Isroil may oyida Eron yadroviy obyektlariga zarba berishni rejalashtirgan edi, biroq AQSH prezidenti Donald Tramp bu hujumni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi. Bu haqda ma’muriyat vakillariga tayanib The New York Times xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Tramp Eron bilan bo‘lib o‘tayotgan yadroviy muzokaralar sababli hujumga qarshi chiqqan. AQSH prezidenti bu qarorni bir necha oy davom etgan “ichki muhokamalardan so‘ng” qabul qilgan. Siyosatchining oldida ikkita yo‘l bor edi: diplomatik yo‘lni tanlash yoki Eronning yadroviy bomba yaratish salohiyatini zaiflashtirishga urinayotgan Isroilni qo‘llab-quvvatlash. Natijada Tramp birinchisini tanlagan, deyiladi xabarda.
Muhokamalar AQSH hukumatida bo‘linishni yuzaga keltirib chiqargan. Ayrim vazirlar harbiy choralarni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, prezident yordamchilari Eronning yadroviy obyektlariga hujum samaradorligiga shubha bilan qaragan. Ular bu AQSHni kengroq urushga tortib ketishidan xavotir bildirgan.
Natijada hozircha harbiy harakatlarga qarshi umumiy fikr shakllangan. Chunki Eron muzokaralarga tayyor ekanini bildirgan edi.
Isroilning hujum rejasi
Xabarlarga ko‘ra, Isroil rasmiylari yaqin oyda Erondagi yadro obyektlarga hujum qilish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqqan. Ular bu rejalarni amalga oshirishga tayyor bo‘lgan va AQSHning yordamiga umid qilgan. Bu hujumlar orqali Tehronning yadro dasturini kamida bir yilga kechiktirish maqsad qilingan.
Rejalarning deyarli barchasida AQSHning ishtiroki nazarda tutilgan — ya’ni Eron tomonidan ehtimoliy javob zarbasidan Isroilni himoya qilish va hujum muvaffaqiyatini ta’minlash. Bunday ishtirok AQSHni amalda hujumga sherik qilib qo‘yardi.
Isroil matbuotiga ko‘ra, AQSH bilan birgalikda Eronga zarba berish uchun Isroilga bir nechta samolyotda qurollar olib kelingan.Tramp agar Tehron bilan yadroviy kelishuvga erishilmasa, uni bombardimon qilish bilan tahdid qilgandi. So‘nggi kunlarda Isroilga allaqachon MK-84 tipidagi og‘ir bombalar va boshqa qurollar yuborilgan. Bundan tashqari, AQSH havo hujumi uchun mo‘ljallangan 3 000 dan ortiq bomba va raketani Isroilga yuborishga tayyorlanmoqda.
Izoh (0)