Yangi 2021-yilning birinchi o‘n kunligi ham ortda qoldi. Aytish mumkinki, bu yil ham xuddi o‘tgan 2020-yil kabi ancha tarang boshlandi. “Daryo” an’anaviy haftalik dayjestda haftaning eng muhim voqealari haqida so‘z yuritadi.

AQShdagi qo‘zg‘olon

Yil boshining eng ko‘p muhokama qilingan voqeasi, shubhasiz, AQShda amaldagi prezident Donald Tramp tarafdorlarining tartibsizliklar uyushtirishi bo‘ldi. 6-yanvar kuni namoyishchilar Kapitoliyni egallab oldi. Shu kuni AQSh Kongressi Jo Baydenning saylovlarda g‘alaba qozonganini rasmiy ravishda e’lon qilib, uni AQSh prezidenti sifatida tanishtirishi kerak edi.

Foto: “RIA Novosti”

Norozilik namoyishi ishtirokchilari bundan avval Kapitoliyni o‘rab olgan politsiya bilan to‘qnashuv keltirib chiqardi. Huquq-tartibot organlari xodimlari namoyishchilarni ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz vositasida tarqatib yuborishga urindi. Namoyishchilarning xatti-harakatlari sabab Senat va Vakillar palatasi a’zolari o‘z ishini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Xabar berishlaricha, majlisda qatnashayotgan AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens Kongress binosidan evakuatsiya qilindi.

Kapitoliy oldidagi tartibsizliklar sababli Vashington meri Myuriel Bauzer shaharda komendantlik soatini e’lon qildi. Kongress majlisi boshlanishi arafasida Donald Tramp “Amerikani qutqarish marshi”da namoyishchilar oldida chiqish qildi. U, jumladan, shunday degan: “Biz hech qachon taslim bo‘lmaymiz, biz hech qachon mag‘lubiyatni tan olmaymiz”.

Namoyishchilar Kapitoliyga bostirib kirganidan so‘ng Tramp Twitter’dagi sahifasi orqali o‘z tarafdorlarini tinch harakatlanishga va politsiyaga qarshilik ko‘rsatmaslikka chaqirdi. AQShning yangi saylangan prezidenti Jo Bayden esa mazkur voqealarni qo‘zg‘olonga tenglashtirdi.

“Demokratiyamiz misli ko‘rilmagan hujumga uchradi… Bu kelishmovchilik emas. Bu tartibsizlik. Bu qo‘zg‘olonga teng”, deydi AQShning saylangan prezidenti Jo Bayden.

Voqealar haqida AQShning sobiq prezidentlari ham fikr bildirdi. Jumladan, Barak Obama Kapitoliydagi hujumni “sharmandalik” deya baholadi.

“Qonuniy saylovlar natijalari haqida asossiz yolg‘on gapirishdan to‘xtamagan amaldagi prezidentning ig‘vogarligi oqibatida yuzaga kelgan Kapitoliydagi bugungi shafqatsizlikni tarix bizning millat uchun buyuk sharmandalik va uyat pallasi sifatida hali eslatadi”, deb yozdi Obama Twitter’da.

Yana bir sobiq prezident Jimmi Karter esa tartibsizliklarni milliy fojia deb atadi. “Bu milliy fojia va bu bizning millat sifatidagi o‘zligimiz emas”, dedi u.

Foto: Reuters

Siyosatchi amerikaliklardan birlashishni va o‘zaro ziddiyatlarni xotirjamlik bilan hal qilishni so‘radi. Karterning eslatishicha, ilgarilari AQShda ikki asrdan oshiq vaqt davomida hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirishga muvaffaq bo‘lgan edi. 7-yanvar kuni o‘tgan majlisda Kongress nihoyat Jo Baydenni AQShning 46-prezidenti sifatida tasdiqladi.

Jo Bayden saylovchilar hay’atining 306 ta ovozini qo‘lga kiritdi, g‘olib bo‘lish uchun kamida 270 ta ovoz to‘plash kerak. AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp rasman 232 ta ovozga ega bo‘ldi. Baydenning inauguratsiyasi 20-yanvarga belgilandi. Jo Baydenning g‘alabasi rasman tasdiqlanganidan keyin Donald Tramp hokimiyatning “tartibli” topshirilishiga va’da berdi.

“Saylovlar natijalariga butunlay qarshi bo‘lishimga, faktlar esa buni tasdiqlashiga qaramay, 20-yanvar kuni vakolatlar tartib bilan o‘tkaziladi”, deya Trampning bayonotidan iqtibos keltirdi CNN.

Tartibsizliklardan so‘ng Facebook va Instagram Trampni 24 soatga, Twitter esa 12 soatga bloklab qo‘ydi. Keyinroq Donald Tramp Facebook va Instagram’da prezidentlik muddati tugaguncha bloklandi. 8-yanvar kuni Twitter Donald Tramp akkauntini “keyinchalik zo‘ravonlikka da’vat etishning yuqori xavfiga bog‘liqligi sabab” butunlay blokladi. Shuningdek,  Snapchat va Twitch Trampning akkauntini blokladi.

