Yadroviy urush tahdidi u ilk bor qo‘llangan kundan buyon millionlab insonlarni hadik va qo‘rquvda ushlab turadi. Paradoks shundaki, mazkur qurol omonat tinchlikning garovi hamdir. Agar bir-birini yo‘q qilish va o‘zlari bilan birga sayyoradagi hayotni ham izdan chiqarish xavfi bo‘lmaganida edi, AQSH va Sobiq ittifoq 1960-yillardayoq uchinchi jahon urushini boshlab berardi.
Biroq, asosan, tiyib turish vositasi sifatida ko‘rilgan qurol tahdidli ritorikaning bir qismiga aylanib qoldi. Moskva o‘zining yadroviy salohiyatini tez-tez eslatib turmoqda. Xitoy arsenalini shiddat bilan boyityapti. Qit’alararo ballistik raketalar sinovlaridan Shimoliy Koreyaning qo‘shnilari bezor. Eron esa yadroviy davlatlar klubiga qo‘shilish niyatidan qaytgani yo‘q. Shunday qilib, geosiyosiy taranglik sayyorani yangi global mojaro qarshisiga olib kelib qo‘ydi. Bu esa yadroviy urush borasidagi xavotirlarni yana kun tartibiga qaytardi.
Xo‘sh, barcha qo‘rqqan yadroviy apokalipsis yuz bersa, nima bo‘ladi? U qancha insonning hayotiga yakun yasaydi? Yadro qiyomati neytral mintaqalar, masalan, O‘rta Osiyoga qanday ta’sir qiladi?
“Katta og‘alar”
Vashington hamda Moskva butun sayyorada mavjud yadroviy qurollarning 90 foiziga egalik qilmoqda. Hozir ular ixtiyorida qariyb o‘n ming yadroviy kallak mavjud. Biroq gap kimda qancha qurol borligida emas. Ularni nishonga yetkazib bera oladigan platformasiz barcha tahdidlar quruq safsataga aylanib qolardi.
Yadroviy uchlik
Ommaviy qirg‘in qurollari, asosan, uch xil tashuvchilar orqali yetkazib beriladi. Ular
- qit’alararo ballistik raketalar;
- suvosti kemalaridan uchiriladigan ballistik raketalar;
- strategik bombardimonchi samolyotlar orqali tashiladigan yadroviy bombalarga bo‘linadi.
Qo‘shma Shtatlarning turli hududlari bo‘ylab joylashgan shaxtalarda 400 ta Minuteman III qit’alararo ballistik raketalari parvozga tayyor turibdi. Bu turdagi raketalar 13 ming kilometr masofani bosib o‘tishi mumkin. Maksimal tezligi 11 ming km/soatga yetadi. Shu bois ularni tutib olish imkonsiz.
Raketa har biri 300-450 kiloton quvvatga ega yadroviy kallaklardan uchtagacha tashiydi. Bu Minuteman III Xirosimaga tashlangan bombadan 60-90 barobar qudratliroq degani. Shu bilan birga, yana 80 ta shaxta mavjud. Biroq ular shunchaki qalbaki nishon sifatida xizmat qiladi.
Rossiyada esa qit’alararo ballistik raketalarni nafaqat shaxta, balki mobil platformalar orqali ham uchirish mumkin. RS-24 “Yars”, RS-12M “Topol”, RS-12M2 “Topol-M” va R-36M2 “Voyevoda” kabilar 10 ming kilometrdan 16 ming kilometrgacha parvoz qila oladi. Biroq ularning aksariyati Sovet ittifoqi davrida ishlab chiqarilgan bo‘lib, yangidan boshlangan qurollanish poygasi talablariga javob bermasligi mumkin.
“Sarmat” haqida
RS-28 “Sarmat” eng uzoqqa uchuvchi raketa hisoblanadi. U 18 ming km masofaga parvoz qilishi mumkin. Bu Rossiyaga dunyoning istalgan hududini nishonga olish imkonini beradi. “Sarmat” 15 tagacha yadroviy kallak tashiydi. E’tiborlisi, ularning har birini turli nishonlarga qarshi qo‘llash mumkin. Rasmiy press-relizga ko‘ra, raketaning maksimal tezligi 24 500 km/soatdan ortadi. Qolaversa, parvoz vaqti manyovr qilish salohiyatiga ham ega.
