“Tolibon” va Pokiston chegarachilari o‘rtasida 5-yanvar kuni otishma yuz berdi. Bu haqda Hasht-e Subh Daily xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Tolibon” chegarachisi Nangarhor provinsiyasiga qarashli Torxam nazorat-o‘tkazish punktida beixtiyor o‘t ochgan. Hodisa oqibatida Afg‘oniston fuqarosi halok bo‘lgan, Pokiston chegara qo‘shinining bir askari esa qo‘lidan yaralangan.
Boshqa versiyaga ko‘ra, mojaro pokistonlik harbiy amaldor “Tolibon” jangchisi tomonidan yaralanganidan keyin boshlangan. Hujumga javoban Pokiston askarlari qo‘llariga qurol ko‘targan, ularning otishmasi oqibatida tinch afg‘on fuqarosi halok bo‘lgan. Ikkala tomon ham mojaro haqida hozircha bayonot bermadi.
Otishma sababli Pokiston Afg‘oniston bilan Torxam xalqaro chegara punktini yopgan.
Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” noyabr oyida Pokiston bilan chegarada to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan Durand chizig‘i bo‘ylab yo‘l yotqizdi. 11-dekabrda “Tolibon” chegara kuchlari Durand liniyasi yaqinida yangi post qurishni rejalashtirganidan keyin Pokiston chegarachilari bilan to‘qnashuv boshlangan.
Hodisa oqibatida “Tolibon”ning bir a’zosi halok bo’lgan, 10 nafari esa yaralangandi. Pokiston tomoni esa jangda bir askar jarohat olganini xabar qilgan.
15-dekabrda “Tolibon” Durand chizig‘ida post o‘rnatmoqchi bo‘lganida Pokiston harbiylari bilan otishma bo‘lgan. Oqibatda bir nafar tinch fuqaro halok bo‘lgan, 15 kishi esa yaralangan. Pokiston chegaraga hujumchi vertolyotlar yuborgan va Kobuldagi elchixona xodimlarini evakuatsiya qilgan. Tomonlar hodisada bir-birini ayblagan.
“Tolibon” matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid 15-dekabr kuni chegaradagi mojaro Pokiston harbiylari tomonidan boshlanganini ma’lum qilgan. Pokiston senatori esa “Tolibon” harakati rahmat o‘rniga “qurol bilan javob berganini” aytgan.
Izoh (0)