Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda haj va umraga noqonuniy yubormoqchi bo‘lganlar ushlandi.

DXXning Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura departamenti xodimlari hamkorligida ham tezkor tadbirda Toshkent viloyatining Toshkent tumanida yashovchi, 1968-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs haj ziyoratini tashkil etishga vakolati bo‘lmasa-da, mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, 8 ming dollar evaziga uning ota-onasini joriy yilda haj ziyoratiga yuborishni va’da qilib, oldindan 2 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Bu kabi qonunbuzilish holati Farg‘ona viloyatida ham qayd etilib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan Yozyovon tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Andijon viloyatining Shahrixon tumanida yashovchi, 1987-yilda tug‘ilgan, turistik firma rahbari 4 nafar fuqaroni umra ziyoratiga yuborish evaziga 4200 dollar olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
Sirdaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa, Oqoltin tumanida yashovchi, 1974-yilda tug‘ilgan shaxs o‘zini go‘yoki sayyohlik firmasi vakili sifatida tanishtirib, 3 nafar fuqaroni umra safariga yuborish evaziga jami 3450 dollar talab qiladi. Ushbu shaxs oldindan 1100 dollar hamda 1 million 290 ming so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa, Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi xususiy aviakassa rahbari mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uning qarindoshini umra safariga yuborishini aytib, buning evaziga 1200 dollar talab qiladi. Uning ko‘rsatmasi bilan aviakassa xodimi oldindan 10 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Aprel oyining o‘rtalarida Toshkentda to‘rt kishini hajga jo‘natish uchun 23,6 ming dollar olgan shaxs ushlangandi. Shuningdek, poytaxtda o‘tkazilgan tezkor tadbirda soxta sayyohlik firmalari faoliyatiga chek qo‘yilgandi.
O‘zbekistonda 2025-yil 1-sentyabrgacha “Haj va umra yagona portali” hamda uning mobil ilovasini ishlab chiqiladi. Bu orqali fuqarolarning ibodatlar va diniy rasm-rusumlarni amalga oshirishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, haj va umra ziyoratlariga borishi bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatish jarayonida ortiqcha byurokratik tartibotlarni bartaraf etish maqsad qilingan.
Izoh (0)