Mazkur faktorlarning bari uni mudofaa tizimlari uchun daxlsiz qiladi. Raketa 2023-yili xizmatga rasman qabul qilindi. Shunga qaramay, uning da’vo qilingan xususiyatlariga shubha bilan qarash uchun ba’zi asoslar bor. Masalan, 2024-yilning sentyabr oyida o‘tkazilgan sinovlardan biri muvaffaqiyatsiz yakunlandi. “Sarmat” raketasi shaxtadayoq portlab ketdi. Yaqin atrofdagi insonlar baxtiga, u yadroviy kallaklar bilan jihozlanmagandi.
Sukunat ichidagi dahshat
Yadroviy uchlikning ikkinchi va eng xavflisi suvosti kemalari hisoblanadi. Shaxtalardan farqli, ular statsionar nishon emas. Dunyo okeanlarining istalgan nuqtasida paydo bo‘lib, kutilmaganda zarba berishi mumkin. Qo‘shma Shtatlarda bu uchun Ohayo sinfidagi 14 ta suvosti kemasidan iborat strategik flot mavjud. Ularning har biri 20 tagacha Trident II ballistik raketalarini tashiydi. Rossiyada esa Borey, Delta III va Delta IV sinfidagi yadroviy suvosti kemalari bor. Bu R-30 “Bulava”, R-29RMU2 “Layner” kabi raketalarni uchirish imkonini beradi.
Shaxtalar hamda suvosti kemalarida joylashgan raketalar istalgan vaqtda qo‘llash uchun tayyor holda saqlanadi. Biroq yadroviy uchlikning oxirgisi hisoblangan bombardimonchi samolyotlarni zarbaga tayyorlashga vaqt kerak. Avvaliga jangovar kallaklarni omborlardan olib, raketa hamda bombalarga yuklash zarur. Shundan so‘ng ularni samolyotlarga ortish uchun 4 soatgacha vaqt ketadi. Agar qurollar jangovar navbatchilik holatida saqlansa, muddat 30 daqiqaga qadar qisqarishi mumkin. Qolaversa, AQSH va Rossiya o‘rtasidagi minglab kilometr masofani parvoz qilib o‘tish uchun yana bir necha soat talab etiladi. Shu bois har ikki tomon yadroviy uchlikning bu turiga eng kam ahamiyat qaratadi.
Yuqoridagi omillarga qaramay, ular strategik bombardimonchilar parkini jangovar holatda ushlashga imkon qadar harakat qilib kelishmoqda. Qo‘shma Shtatlarda B-52 Stratafortess, B-1 Lancer va B-2 Spirit, Rossiyada esa Tu-95M va T-160 kabi samolyotlar yadroviy qurollarni tashishga mo‘ljallangan. Ular nishonning qoq ustiga tashlanuvchi bombalar va minglab kilometr masofagacha parvoz qila oladigan qanotli raketalarni olib uchadi.
Yadroviy zarba: bu qanday amalga oshadi?
Qariyb uch yildan beri davom etayotgan janglarga qaramay, Ukraina urushida yakun ko‘rinmayapti. Aksincha, eskalatsiya darajasi ortib bormoqda. Konvensional qurollar ish bermay, imkoniyatlari chegarasiga yetib borgach, sabr kosasi to‘lgan Rossiya o‘z ixtiyoridagi eng kuchli vositadan foydalanishi mumkin, degan xavotir bor. Garchi Ukrainaga qarshi taktik darajadagi atom quroli qo‘llanganda ham, bu domino effektini ishga tushirishi, jarayon to‘laqonli yadroviy urushga aylanib ketishi mumkin.
Shunday bo‘lgan taqdirda, dastlab qit’alararo ballistik raketalar ishga tushiriladi. Chunki ular doim shay holatda va javob zarbasiga ham birinchi bo‘lib duch keladi. So‘ng okeanlar tubidan zarbaning ikkinchi to‘lqini yuboriladi. Qo‘shma Shtatlarning Trident II ballistik raketalari suvosti kemalaridan uchirilib, yirik shaharlar, birinchi navbatda, Moskvani nishonga oladi. Ularning har biri 8 ta jangovar kallak tashiydi. Bu umumiy quvvati 3,8 megatonna trotilga teng dahshatli portlashni yuzaga keltiradi.
