Xitoylik Lyusi Go Forbes tomonidan tuzilgan dunyodagi eng yosh milliarderlar reytingida Teylor Sviftni ortda qoldirdi. Forbes baholashicha, Goning boyligi 1,25 milliard dollarni tashkil etadi.

Lyusi Go 21 yoshida kollejdagi o‘qishidan voz kechib, sunʼiy intellekt bo‘yicha Scale AI kompaniyasini tashkil etgan. Uning sherigi 19 yoshli Aleksandr Van bo‘lgan. Go San Fransiskodagi startapda operatsiyalar va mahsulotlarni ishlab chiqish bo‘yicha jamoalarni boshqargan. 2018-yildayoq kompaniyaning har ikkala asoschisi Forbes Under 30 ro‘yxatiga kiritilgan. O‘sha paytdayoq sheriklar kompaniyaning kelajagiga bo‘lgan qarashlarida kelishmovchilikka tushib qolishdi va Van Goni ishdan bo‘shatdi. Lyusi Scale AI kompaniyasidan ketib, kompaniyadagi aksiyalarining katta qismini saqlab qoldi.
Hozirda u Scale AI aksiyalarining taxminan 5 foiziga egalik qiladi, ularning narxi deyarli 1,2 milliard dollar deb baholanmoqda. Va boshqa aktivlarini, jumladan, Passes startapidagi aksiyalarini hisobga olsak, Goning boyligi 1,25 milliard dollar deb baholanmoqda.
“Men bu haqda unchalik o‘ylamayman, bu biroz aqlga sig‘maydi. Afsuski, bularning barchasi faqat qog‘ozda”, dedi Lyusi milliarder maqomi haqida.
Go — sayyoramizdagi 40 yoshgacha bo‘lgan o‘z kuchi bilan boylik orttirgan olti ayol milliarderdan biri. U, shuningdek, ko‘p yillar avval tark etgan kompaniyasidan katta miqdorda mablag‘ orttirgan yagona ayoldir.

U Xitoydan kelgan muhojir ota-onaning farzandi. U San Fransisko ko‘rfazida o‘sgan va o‘rta maktabda dasturlash bilan shug‘ullana boshlagan, Karnegi-Mellon universitetida informatika va inson-kompyuterning o‘zaro taʼsirini o‘rgangan. Lyusi diplom olishdan oldin o‘qishni tashlab, Til stipendiati bo‘lgan. Bu stipendiya milliarder investor Piter Til tomonidan moliyalashtiriladigan dastur, bu dastur talaba tadbirkorlarga o‘z kompaniyalarini yaratish imkonini beradi. 2015-yilda Go Quora kompaniyasida mahsulot dizayneri bo‘lib ishga kirgan va Van bilan tanishgan. U Quora kompaniyasidan ketib, bir muddat Snapchat kompaniyasida mahsulot dizayni bilan shug‘ullanib, 2016-yilda Van bilan birgalikda Scale AI kompaniyasini tashkil etgan.
Lyusining mashhurlar doirasida yuradigan qizg‘in ziyofatchi ekanligi taʼkidlanadi. Uning do‘stlari orasida Bekhem oilasi ham bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq eng yosh milliarderlar ro‘yxatini Teylor Svift boshqargan, u Eras Tour shousidan tushgan daromadlari tufayli Riannani ortda qoldirgan.
Izoh (0)