10-yanvar kuni esa tartibsizliklarda qatnashgan 4 kishi, jumladan, o‘zining g‘ayrioddiy kiyimi orqali muhokamalarga sabab bo‘lgan, QAnon konspirologik tashkilot a’zosi Jeyk Anjeli yoki Q Shaman nomi bilan tanilgan Jeykob Entoni Chensli ham qamoqqa olingani xabar berildi.

Alibaba asoschisi qayerda?

O‘tgan haftaning yana bir shov-shuv ko‘targan xabari xitoylik mashhur tadbirkor, Alibaba Group asoschisi Jek Maning g‘oyib bo‘lgani haqidagi xabarlar bo‘ldi. Uning omma oldiga ko‘rinish bermaganiga ikki oydan oshdi.

Foto: Reuters

Financial Times’ning aniqlashicha, noyabrda Ma o‘zi asos solgan Africa’s Business Heroes tanlovining finaliga kelmadi. Ushbu tanlovda afrikalik yosh tadbirkorlar mukofot puli 1,5 million dollar bo‘lgan grantlar uchun bellashdi. Ma hakamlar hay’ati orasida o‘tirishi kerak bo‘lgan, biroq u shouning final epizodini suratga olish ishlarida qatnashmadi, uning ismi saytdagi hakamlar hay’ati ro‘yxatidan olib tashlandi. Alibaba’ning ma’lum qilishicha, Ma bandligi sabab tanlov finaliga bora olmadi.

Taiwan News nashrining yozishicha, Maning ijtimoiy tarmoqlardagi so‘nggi posti 17-dekabr sanasida qoldirilgan edi.

Oktabr oxirida Shanxayda o‘tkazilgan anjumanda Ma xalqaro moliyaviy tartibga solish normalarini eskirgan deb atab, Xitoy banklari “Lombard mentaliteti”ga rioya qilayotganini ma’lum qilgandi. Bu Alibaba xoldingi tarkibiga kiruvchi va Xitoydagi eng yirik mobil to‘lovlar platformasini boshqarishga mo‘ljallangan Alipay’ga egalik qiluvchi Ant Group’ning birjaga chiqishidan biroz oldin sodir bo‘ldi. 5-noyabr kuni nazorat paketi Maga tegishli bo‘lgan Ant Group Shanxay va Gonkong birjalarida IPO‘ni amalga oshirishi kerak edi. Bu tarixdagi eng yirik IPO‘ga aylanib, kompaniya 34,4 milliard dollar jalb etishi kerak bo‘lgan edi.

Yaqin kunlargacha Ma Xitoyning eng badavlat insoni edi, biroq so‘nggi ikki oy ichida Alibaba aksiyalari narxining tushib ketishi uning boyligini 11 milliard dollarga kamayishiga sababchi bo‘ldi. Biroq CNBC telekanali Alibaba asoschisi milliarder Jek Ma o‘zining Xanchjouda joylashgan shtab-kvartirasida qasddan yashiringani haqida xabar berganidan keyin kompaniya aksiyalari narxi besh foizga ko‘tarildi. Alibaba asoschisi g‘oyib bo‘lmagani, balki kompaniyaning Xanchjoudagi shtab-kvartirasida ekani haqida CNBC telekanali boshlovchisi Devid Faber ma’lum qildi.

“U katta ehtimol bilan Alibaba shtab-kvartirasi joylashgan Xanchjouda ekani va atayin yashiringanini aytishim mumkin. Lekin bu uning yo‘qolganini anglatmaydi”, dedi Faber.

Boylarning “poygasi”

O‘tgan haftada dunyo boylari reytingida o‘zgarish yuz berdi. Gap shundaki, Tesla kompaniyasi bosh direktori Ilon Mask Amazon egasi Jeff Bezosni ortda qoldirib, dunyodagi eng boy biznesmenga aylandi.

Mask elektromobillar ishlab chiqaruvchi kompaniya aksiyalarining o‘sishi natijasida dunyo boylari mablag‘larini onlayn tarzda kuzatib turuvchi Bloomberg Billionaires Index’da birinchi o‘rinni egalladi.

Bloomberg uning boyligini 188,5 milliard dollarga baholadi. Bu ko‘rsatkich Bezosning boyligidan 1,5 milliardga ko‘p.

Foto: EPA

Ilon Mask CNBC telekanali hisobiga ko‘ra ham dunyoning eng boy odamiga aylandi. Telekanal uning boyligini 184 milliard dollarga baholadi, shuningdek, Bezos milliarderlar reytingida 2017-yildan beri yetakchilik qilganini eslatib o‘tdi.

Agentlik (Bloomberg) qayd etishicha, shu paytgacha hech kim bunchalik tez boyimagan edi — bir yil ichida Tesla rahbarining boyligi 165 milliard dollarga ko‘paydi. Taqqoslash uchun bu Bill Geytsning umumiy boyligi miqdoriga teng. Mask Tesla aksiyalarining keskin o‘sib borishi fonida boyimoqda, 2020-yildagi o‘sish 743 foizga teng bo‘ldi.

