Komik va dramatik rollarni maromiga yetkazib ijro etadigan aktrisa Bahora Arslonova bu yil 35 yoshni qarshiladi. “Tinchlik ortida”, “101 reys”, “Ona qizim”, “Isnod” va “Zurriyot” kabi qator film va seriallarda suratga tushgan aktrisa haqida nimalarni bilasiz?
“Mening uchta onam bor”
Aktrisa Qurbon ota xonadonida dunyoga kelgan. Tadbirkorning uch rafiqasi bo‘lgan va Bahora Arslonova uning ikkinchi ayolidan tug‘ilgan.

— Uchta onam borligini hech qachon yashirmaganman. Ular alohida-alohida uyda yashashsa-da, bayram kunlari bir uyga yig‘ilishgan. Uchta onam ham bir-birini yaxshi tanigan. Hatto, tuqqan onam bilan uchinchisi bir-biri bilan yaqin dugona bo‘lib ketgan. Garchi otam olamdan o‘tgan bo‘lsa-da, haligacha onalarim bir-biri bilan bordi-keldi qiladi. To‘y-tantana bo‘lsa, hamma borini o‘rtaga tashlaydi.
Men ham otamning katta ayolini “aya” deb ulg‘ayganman. Afsuski, u ham erta hayotni tark etdi. Hozir oilaning “katta ayasi” mening onam. Barcha farzandlar hurmatini joyiga qo‘yishadi. Ayrimlar o‘ylagandek, otamning o‘limidan keyin munosabatlarimiz yomonlashgani yo‘q. Aksincha, bir-birimizga bo‘lgan munosabatimiz yanada ortgan.
Bolaligim juda go‘zal o‘tgan. Otam rahmatli har birimizga atab, yangi tug‘ilgan toychoqni taqsimlab berardi. Bolalikdan sho‘x bo‘lganim uchun akalarim bilan barobar yilqi choptirardim. Sanʼatkor bo‘lish fikri esa tasodifan paydo bo‘lgan desam ham bo‘ladi, deydi aktrisa Bahora Arslonova.
“Bahora emas, Gulbahorman”
Muxlislarga Bahora bo‘lib tanilgan aktrisaning asl ismi Gulbahor. Ammo aktrisa o‘z ismi bilan emas, taxallus bilan ijod qilishni lozim ko‘rgan.

— Kollejda o‘qib yurgan paytim ismi gul bilan boshlanuvchi qizlar ko‘p edi. Shu sababdan ko‘pchilik meni Gulbahor emas, shunchaki Bahor deb chaqirishgan. Bu holat institutga kirganimdan keyin ham davom etgan. Bu tanlangan taxallus emas, balki tanish-bilishlarning menga qo‘ygan ismi. Qulog‘im ham unga o‘rganib ketgan, Bahora deyishsa o‘zim sezmagan holda tez reaksiya bildiraman, deydi aktrisa.
“Dilnoza Kubayeva, Sevinch Mo‘minova va men nomzod edim”
Aktrisa ilk roli bilan bog‘liq voqealarni quyidagicha eslaydi.

— Kino olamiga kirib kelishim “Fidoyilar” seriali bilan boshlangan. Rolga qabul qilinishim ham juda qiziq kechgan. Bitta kadrda 300 ta dubl qilib rejissyor Abduhalil Mignarovning xotirasida qolib ketgan bo‘lsam kerak. Bu rolga 300 ga yaqin aktrisalar kasting topshirishgan, o‘shalar orasidan Dilnoza Kubayeva, Sevinch Mo‘minova va eng so‘nggida men saralab olinganman. Baxtimga Dilnoza Kubayeva homilador bo‘lgan, Sevinch Mo‘minova oila qurgan bo‘lgan, xullas rol menga nasib etgan. Bu rolim uchun bor-yo‘g‘i 600 ming so‘m gonorar olganman. Ammo u men uchun nihoyatda qadrli edi.
Serialda Shoiraxon obrazini ijro etganman, o‘shanda endigina 19 yosh edim. Ammo rolimda 27-28 yoshli shifokor qiz rolini ijro etishim kerak edi. To‘g‘risi, biroz qiyin bo‘lgan. Kasalxonalarga borib, shifokorlarni kuzatganman, ular bilan suhbatlashganman. O‘zimni kasallikka solganman hatto.
Chunki ularning ko‘z qarashi qanaqa, bemorga qanday qaraydi, qanday muomala qiladi, buni o‘rganishim kerak edi. Syomka jarayonlariga kelsak, hatto rejissyordan gap ham eshitganman, yig‘lagan vaqtlarim ham ko‘p bo‘lgan, deydi aktrisa.
“Hoshim Arslonovning qizimisiz?”
Bahora Arslonova ilk rolini ijro etgan vaqtda uni ko‘pchilik Hoshim Arslonovning qizi deb bilgan. Ammo aktrisaning yaqinlari orasida sanʼatkorlar yo‘q.

