“Zamonaviy birja mexanizmlarini joriy etish orqali birja savdolarida narxlar o‘zgarishining oldini olishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, birja savdolarida bozor komyukturasini hisobga olgan holda, real narxni shakllantirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, sog‘lom raqobat va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tovar-xomashyo birjalari hamda birja ishtirokchilari faoliyatida qonun buzilishi holatlarining oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish maqsad qilingan.
Qarorga ko‘ra, 2025-yil 15-iyuldan boshlab monopol korxonalar va (yoki) ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxs, ustav fondining (kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxs tomonidan ishlab chiqarilgan:
- xlorid va nitrat kislotalari;
- natriy sianid;
- gipoxlorit natriy;
- suyuq azot, suyuq xlor;
- rux belilasi;
- ferromolibden, bazalt, fosforit va dolomit uni mahsulotlarini barcha xaridorlarga ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida sotiladi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida ikki tomonlama qarama-qarshi auksion orqali birja savdolarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Ikki tomonlama qarama-qarshi auksion — birja savdolarida amalga oshiriladigan va bir vaqtning o‘zida tovarlarni sotish bo‘yicha o‘z takliflarini kirituvchi sotuvchilar hamda sotib olish uchun o‘z takliflarini taklif qiladigan xaridorlar ishtirok etadigan auksion.
Tovarlarni ikki tomonlama muqobil auksion rejimida savdoga qo‘yishga ruxsat berishga birjaning Listing komissiyasi tomonidan ularni birja kotirovkalash varag‘iga kiritish yo‘li bilan yo‘l qo‘yiladi.
Respublika tovar-xomashyo birjasi 2025-yil 1-iyungacha ikki tomonlama qarama-qarshi auksion savdolari tizimini yo‘lga qo‘yish, birja savdolari ishtirokchilariga qo‘shimcha qulayliklar yaratishga hamda ularning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan bir qator mexanizmlarni joriy qiladi.
Jumladan, ikki tomonlama qarama-qarshi auksion savdolarida sotilgan mahsulotlarni yagona yuklash manzili prinsipi asosida faoliyat ko‘rsatuvchi “birja ombori” xizmatlari respublikaning har bir hududida yo‘lga qo‘yiladi va ularni Respublika birjasida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi ishlab chiqiladi.
Birja a’zolarini yangi savdo vositalari bo‘yicha o‘qitish va ularning malakasini oshirish hamda yakuni bo‘yicha ularga tegishli malaka sertifikatlarini berish yo‘lga qo‘yiladi.
Birja a’zolari va birja savdolarida ishtirok etuvchilarning “ishonchlilik” reytingi yuritiladi. Birja ishtirokchilari “yuqori savdo aylanmasi — yuqori daromad” tamoyili asosida rag‘batlantiriladi.
Izoh (0)