Our World in Data ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda qayta tiklanadigan energiya manbalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi ulushi 2023-yilda o‘rtacha 30,2 foizni tashkil qildi.

Osiyoda bu ko‘rsatkich 24,7 foizni, MDH mamlakatlarida 17,7 foizni tashkil etdi. Ushbu reytingda tahlilchilar nafaqat kichik gidroelektrostansiyalarni, balki butun gidroenergetikani hisobga olgan.
O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalari hisobidan olingan elektr energiyasi ulushi 9,38 foizga teng bo‘lgan.
Taqqoslash uchun bu ko‘rsatkich:
- Tojikistonda — 89,37 foiz;
- Qirg‘izistonda — 85,92 foiz;
- Armanistonda — 26,57 foiz;
- Ukrainada — 19,74 foiz;
- Rossiyada — 17,57 foiz;
- Qozog‘istonda — 12,76 foiz;
- Moldovada — 9,68 foiz;
- Ozarbayjonda — 6,89 foiz,
- Belarusda — 2,71 foiz,
- Turkmanistonda — 0,03 foizni tashkil etgan.
Jahon bo‘yicha reytingda O‘zbekiston qayta tiklanadigan energiya manbalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi ulushi bo‘yicha 195 ta davlat orasidan 154-o‘rini egalladi.
Albaniya, Butan, JAR, Kongo, Nepal, Paragvay reyting yetakchilari bo‘ldi. Ushbu davlatlarda bu ko‘rsatkich 100 foizni tashkil qilgan. Turkmaniston reytingda eng oxirgi o‘rinni oldi.
O‘zbekistonda yashil energetika
O‘zbekistonda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2024-yilda qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 18 foizga yetkazish maqsad qilinganini aytgandi.
Shavkat Mirziyoyev o‘sha yilning fevralida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda energetika vaziri va viloyatlar hokimlarining muqobil energetika sohasidagi rejalaridan norozi bo‘lib, ikki-uch oy ichida 14 ta quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, shuningdek, ikkita nasosli saqlash stansiyasi loyihalarini boshlashga topshiriq bergandi. Prezident “yashil energetika ham iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga, ham chinakam umummilliy harakatga aylandi”, deb aytgandi.
O‘zbekistonda aholining energiya manbalariga talabini qondirish maqsadida har yili ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu ishlar natijasida oxirgi 5 yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish 30 foiz ko‘payib, 81,5 milliard kilovatt soatga yetdi. 2025-yilda quvvati 65 mVt bo‘lgan 1 185 ta mikro GES barpo etiladi.
Izoh (0)