Yaponiya bosh vaziri Yosixide Suga koronavirus bilan kasallanish holati ko‘paygani sababli Tokio va uning atrofida favqulodda holat joriy etdi, deya xabar bermoqda “Interfaks”.

Foto: Reuters

Kyodo News xabariga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida poytaxtda 2447 ta yangi COVID-19 kasalligi aniqlangan, bu ko‘rsatkich oldingi antirekorddan 800 taga ko‘proq.

Favqulodda holat 8-yanvardan 7-fevralgacha davom etadi.

Ayni paytda Tokio aholisidan iloji boricha uyda o‘tirish va tovarlarga internet orqali buyurtma berish so‘raladi. Restoran va barlarda faqat 20:00 gacha ishlash mumkin bo‘ladi, ularga spirtli ichimliklarni sotishga 19:00 gacha ruxsat berildi.

Do‘konlar, ko‘ngilochar va sport inshootlarining ish vaqti ham qisqartiriladi. Kompaniyalarga xodimlarni masofaviy ishlashga imkon yaratish yoki korxonalarda smenali ishni joriy etish tavsiya etiladi. 5000 dan ortiq odam ishtirok etadigan ommaviy tadbirlar taqiqlanadi.

Maktablar, bahorgi lokdaundan farqli o‘laroq, o‘z faoliyatini davom ettiradi. Universitet imtihonlari hali bekor qilinmaydi.

Cheklovlarni buzganlik uchun jazo yo‘q, lekin qoidabuzarlar ochiqchasiga omma oldida sazoyi qilinadi. Hukumat barcha talablarning bajargan umumiy ovqatlanish muassasalariga kuniga 40 ming iyenadan (390 AQSh dollari) 60 ming iyenagacha kompensatsiya puli to‘lashni va’da qildi.

Shuningdek, cheklovlar Tokioda kunlik kasallanish darajasi 500 taga tushganda bekor qilinishi mumkin.

Yaponiya bo‘ylab so‘nggi sutka davomida 6004 ta kasallanish holati qayd etildi, bu pandemiya boshlanganidan beri rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Kyodo nashri mamlakatda COVID-19 epidemiyasining uchinchi to‘lqini davom etmoqda, deb hisoblaydi.

Avvalroq Qozog‘iston hamda Germaniyada koronavirus tufayli cheklovlar kuchaytirilgani, Livan va Shotlandiyada esa yana karantin joriy etilgani haqida xabar berilgandi.