Falsafiy multfilmlar bu oddiy ko‘ngilochar janrdan ancha yiroq bo‘lgan, inson hayotining eng muhim savollariga murojaat qiladigan o‘ziga xos yo‘nalishdir. Bunday asarlar hayot mazmuni, his-tuyg‘ular, insonlar orasidagi munosabatlar va har birimizning ichki olamimiz haqida chuqur o‘ylashga undaydi. Ular bolalarcha beg‘uborlik bilan kattalarga xos donolik o‘rtasida ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, oddiy hayotiy holatlarga boshqacha nigoh bilan qarashga va tuyg‘ular hamda fikrlarning asl mohiyatini kashf etishga yordam beradi. Ushbu maqolada ko‘z va qalbni quvontiradigan, chuqur mulohazaga chorlaydigan 10 ta animatsion film jamlangan.
“Ruh”

Pixar’ning eng yetuk va falsafiy animatsion asarlaridan biri bo‘lgan “Ruh” hayot mazmuni, taqdir va baxt mohiyati haqida o‘ziga xos fikr yuritadi.
Asosiy qahramon maktabda musiqa darsidan saboq beruvchi Jo Gardner, butun umri davomida sahnada jazz chalishni orzu qilib yashaydi. Nihoyat orzusiga yaqinlashganida, kutilmaganda vafot etadi. Uning ruhi boshqa olamga tushadi. Bu yerda hali tug‘ilmagan ruhlar hayotga tayyorlanadi.
Jo o‘z taqdiriga bo‘ysunishni istamaydi va yerga qaytib, orzusini amalga oshirish uchun harakat qiladi. U shu yerda 22-raqamli ruh bilan tanishadi. Bu ruh hayotga kelishni xohlamaydi. Ularning safarlari davomida film chuqur savollarni o‘rtaga qo‘yadi: har bir insonning yagona buyuk maqsadi bormi? Agar bo‘lmasa, unda hayotning mazmuni yo‘qoladimi?
“Ruh” inson faqat “katta orzu” bilan yashashi kerak degan mashhur afsonani inkor etadi. Film hayot o‘z-o‘zidan bebaho — sodda lahzalarda, qisqa tuyg‘ularda, oddiy voqealarda ekanini ko‘rsatadi. Orzular muhim, ammo shu damda yashashni, yashayotganingni his qilishni o‘rganish undan ham muhim.
Film vizual jihatdan ikki dunyoga bo‘linadi: yorqin va batafsil tasvirlangan Nyu York moddiy hayotni ifodalaydi, minimalistik uslubda chizilgan mavhum ruhlar dunyosi esa voqealarning ma’naviy tomonini aks ettiradi.
“Ruh” — bu nafaqat ko‘ngil ochuvchi animatsiya, balki insonni hayotga, muvaffaqiyatga, maqsadga va kundalik hayotdagi oddiy lahzalarga boshqacha nigoh bilan qarashga undovchi asar. Ayniqsa, kattalar uchun chinakam ilhom manbai bo‘la oladigan kamyob multfilm.
“Boshqotirma”

“Boshqotirma” bu Pixar studiyasi tomonidan yaratilgan noyob animatsion film bo‘lib, u tomoshabinni insoniy hissiyotlar olamiga 11 yoshli qizcha Raylining ichki dunyosi orqali olib kiradi. Bu shunchaki qiziqarli voqea emas, balki ong va his-tuyg‘ularni chuqur falsafiy tahlil qiluvchi asardir.
Film markazida beshta asosiy hissiyot — Quvonch, G‘am, Qo‘rquv, G‘azab va Nafrat turadi. Ular Raylining ongidagi boshqaruv markazidan fikr va xatti-harakatlarini boshqaradi. Oilasi yangi shaharga ko‘chib o‘tgach, Raylining hayoti izdan chiqadi va hissiyotlar o‘zaro to‘qnash keladi. Filmning asosiy saboqlaridan biri — hissiyotlar muvozanatini saqlash va barcha his-tuyg‘ularni to‘liq hayot uchun zarur deb tan olishdir.
“Boshqotirma” ning falsafiy g‘oyasi shundan iboratki, his-tuyg‘ular bir-biridan ajralgan holda emas, balki o‘zaro bog‘liq va murakkab emotsional manzarani yaratadi. Qarama-qarshi tuyulgan quvonch va g‘am aslida bir-birisiz mavjud bo‘lolmaydi. Film shu orqali inson zaifligini qadrlash va og‘riqni tajriba hamda o‘sishning bir qismi sifatida qabul qilish muhimligini ko‘rsatadi.
Bu hikoya voyaga yetishish nafaqat yangi bilimlarni egallash, balki o‘z ichki dunyosini qayta anglash ekanligini ko‘rsatadi. Rayli har doim baxtli bo‘lish imkonsizligini tushunadi — g‘am va qayg‘u quvonchni qadrlashga va yaqinlar bilan yanada chuqurroq aloqalar o‘rnatishga yordam beradi.
“Boshqotirma” — bu shaxsiyatimiz qanday shakllanishi, xotiralarimiz va hissiyotlarimiz qanday o‘zgarishi hamda chinakam yetuklik, faqat yorqin va ijobiy hislarni emas, balki butun hissiy spektrni qabul qilishda ekanligi haqida falsafiy mushohadadir. Bu animatsion film bizga o‘zimizni chuqurroq va rahm-shafqat bilan tushunishni o‘rgatadi, qalbimiz insoniyligimizni belgilovchi murakkab va go‘zal his-tuyg‘ular mozaikasi ekanini eslatadi.
“Vall-I”

