“Tolibon” matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid 15-dekabr kuni chegaradagi mojaro Pokiston harbiylari tomonidan boshlanganini ma’lum qildi. Bu haqda Hasht-e Subh Daily xabar berdi.
Mujohid Twitter’dagi sahifasida Pokiston askarlari Afg‘onistonning Spinboldak tumanida otishma sodir etib, jang boshlaganini yozdi. U “Tolibon” har qanday muammoni muloqot yo‘li bilan hal qilishi, salbiy harakatlar va urushni bahona qilish tomonlarning hech biriga manfaatdor emasligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 15-dekabr kuni Qandahorning Spinboldek shahrida “Tolibon” va Pokiston kuchlari yana to‘qnashdi. Manbalarga ko‘ra, bu mojaro “Tolibon” bu hududda nazorat-o‘tkazish punkti o‘rnatmoqchi bo'lganidan keyin boshlangan. Ammo Pokiston harbiylari bunga qarshilik qilgan. Hodisa oqibatida 1 kishi halok bo‘lgani, 15 kishi esa yaralangani aytilmoqda. Pokiston “Tolibon” artilleriyadan tinch aholiga qarata o‘q uzgani aks etgan videoni e’lon qilgan.
Kobuldagi Pokiston elchixonasi xodimlari va Afg‘oniston bilan chegara yaqinida joylashgan aholi evakuatsiya qilingan. Tomonlar o‘rtasidagi otishma davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 11-dekabrda ham “Tolibon” va Pokiston harbiylari o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergandi. To‘qnashuv “Tolibon” chegara kuchlari Durand liniyasi yaqinida yangi post qurishni rejalashtirganidan keyin boshlangan.
Izoh (0)