— “Hoshim Arslonovning qizimisiz?” degan savolni ko‘pchilikdan eshitganman. Hoshim Arslonov ustozim edi, u kishi bilan “101 reys” filmida birga suratga tushganimdan hamisha faxrlanaman. Odatda o‘zbek filmlarida bosh rol deganda faqat kelishgan yigit va chiroyli qizni ko‘rishga odatlanib qolgandik. “101 reys” filmining bosh qahramoni Hoshim Arslonov bu boradagi qarashlarimizni o‘zgartirdi, deydi Bahora Arslonova.
“Ovozingiz qo‘pol ekan, deyishgan”
Aktrisa ovozi qo‘polligi uchun ko‘p yigitlar sevgi izhor qilib, keyin fikridan qaytgani haqida so‘zlab berdi.

— Institutda o‘qiyotganimda juda ko‘pchilik sevgi izhor qilgan. Boshida sevib qolishardi, gaplashganimizdan keyin ovozingiz qo‘pol ekan-a, deyishardi. Men ovozimni o‘zgartirmasdim.
“Eldido”dagi Dilniyoz boshida meni sevib qolgan, keyin esa “Keling, singlimdek bo‘la qoling”, degan. Men ham xo‘p, deganman, chunki yo‘q demaysiz-ku. U juda yaxshi inson, hozir ham bir-birimizni ko‘rsak, gaplashib ketaveramiz.
Bizning davrimizda sevgi, otashin muhabbat deganlari faqat kitobiy bo‘lgan. Xat yozishgan, masalan, institutda bir-birimizni ko‘rib qolsak ham xuddi ko‘rmagandek bo‘lib o‘tib ketaverganmiz. Uyalganmiz. Akamga “Shuni sevib qoldim”, aka, deb aytgunimcha necha kun uxlamaganman. Akam “Kimnidir yaxshi ko‘rib qolsang, ayt”, derdi, — eslaydi aktrisa.
“Bu qarorimdan afsuslanaman”
Bahora Arslonova 2018-yilda asli samarqandlik, ammo uzoq yillardan buyon Rossiyada yashaydigan Sherali Boboqulov bilan oila qurgan. Aktrisa turmush o‘rtog‘i bilan qanday tanishgani va Rossiyada kechgan hayoti haqida quyidagilarni gapirib berdi.

— Taqdirda bitilgan bo‘lsa, juftlar baribir uchrashar ekan. Turmush o‘rtog‘im sanʼatdan butunlay yiroq inson, sport uning jon-u dili. Qaynopam bilan to‘rt yil birga o‘qiganmiz va to‘ylari munosabati bilan uylariga mehmonga borganman. Kinodan butunlay yiroq bo‘lgan inson meni ko‘rib, shu qizga uylanaman, degan ekan.
To‘ydan avval turmush o‘rtog‘im Sankt Peterburg shahrida yashardi. Men ham bir muddat u yerda yashadim. Ammo yaqinlar sog‘inchi va ijodim sabab O‘zbekistonga qaytib kelishni so‘radim. Ammo bu qarorimdan haligacha afsuslanaman. Turmush o‘rtog‘im ham “Siz sabab sportdan va o‘z o‘rnimni topgan Sankt Peterburg shahridan ketdim”, deb gapiraveradi. Gapini hazilga yo‘yaman-u, ammo baribir qarorimdan afsuslanaman. O‘zimni rivojlantirish uchun ham tavakkal qilishim kerak edi, deb ko‘p o‘ylayman. U yerda rejissyorlik bo‘yicha tahsil olib, Zahiriddin Muhammad Bobur haqida film olarmidim, deb afsuslanaman, deydi aktrisa.
“Ajrashaylik, farzand ko‘rolmayman”
Ayni kunda ikki farzandning onasi bo‘lgan aktrisa bir paytlar depressiyaga tushgani va sanʼatkor dugonalarining gap-so‘zi uni qiynagani haqida gapirdi.

— To‘ydan keyin ikki yil homilador bo‘lolmadim. Chunki menga shifokorlar “bola bachadoni” deb tashxis qo‘yishgandi. Shu bois turmush o‘rtog‘imga ajrashishni taklif qildim. Chunki farzand ko‘rolmayman va turmush o‘rtog‘imni ham baxtsiz qilaman, deb o‘ylagandim. Bu his qanchalar og‘ir ekanini farzandli bo‘lishni kutayotgan insonlar juda yaxshi biladi. Shu bois ilk homilamni atrofdagilardan yashirib, o‘zimni oilamga bag‘ishladim. Buni sanʼatdagi dugonalarim turlicha talqin qildi. Hatto sanʼatdan ketganim, o‘rnimni yo‘qotganim haqida ham gap-so‘zlar bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘imga ulardan ranjiganimni aytsam, “Hammasi yaxshilikka, atrofdagilarning ichidagini bilib olding”, dedi. Ishonasizmi, o‘sha paytda yonimda sanʼatdagi “qadrdonlarim”dan hech kim qolmadi. Farzandim dunyoga kelgach, asta-sekin rejissyorlar seriallarga taklif etishni boshladi. Ijodimga bo‘lgan munosabat avvalgidek yaxshilangani uchun atrofimdagi insonlar soni ham ko‘paydi, deydi aktrisa.
“Meni rolga taklif etishmadi”
Aktrisa bolalikdan tarixiy rollarni ijro etishni orzu qilishi, ammo “Dugonalar shou” ko‘rsatuvidagi roli sabab unga bunday rol berilmagani haqida gapirdi.