“Ernest va Selestina: sichqoncha va ayiq sarguzashtlari”

“Ernest va Selestina” akvarel uslubidagi yumshoq vizuali, iliq muhiti va kutilmagan falsafiy chuqurligi bilan tomoshabinlarni o‘ziga rom etgan.
Multfilm ikki jamiyat o‘rtasidagi ziddiyatga asoslangan: yuqorida — ayiq, pastda esa sichqonlar yashaydi. Ular bir-biridan qo‘rqadi va nafratlanadi. Selestina — yetim sichqoncha, rassom bo‘lishni orzu qiladi, ammo uning jamiyatida bu ruxsat etilmaydi. Ernest — kambag‘al ko‘cha musiqachisi, jamiyatga sig‘maydigan ayiq. Ular tasodifan uchrashadi va haqiqiy do‘stlik vujudga keladi, bu esa barcha qoidalarga zid bo‘ladi.
Filmning asosiy g‘oyasi: muhabbat va tushunish kelib chiqishdan yoki ijtimoiy qoidalardan qat’i nazar yuzaga keladi. Ernest va Selestina qoliplarni buzadilar va jamiyat ularni jazolamoqchi bo‘ladi. Lekin aynan ularning ochiqligi, mehribonligi va samimiyligi ikki dunyo o‘rtasida ko‘prik yaratadi.
Film savol qo‘yadi: “O‘zimizniki” va “begona” o‘rtasidagi chegaralarni kim belgilaydi? Nega boshqani tushunish istagidan ko‘ra, undan qo‘rqish kuchliroq?
“Shimol tomon”

“Shimol tomon” bu fransuz-daniyalik animatsion film bo‘lib, u sarguzasht qobig‘i ostida erkinlik irodasi, qo‘rquvni yengish va voyaga yetishish haqidagi chuqur falsafiy g‘oyalarni ko‘taradi.
Voqealar XIX asr oxirida Rossiyada kechadi. Bosh qahramon yosh aristokrat qiz Sasha, mashhur sayohatchi Olsennning nabirasi bo‘ladi. Uning bobosi Shimoliy qutbga ekspeditsiya vaqtida g‘oyib bo‘lgan. Sasha kattalarni ishontirolmagach, o‘zi shimolga yo‘l oladi, bobosi qahramon ekanini isbotlash uchun.
Sasha qulay hayotni tark etadi va sovuq, ochlik, xiyonat, charchoq bilan yuzlashadi. Bu film haqiqiy inson qadriyatlari — sinov, iymon va haqiqatga sodiqlikda degan fikrni ilgari suradi.
Film quyidagi savolni qo‘yadi: Erkinlik nima degani? Sasha nafaqat tabiatga, balki yosh qiz sifatida jamiyatning cheklovlariga qarshi chiqadi. Minimalist animatsiyasi soddalik orqali ichki dramatizmni ochib beradi.
Bu hikoya hech kim ishonmaganda ham oxirigacha borish jasorati va haqiqat uchun qurbonlik haqida.
“Klaus”

