Amerikalik xonanda Mayli Sayrusning 2023-yil xit-paradlarida birinchi o‘rinni egallagan va “Gremmi” mukofotini qo‘lga kiritgan “Flowers” (“Gullar”) qo‘shig‘i plagiatda ayblanmoqda. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar berdi.
Tempo Music Investments kompaniyasi Mayli Sayrusni sudga berdi va Bruno Marsga tegishli “When I Was Your Man” qo‘shig‘ini plagiat qilganlikda hamda mualliflik huquqini buzganlikda aybladi. Chunki kompaniya Bruno Mars qo‘shig‘i mualliflik huquqining bir qismiga ega bo‘lgan.
Kompaniyaning iddao qilishicha, Sayrusning “Flowers” qo‘shig‘i Marsning 2013-yilda chiqqan trekiga ohang jihatdan o‘xshash, matn va naqarotlarida takroriy so‘zlar mavjud. Tempo Music Investments vakili so‘zlariga ko‘ra, “ikki kompozitsiya o‘rtasidagi o‘xshashlik va ohangdorlikka asoslanib, Bruno Marsning qo‘shig‘i bo‘lmaganida edi, “Flowers” ham yaratilmagan bo‘lar edi, deb ayta olamiz”.
Mayli Sayrus o‘zining mutlaq xit qo‘shig‘ini chiqarganda ko‘plab muxlislar mazkur trek Bruno Marsning “When I Was Your Man” qo‘shig‘i bilan o‘xshashligini allaqachon qayd etgan edi. Keyinchalik bu qo‘shiq Maylining sobiq qallig‘i Liam Xemsvortga bergan javobi ekanligi haqida mish-mishlar tarqaldi.
Mazkur singl dunyo bo‘ylab ko‘plab musiqa chartlarida yuqori pog‘onani egalladi va Mayliga mashhurlikning yangi to‘lqinini keltirdi. Bruno Marsning o‘zi esa xonandaga nisbatan hech qanday shikoyat bildirmadi.
Endilikda Tempo Music nafaqat moliyaviy tovon puli undirishni, balki pop-yulduzning “Flowers” qo‘shig‘i ijro etilishi taqiqlanishini talab qilmoqda.
Izoh (0)