Saudiya Arabistonining “An-Nassr” klubi Angliyaning “Vest Hem” jamoasida to‘p surayotgan 24 yoshli qanot hujumchisi Muhammad Quddusni xarid qilish niyatida. Bu haqda jurnalist Ben Jeykobs X tarmog‘idagi sahifasida (sobiq Twitter) xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Quddusning shartnomasida Saudiya Arabistoni klublari uchun mo‘ljallangan 120 million funt sterling (taxminan 140,5 million yevro) miqdoridagi maxsus tovon puli bandi mavjud. Bu raqam Angliya Premer Ligasi klublari uchun belgilangan 85 million funt sterling (99,5 million yevro) miqdoridan ancha yuqoriroq.
Shunga qaramay, “An-Nassr” rahbariyati hozircha Quddusning Saudiya Arabistoni chempionatiga o‘tishga tayyorligiga to‘liq ishonch hosil qilmagan. Biroq ular “Vest Hem” futbolchini shartnomadagi maxsus bandda ko‘rsatilgan narxdan arzonroq summaga sotishiga ishonmoqda. Mazkur band 1-iyuldan 10-iyulgacha amal qiladi.
Joriy mavsumda Muhammad Quddus “Vest Hem” safida barcha musobaqalarda 30 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 3 ta gol va 3 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Uning klub bilan tuzgan amaldagi shartnomasi 2028-yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 50 million yevroga baholamoqda.
Izoh (0)