Maksimal talafot yetkazish uchun jangovar kallaklar yerga bir necha yuz metr qolganda portlaydi. Natijada quyoshdan ham issiqroq gigant shar hosil bo‘lib, 10 kvadrat kilometr maydonni qamrab oladi. Portlash markazidan 11 km radiusdagi barcha binolar yakson bo‘lib, shahar vayronaga aylanadi. Shu bilan birga, 22 km radiusdagi insonlar 3-darajali kuyish jarohatini oladi. Birgina raketa sabab 2 million 700 mingdan ortiq insonning yostig‘i quriydi. Yana besh millionga yaqin aholi jarohat oladi. Biroq ularning katta qismi nurlanish, ocharchilik va boshqa omillar sabab uzoq yashamaydi.
Ta’kidlash joiz, bu faqat birgina zarbadan ko‘riladigan talafot. Qo‘shma Shtatlar mazkur turdagi raketalardan jami 280 tasini okeanlar tubiga yashirib qo‘ygan. Ular Ohayo sinfidagi 14 ta suvosti kemasida saqlanmoqda. Shaxtalardan uchiriluvchi yana 400 ta qit’alararo ballistik raketa bilan kombinatsiyalashgan holda ular butun boshli materikni tosh asriga qaytarib, sayyora ekotizimini izdan chiqarishi mumkin.
Taktik yadroviy bombalar
Bundan tashqari, AQSH Yevropaga joylashtirilgan F-15, F-16 va F-35 qiruvchilari orqali B61 atom bombalarini qo‘llay oladi. Strategik bombardimonchilar esa B83 bombalari bilan havoga ko‘tariladi. Bu turdagi qurollar Moskvaga tashlangan taqdirda, 1 mln 400 mingga yaqin inson qurbon bo‘ladi.
Agar ulardan biri Sankt Peterburg shahriga kelib tushsa, yana bir million aholining yostig‘i quriydi. Bir yarim milliondan ortiq rossiyalik jarohatlanadi.
O‘lik qo‘l
Qo‘shma Shtatlar uchun ustuvor nishon qaror qabul qilish markazlari va raketa arsenali joylashgan harbiy obyektlar bo‘ladi. Lekin boshqaruv tizimi falajlanib, davlatchilik yakson bo‘lgan taqdirda ham, javob zarbasi beriladi. Biroq buni inson emas, texnika amalga oshiradi.
Sovet ittifoqi tomonidan Sovuq urush davrida ishlab chiqilgan “Perimetr” yoxud “O‘lik qo‘l” tizimi yadroviy urush boshlanganini bir necha omillarga qarab aniqlaydi. Jumladan, seysmik faollik, radiatsiya darajasi tekshiriladi. Shundan so‘ng qo‘mondonlikdan kelayotgan signallarga qaraladi. Agar markaz bilan aloqa bog‘lab bo‘lmasa, tizim tashabbusni o‘z qo‘liga oladi. Shaxtalar, suvosti kemalariga ko‘rsatma yuborilib, yadroviy qurollar avvaldan belgilangan koordinatalar tomon uchiriladi.
“Perimetr” qisman sun’iy idrok unsurlariga ega murakkab tizimdir. Biroq yadroviy urush boshlangan taqdirda, undan foydalanishga ehtiyoj qolmasligi mumkin. Boisi Rossiya qit’alararo ballistik raketalarni parvozning ilk bosqichida aniqlay oladigan sun’iy yo‘ldosh tizimlariga ega. Ular Voronej-DM kabi quruqlik radarlari bilan uyg‘unlikda xavfdan erta ogohlantirish vazifasini bajaradi. Bu prezident, mudofaa vaziri hamda bosh shtab rahbariga tezkor qaror qabul qilish uchun yetarlicha vaqt beradi. Agar mamlakat mavjudligiga xavf tug‘ilsa, bor quvvat bilan javob qaytariladi.
Ko‘rsatmaga binoan dastlab shaxtalarda saqlanayotgan R-36M2 “Voyevoda” qit’alararo ballistik raketalari bilan zarba beriladi. NATO tavsifida Satan deb nomlanuvchi raketa har biri 750 kiloton quvvatga ega 10 ta yadroviy kallakni tashiydi. Ular Nyu York kabi aholi gavjum shaharga tushgan taqdirda, qariyb 4 millionga yaqin inson halok bo‘ladi. Yana qariyb 5 millioni esa jarohatlanadi.
