Vahima hujumlarining simptomlari ko‘pincha yurak-qon tomir kasalliklarining namoyon bo‘lishini eslatadi, bu esa bemorlarda tashvish holatini kuchaytiradi. Neyrolog shifokor Suzanna Xerimyan bu holatlarni qanday ajratish mumkinligini aytib berdi.

Ko‘pincha kardiologga “nafas ololmayapman, havo yetishmayapti, yurak sohasida og‘riq bor, yuragim ko‘kragimdan chiqib ketayotgandek” kabi shikoyatlar bilan murojaat qilishadi. Biroq batafsil tekshiruvdan va yurak kasalliklarini istisno qilgandan so‘ng, ular ko‘pincha nevrologga yo‘llanma oladi.
Mutaxassislar tushuntirishicha, og‘riqning tabiati ham boshqacha. Vahima hujumi uchun ko‘krak qafasida o‘tkir, sanchuvchi va “kelib ketuvchi” og‘riq xosdir. U yurak sohasida sezilib, ammo uning tarqalishi aniq emas va chuqur nafas olganda og‘riq kuchayishi mumkin.
Infarktda esa aksincha, og‘riq ezadigan, kuydiradigan yoki siqadigan xarakterga ega bo‘lib, ko‘krak qafasi orqasida joylashadi va baʼzan chap qo‘l, yelka, jag‘ga yoki orqa tomonga tarqaladi. Bu og‘riq qoida tariqasida, nafas olish yoki harakatlanishga bog‘liq emas.

Simptomlar davomiyligi nuqtayi nazaridan vahima hujumi odatda 5 dan 30 minutgacha davom etadi, shundan keyin og‘riq asta-sekin pasayadi. Infarktda esa aksincha, og‘riq uzoqroq davom etadi va vaqti-vaqti bilan kuchayadi.
Shifokorlarning aytishicha, vahima hujumi simptomlari tinch holatda ham, stress taʼsirida ham namoyon bo‘lishi mumkin. Jismoniy faollik uning paydo bo‘lishini yengillashtirishi mumkin. Yurak xuruji bilan esa teskari holat kuzatiladi: og‘riq jismoniy yuklama paytida kuchayadi.

Bundan tashqari, vahima hujumi paytida inson haqiqiy bo‘g‘ilishsiz nafas qisilishini, qo‘l-oyoqlarda uvishish va sanchiqni, derealizatsiya va o‘tkir qo‘rquvni his qiladi, ammo jismoniy holat yomonlashmaydi.
Yurak xurujida esa sovuq ter, rangparlik, umumiy zaiflik, bosh aylanishi, pulsning tartibsiz bo‘lishi shuningdek, ko‘ngil aynishi va qusish kabi qo‘shimcha simptomlar bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)