Alibaba kompaniyasi aksiyalari Xitoy internet-gigantga nisbatan monopoliyaga qarshi tekshiruv boshlagani haqidagi xabarlardan keyin 11 foizga tushib ketdi, deb yozadi “RBK”. Nyu-York fond birjasida savdolar boshida qog‘ozlarning narxi 227,1 dollargacha pasaydi. 23-dekabr kungi savdolar yopilishida Alibaba qimmatli qog‘ozlari qiymati 256,18 dollarga teng bo‘ldi. Kompaniya kapitalizatsiyasi 23-dekabrdagi savdolar yakunlariga ko‘ra, 694,65 milliard dollardan 24-dekabr kuni 614,5 milliard dollargacha qisqardi.

Foto: “RIA Novosti”

Alibaba Group’ga nisbatan monopoliyaga qarshi tekshiruv boshlangani haqida 24-dekabr kuni Davlat bozorini tartibga solish boshqarmasi (SAMR) ma’lum qilgandi. Tekshiruv boshlashga kompaniya tomonidan Alibaba platformasini qo‘llaydigan sotuvchilarga bosim o‘tkazilayotgani haqidagi xabarlar asos bo‘ldi. Xususan, Alibaba sheriklarini hamkorlik to‘g‘risidagi eksklyuziv shartnomalarni imzolashga majbur qilishi, ular sotuvchilarning mahsulotlarni raqobatchi maydonlarda taklif qilishiga yo‘l qo‘ymasligi ma’lum bo‘ldi.

Xitoy Xalq banki mamlakat moliya regulyatorlari yaqin orada Alibaba’ning sho‘ba korxonasi — Ant Group moliyaviy texnologiya kompaniyasi vakillari bilan uchrashishini e’lon qildi.

Monopoliyaga qarshi tekshiruv o‘tgan oy rejalashtirilgan, Ant moliyaviy texnologiya kompaniyasining 34,4 milliard dollar aksiyalarini birinchi marta joylashtirish to‘satdan to‘xtatib qo‘yilganidan keyin yuz berdi. Bu dunyodagi eng yirik aksiyalar joylashtiriluvi bo‘lishi kerak edi, ammo Shanxay va Gonkongda aksiyalar savdosi boshlanishiga atigi ikki kun qolganida bloklab qo‘yilgan edi. IPO’ning amalga oshmay qolishiga kompaniyaning listing talablariga javob bermasligi va axborotni fosh qilgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Tarixdagi eng yirik IPO’ni bloklab qo‘yish qarori Alibaba Group rahbari Jek Ma ham Xitoy, ham xalqaro moliyaviy regulyatorlarining xalqaro qoidalarini tanqid qilganidan keyin bir necha kun o‘tib qabul qilingan edi.

Eng badavlat xitoylik milliarderlardan biri Jek Ma o‘z kompaniyasi Alibaba’ning aksiyalari pasayib ketishi ortidan bir kunda 3,5 milliard dollardan ziyod pul yo‘qotdi.

Forbes Real-Time reytingi ma’lumotlariga ko‘ra, Jek Maning davlati 24-dekabr kungi savdolar yopilishida 57,3 milliard dollarga baholangan. U bir kecha-kunduzda yo‘qotgan qiymat 3,6 milliard dollarga teng. Biznesmen reytingning 19-pog‘onasini egallab turibdi.