“Voyevoda” raketasidan hosil bo‘lgan portlash qariyb 14 kilometr radiusdagi binolarni vayron qilib, shaharni olov ichida qoldiradi. 30 kilometrgacha radiusda turgan insonlar uchinchi darajali kuyish jarohatini oladi. Shifoxonalarning aksariyati vayron bo‘lgani sabab yaradorlarning katta qismi tibbiy yordamsiz uzoq yashay olmaydi. Tirik qolganlar ham toza suv va oziq-ovqat yetishmasligidan aziyat chekadi.
Rossiya zarbaning birinchi to‘lqinida qit’alararo ballistik raketalardan jami 140 ta uchirishi mumkin. Qolganlari suvosti kemalari va mobil platformalar orqali ishga tushiriladi. Taktik yadro qurollarini esa Qo‘shma Shtatlarning Yevropadagi bazalari hamda ittifoqchilariga qarshi qo‘llash ko‘zda tutilgan. Bu har ikki tomondan o‘nlab, ehtimol, yuzlab million qurbonlarga olib keladi. Biroq omon qolganlar ham uzoq yashamaydi.
Yadroviy qish yoxud biz nima qilamiz?
Ommaviy qirg‘in quroliga ega davlatlar faqat AQSH va Rossiya emas. Biroq bu ikkisi o‘rtasidagi nokonvensional urush butun sayyora hayotini izdan chiqarish uchun kifoya qiladi. Mojaro avvalida neytral pozitsiyani egallagan mamlakatlar yadroviy qurol yetkazadigan talafotdan omon qolishi mumkin.
Biroq vayron bo‘lgan shaharlar, yonayotgan o‘rmonlardan hosil bo‘lgan chang va tutun atmosferaga ko‘tarilib, quyosh nurlarini to‘sib qo‘yadi. Natijada havo harorati keskin pasayib, qishloq xo‘jaligi tizimi izdan chiqadi. Bu esa ocharchilik, vabo hamda boshqa infeksion kasalliklarni urchitib yuboradi.
Toshkent xavf ostida qoladimi?
1980-yillarga kelib AQSH Strategik havo qo‘mondonligi Sovet ittifoqining birinchi navbatda yadroviy zarbaga uchraydigan yirik shaharlari hamda sanoat markazlari ro‘yxatini tuzib chiqdi. Unga binoan Toshkent, Chirchiq, Olmaota, Ashxabod shaharlari, shuningdek “Semiplatinsk” sinov poligoni birinchilardan bo‘lib yo‘q qilinishi kerak edi.
Ammo imperiya parchalangach, sobiq mustamlakalarning harbiy nishon sifatidagi ahamiyati yo‘qoldi. Modomiki, urush faqat Qo‘shma Shtatlar va Rossiya o‘rtasida kechar ekan, Markaziy Osiyoga zarba berilmaydi. Qolaversa, RF chegarasidan O‘zbekistonning eng yaqin hududigacha bo‘lgan masofa 1700-1800 kilometrga yetadi.
Yadroviy urush qatnashchilari mojaroning dastlabki bosqichidayoq hamma narsasidan, eng avvalo hayot ne’matidan mahrum bo‘ladi. Biroq boshqalar ham to‘kis va baxtli umr kechirmaydi. Xalqaro munosabatlar va savdo butunlay izdan chiqadi. Bu misli ko‘rilmagan tartibsizliklar va yoppasiga migratsiyani keltirib chiqarishi mumkin. Shunday ekan, global mojaroga olib boradigan har qanday qadamdan tiyilish lozim.
Humoyun Tojiddinov tayyorladi
Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (2)
Хамасини Америка бажараяптийу буни дунйо курип билип турипти пулидан курол сифатида фойдаланаяпти. Агар Америка пули йукбулсинчи ечкимас булип колади. Агар менимча Россия булмаса. Хаммани бошига фаластинди кунини солади Акиш.
Bizani rassiya emas robbimiz asrayopdi rassiya falastinga yordam bergani yoq suriyaga rassiyayam qoʻshin kiritib aholini portlatdi asadni qaramogʻiga oldi amerikani oqlamayman