Forbes Bloomberg‘ning hisob-kitoblariga qo‘shilmaydi, unga ko‘ra, Maskning kapitali 175,2 milliard dollarga teng. Bu uning sayyorada badavlatlikda uchinchi o‘rinda turuvchi fransiyalik magnat Bernar Arnodan 22 milliard dollarga boyroq, ammo Bezosdan 11 milliard dollarga kambag‘alroq ekanini anglatadi. Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, Bezosning boyligi 186,8 milliard dollarni tashkil etadi.

Dunyodagi eng boy odamga aylangach, SpaceX kosmik kompaniyasi asoschisi va Tesla bosh direktori Ilon Mask Marsda koloniya tashkil qilish yo‘lida o‘zining barcha davlatini sotib yuborishga qaror qildi.

Nigerdagi ommaviy qotillik

Yangi yilning ilk kunlarini Niger ahli dahshat ichra o‘tkazdi. Gap shundaki, Niger g‘arbidagi ikkita qishloqning 100 ga yaqin aholisi 2-yanvar kuni “Boko Haram” terrorchilik guruhi jangarilari tomonidan o‘ldirildi, 25 kishi esa jarohat oldi.

Huquq muhofazachilari hodisani ushbu Afrika mamlakatida tinch fuqarolarning ommaviy ravishda o‘ldirilishi deb atadi. Qishloqlardan birining tirik qolgan meri aytib berishicha, mototsikl mingan o‘nlab jangarilar ikkita kolonnaga bo‘linib, bir vaqtning o‘zida bir-biridan 7 km uzoqlikda joylashgan ikkita aholi punktiga hujum qildi.

AP aniqlik kiritishicha, mahalliy hukumat so‘zlariga ko‘ra, Tillaberi tumanidagi qishloqlar mahalliy aholisi ikki jangarini o‘ldirganidan keyin hujumga uchradi. Ommaviy qotillik Niger saylov komissiyasi mamlakatda prezident saylovining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tishi haqida e’lon qilingan kuni yuz berdi.

Foto: DTNext

Qirg‘izistonda prezident saylovi va referendum

10-yanvar, yakshanba kuni Qirg‘izistonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, Qirg‘iziston bosh vaziri Sadir Japarov prezidentlik saylovida yetakchilik qilmoqda. 82,13 foiz byulletenlar hisob-kitob qilinganda, u 79,86 foiz ovoz to‘pladi. Ikkinchi o‘rinni 6,47 foiz ovoz bilan Adaxon Madumarov egalladi. Babirjan To‘lbayev ikki foiz ovoz bilan uchinchi o‘rinda.

Prezidentlik saylovlari bilan birgalikda mamlakatda boshqaruv shaklini o‘zgartirish bo‘yicha ham referendum o‘tkazildi. Referendum ishtirokchilarining aksariyati prezidentlik respublikasi uchun ovoz berdi. MSK ma’lumotlariga ko‘ra, saylov byulletenlarining 50 foizini tahlil qilganda, 81,4 foiz saylovchilar ushbu boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlagani aniqlandi.

Prezidentlik saylovlarida 17 nafar nomzod ishtirok etmoqda. Saylovlarning yakuniy natijalari barcha byulletenlarni qo‘lda qayta sanab chiqilganidan keyingina ma’lum bo‘ladi.

OAVda chiqqan xabarlarga ko‘ra, saylovda mamlakatdagi saylovchilarning 30 foizdan ko‘prog‘i qatnashdi. Bu esa mamlakat tarixidagi eng yomon ko‘rsatgich hisoblanadi.

Koronainfo

Butun dunyo bo‘ylab koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 1,9 million kishidan oshdi. Bu haqda virus tarqalishini real vaqtda kuzatib kelayotgan Jons Hopkins universiteti ma’lumotlarida keltirilgan. Pandemiya boshlanganidan buyon dunyoning 191 davlatida kasallanish bo‘yicha 90 milliondan ortiq holat qayd etildi, 64 milliondan ortiq bemor sog‘aydi.

Eng ko‘p o‘lim holatlari AQSh (381,9 ming kishi), Braziliya (202,7 ming kishi) va Hindistonda (151,1 ming kishi) qayd etildi. Kasallanish ko‘rsatkichi bo‘yicha AQSh hamon yetakchi bo‘lib turibdi —  COVID-19 ni yuqtirib olish bilan bog‘liq 22,7 milliondan ortiq holat qayd etildi. Ikkinchi o‘rinda Hindiston (10,4 million bemor), uchinchi o‘rinda esa Braziliya (8 million bemor).

Foto: Google Photos

Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi turi aniqlangani, shu tufayli mamlakatning ayrim hududlarida kasallik tarqalish sur’ati tezlashgani haqida 14-dekabr kuni mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Mettyu Xenkok ma’lum qildi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, ushbu turdagi koronavirus avvalgilaridan 70 foizga yuqumliroq, lekin undan xavfli emas.

So‘nggi vaqtlarda koronavirusga chalinish holati ko‘paygani bois Tokioda favqulodda holat, Qozog‘iston hamda Germaniyada  koronavirus tufayli cheklovlar kuchaytirildi, Livan va Shotlandiyada esa yana karantin joriy etildi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.