Xitoyda shifokorlar 15 yoshli Nini ismli qizning qornidan 2 kilo soch to‘plamini olib tashladi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.

Nini olti yil davomida o‘z sochlarini yulib, yeyishga ruju qo‘ygan. Iyul oyida u onasi bilan birga Xubey provinsiyasidagi Uxan bolalar shifoxonasiga murojaat qilgan. Qiz nihoyatda ozg‘in bo‘lib, bo‘yi 1,6 metr, vazni esa atigi 35 kilogram edi. Shuningdek, Nini olti oydan beri hayz ko‘rmagani aniqlangan.
Onasi uni kuchli qorin og‘rig‘i sabab shifoxonaga olib kelgan. Bu og‘riq Nining ovqat yeyishiga to‘sqinlik qilgan va hatto hushidan ketishiga ham sal qolgan. Shifokorlar unga o‘tkir kamqonlik tashxisini qo‘ygan. Onaning so‘zlariga ko‘ra, qiz 6 yil davomida o‘z sochini yeb kelgan.
Tekshiruv jarayonida shifokorlar bemor oshqozonini deyarli butunlay egallab olgan, soch va oziq-ovqat qoldiqlaridan iborat soch to‘plamini aniqlagan. Mutaxassislar fikricha, aynan shu bir qator kasalliklarga sabab bo‘lgan.
14-iyul kuni Nini operatsiya qilingan va soch to‘plami olib tashlangan. Operatsiya vaqtida shifokorlar uning qorni odatdagidan ikki baravar kattalashganini ko‘rgan.
Trixofagiya (soch yeb qo‘yish odati) bilan og‘rigan bemorlarga odatda parhez, psixiatriya va dori-darmonlarni o‘z ichiga olgan davolash kursini o‘taydi.
Biz bemorlarga vitaminlarga boy taomlarni ko‘proq yeyishni maslahat beramiz. Ularning noto‘g‘ri odatlarini tuzatib, xulq-atvorini o‘zgartirishga yordam beramiz. Shuningdek, sog‘lig‘ini yaxshilash uchun dorilar buyuramiz, deydi Jinling shifoxonasi shifokori Lyu Fa.
Ba’zan an’anaviy Xitoy tabobati va fizioterapiya ham bemorlarning alomatlarini yengillashtirish uchun qo‘llaniladi. Operatsiyadan besh kun o‘tgach, Nini yana ovqatlana boshlagan. U shifoxonadan chiqarilgan va 5-avgust kuni tibbiy ko‘rikka qaytgan. Shifokorlar uning sog‘ayib ketayotganini aytgan.
Minnatdorchilik sifatida Nini shikoforlarga shirinliklardan yasalgan gul olib kelgan. Onasi esa qizining asta-sekin semirib borayotganini bildirgan.
Agar bolalar bir oydan ortiq vaqt davomida soch yoki shisha kabi nooziq-ovqat narsalarni yeyishni to‘xtata olmasa, ota-onalar trixofagiya deb ataladigan kasallikdan ogoh bo‘lishi va bolani shifoxonaga olib borishi kerak, deydi ismi oshkor etilmagan shifokor.
Izoh (0)