi. Shuningdek, u Kiyevdagi COVID-19 vaksinatsiyasiga qarshi namoyishlar va Ukrainadagi boshqa mitinglar ortida Rossiya turganini, bular keng ko‘lamli harbiy bosqinga tayyorgarlik ekanini bildirdi.
O‘z navbatida, Rossiya tomoni Ukrainani Donbassda keskinlikni kuchaytirish va hujum operatsiyalari o‘tkazishda aybladi.
Urush haqidagi tasavvurlar Rossiyaning Belorus hududida birgalikda o‘tkaziluvchi harbiy mashg‘ulotlar uchun qo‘shinlarini ushbu davlat hududiga ko‘chirishi bilan kuchayib bordi. Dekabr oyidayoq G‘arb matbuotida Rossiyaning yanvar oyi oxirida Ukrainaga bostirib kirishi haqida taxminlar paydo bo‘ldi. AQSh va NATO sharqiy Yevropaga o‘z kontingentlarini joylashtirishni boshlab yubordi. Yanvar oyida esa G‘arb o‘z diplomatlarini Kiyevdan evakuatsiya qilishni boshladi. Moskva hujum haqidagi taxminlarni G‘arb jazavasi deb atadi. Putin Ukraina bilan urushni xohlamasligini ma’lum qildi.
12-fevral kuni AQSh prezidenti Jo Bayden razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga taxminiy bosqini 16-fevral kuni bo‘lishini aytdi. Tabiiyki, Moskva buni rad etdi. Prezident Zelenskiy esa ushbu voqealar fonida 16-fevralni Milliy birlik kuni deb e’lon qildi. Biroq hujum sodir bo‘lmadi, lekin Ukrainadagi qator saytlarga xakerlik hujumi uyushtirildi.
Shu kuni rus qo‘shinlarining Qrimdagi o‘quv mashg‘ulotlaridan qaytayotgani ma’lum qilindi.
Shunday qilib, XIII asrgacha yagona xalq bo‘lgan rus va ukrainlar bugungi kunda dunyodagi bir-biriga dushman ko‘zi bilan qarovchi eng adovatli millatlardan bo‘lib qolmoqda.
Izoh (0)