Xitoy davlat kemasozlik korporatsiyasi Shanxayda XXRning okeanlarni tadqiq qilish uchun birinchi “aqlli” kema yaratdi. Bu haqda China Daily gazetasi xabar qilmoqda.

Kemaga Shanxaydagi Tunszi universiteti sharafiga “Tunszi” deb nom berilgan.
“Bu yangi avlod 2000 tonnali ekologik toza, shovqinsiz va intellektual ilmiy-tadqiqot kemasi bo‘lib, uni mahalliy kompaniyalar mustaqil ravishda loyihalashtirgan va qurgan”, deydi bosh konstruktor Li Chjenxuan.
Qayd etilishicha, elektroreaktiv dvigatel bilan jihozlangan kema qirg‘oqdan masofadan boshqarilishi mumkin. U ochiq dengizlarda avtonom navigatsiya va energiya samaradorligini boshqarishning aqlli tizimi bilan ta’minlangan. “Tunszi” muzlik hududlardan tashqari deyarli barcha okean mintaqalarida harakatlanishi mumkin.
Kemaning uzunligi 81,5 metr, kengligi 15 metr, cho‘kishi esa 6,9 metrni tashkil etadi. U 45 kishini, jumladan 30 nafar olimni sig‘dira oladi va 15 uzelgacha (soatiga 27 kilometr) tezlikka chiqishi mumkin. Elektr kemaning suzish masofasi 80 ming dengiz milyasini tashkil etadi, u avtonom tarzda 35 kungacha ishlashi mumkin.
“Tunszi”dan ilmiy-tadqiqot va muhandislik ishlari uchun, shuningdek, Tunszi universiteti talabalarining amaliyot o‘tashlari uchun foydalaniladi.
Izoh (0)