— Tarixga qiziqsam-da, birorta tarixiy filmda suratga tushmaganman. Ammo ot sporti bilan shug‘ullanganimni va qilichbozlik bo‘yicha malakam yaxshiligini rejissyorlar biladi. Ot bilan bog‘liq murakkab tryuklarni ham qiyinchiliksiz bajara olishimni yaxshi bilishadi. Ammo rolga taklif etishmaydi.
Kastinglarda ishtirok etishdan og‘rinmayman. Ular aktyorni o‘z ustida ishlashga, izlanishiga undaydi. Ammo kastingdan kutilgan natijaga erishmagach, hafsalam pir bo‘ladi. Film olingach, atayin ko‘raman. Men xohlagan rolga kimni olishibdi, u qaysi jihatlari bilan mendan ustun edi, degan savolga javob olishga harakat qilaman. Ming afsuski, maza qilib ijro etadigan epizodni qoyillatmaganidan keyin achchiqlanaman.
Rejissyor Ibrohim Rasulov shoira Zulfiyaxonim haqida film olishini aytib, kastingga taklif etdi. Oradan ancha vaqt o‘tdi, men kastingga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdim. Shoiraning hayoti va ijodini o‘rganib, Jizzaxdagi haykalini ham ziyorat qilib keldim. Kastingda eng taʼsirli epizodni ijro etib, maza qildim. Rejissyorga kastingdan o‘tmasam ham xabar berib qo‘ying, degandim. Oradan ancha vaqt o‘tib, film suratga olinayotgani haqida eshitdim. Eng yomoni o‘sha yerda “Bahora rolni yaxshi ijro etdi, faqat u ‘Dugonalar shouʼ ko‘rsatuvida ishtirok etgani uchun uni rolga olmadik”, deyishibdi. Ko‘rsatuv bilan filmning nima bog‘liqligi bor deb hayron bo‘ldim, deydi aktrisa.
“Ot sotib olishni orzu qilaman”
Aktrisa otlarga qiziqishi va oilasidagi ot bilan bog‘liq an’ana haqida gapirdi.

— U qadar kiyim-kechak yoki mol-dunyoga qiziqadigan ayol emasman. Ammo pul to‘plab, ot sotib olishni orzu qilaman. Chunki men xarid qilmoqchi bo‘lgan ot juda qimmat turadi. Oilamiz anʼanasiga ko‘ra, otam rahmatli har bir farzandiga bittadan toychoq sovg‘a qilgandi. Uning o‘limidan keyin bu ishni akam davom ettiryapti. Ot uyning barakasi hisoblanadi. Kichik akam Turkiyadagi chempionatda ishtirok etayotganda yuragi og‘rib qolgan. Qishloqda qolgan ot zovur bo‘yida arqoniga bo‘g‘ilib o‘lib qolgan. O‘shanda yoshi kattalar akamning boshiga tushishi mumkin bo‘lgan kulfatni ot o‘ziga tortib olganini aytgandi. Menga atalgan ot esa biroz eʼtiborsizlik va sog‘inchdan o‘lib qoldi. Afsuski, bundan ancha keyin xabar topdim, deydi aktrisa.
“Uning eri soxta”
Aktrisa shaxsiy hayoti bilan bog‘liq mish-mishlardan ranjigani haqida gapirdi.

— Mish-mishlarning bo‘lishi tabiiy. Ammo kurakda turmaydigan va kishini ranjitadiganlari ham bor. Masalan meni ancha vaqt “eri soxta, pul evaziga yollagan, oilasini Bahora boqadi, eri alfons”, deganlar ham bo‘lgan. Bu gaplardan turmush o‘rtog‘imdan ko‘ra, ko‘proq men xafa bo‘lganman. Turmush o‘rtog‘im ishlaydi, avval ham yaxshi daromad topadigan inson bo‘lgan. Bundan tashqari, oilaviy biznesni ham yo‘lga qo‘yganmiz, deydi aktrisa.
Aktirsaning bir qiz va bir o‘g‘il farzandi bor. Hozir esa u uchinchi farzandiga homilador.
Izoh (0)