Eronning Janubiy Xuroson provinsiyasidagi ko‘mir shaxtasida metan portlashi oqibatida kamida 51 kishi halok bo‘ldi, 20 kishi jarohatlandi. Bu haqda IRNA xabar berdi.
Portlash 21-sentyabr soat 21:00 atrofida Madanjoo kompaniyasi tomonidan boshqariladigan shaxtaning B va C blokida yuz bergan. Fojia vaqtida ichkarida 69 kishi bo‘lgan.
“Mamlakat ko‘mirining 76 foizi shu hududdan olinadi va hududda 8-10 ga yaqin yirik kompaniyalar, jumladan, Madanjoo kompaniyasi ishlaydi”, deydi Janubiy Xuroson provinsiyasi gubernatori Ali Akbar Rahimiy.
B blokda qutqaruv operatsiyasi yakunlangan. Blokdagi 47 nafar ishchidan 30 nafari halok bo‘lgan, 17 nafari jarohatlangan. C blokda qutqaruv ishlari boshlangan. Operatsiya taxminan uch-to‘rt soat davom etishi kutilmoqda.
Janubiy Xuroson provinsiyasida uch kunlik motam e’lon qilingan. Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan.
“Men vazirlar bilan gaplashdim va biz choralar ko‘rish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz”, degan u.
Izoh (0)