“Klaus” — bu oddiy Yangi yil ertagi emas, balki ezgulikning o‘zgaruvchan kuchi, sevgidan tug‘iladigan ijobiy silsila haqida falsafiy ertak.
Asosiy qahramon — bekam-u ko‘st yashab kelgan, erkatoy yigit Jesper, pochta imperiyasi boshlig‘ining o‘g‘li. U uzoq shimoldagi Smirensburg shahrida pochta tizimini yo‘lga qo‘yishga majbur bo‘ladi. Bu yerda esa insonlar bir-biri bilan gaplashmaydi, urush holatida yashaydi.
Hammasi Klaus sokin, o‘yinchoq yasovchi odam bilan tanishgach o‘zgaradi. Ular bolalarga sovg‘a tarqatishni boshlaydi va bu butun jamiyatni o‘zgartiradi. Har bir yaxshilik yangi yaxshilikka turtki beradi.
Filmning g‘oyasi oddiy, ammo kuchli: Haqiqiy fidokorlik doimo yangi ezgulikni tug‘diradi.
“Qizil toshbaqa”

“Qizil toshbaqa”— bu so‘zsiz, ammo falsafiy jihatdan nihoyatda kuchli animatsion film bo‘lib, hayot, tabiat va qabul qilish haqida.
Noma’lum bir kishi orolda yakka qoladi. Har safar oroldan chiqmoqchi bo‘lganida, sirli kuch (qizil toshbaqa) bunga yo‘l qo‘ymaydi. Bir kuni u toshbaqani o‘ldiradi, lekin u ayolga aylanadi. Ular birga yashab, oila qurishadi, umr o‘tkazadi.
Film hayot ma’nosi tabiat bilan kurashda emas, balki birlashishda ekanini ko‘rsatadi. Toshbaqaning ayolga aylanishi inson va tabiat o‘rtasidagi ajralmas bog‘liqlik timsolidir.
Bu film — hayot, o‘lim, jimlik va borliq haqidagi meditatsiya. Uning sukunatida chuqur tinchlik va nozik g‘am bor.
“Shamol kuchaymoqda”

“Shamol kuchaymoqda” bu Xayao Мiyazaki tomonidan yaratilgan to‘liq metrajli animatsion film bo‘lib, unda animatsiya she’riy va falsafiy ifoda vositasiga aylanadi. Film afsonaviy yapon samolyot konstruktori — Ziro Xorikosi hayotidan ilhomlangan, ammo texnika yoki urush haqida emas, balki orzu, go‘zallik va ular uchun to‘lanadigan narx haqida hikoya qiladi.
Ziro bolaligidan uchishni orzu qiladi, ammo ko‘zining zaifligi bunga to‘sqinlik qiladi. Shunda u samolyot yasovchi muhandis bo‘lishga qaror qiladi. Uning orzularida unga italiyalik samolyot muhandisi Kaproni kelib: “Muhandis ham rassomdir. Go‘zallik uchun yarating,” deydi.
Bu ibora filmning falsafiy markaziga aylanadi. Dziro san’at darajasidagi samolyotlar yaratishga intiladi, ammo ularning barchasi urushda ishlatiladi. Миядзаки tomoshabinga og‘riqli savol beradi: “Agar dunyo vayronagarchilikka bo‘ysunsa, yaratuvchi bo‘lib qolish mumkinmi?”
Film davomida Ziro va Naoko o‘rtasidagi nozik va qayg‘uli muhabbat hikoyasi ham ochiladi. Naoko og‘ir kasal, ularning muhabbati qisqa va zaif, lekin go‘zallik va nur bilan to‘la. Film shu orqali shuni aytadi: go‘zallik o‘tkinchi bo‘lsa ham, bu uni kamroq qimmatli qilmaydi.
“Shamol kuchaymoqda” — Miyazakining eng yetuk, falsafiy va lirik asarlaridan biri bo‘lib, u go‘zallik va fojiani bir-biridan ajratmay, inson qalbining ziddiyatlarini kuchli va nafis tarzda aks ettiradi.
“Persepolis”

“Persepolis” bu Marjan Satrapining shu nomli avtobiografik grafik romaniga asoslangan animatsion film bo‘lib, unda yosh eronlik qizning voyaga yetishi va ichki kurashi, siyosiy halokatlar va madaniy to‘qnashuvlar fonida tasvirlanadi. Ammo shaxsiy taqdir haqida hikoya qilish orqali film aslida erkinlik, shaxsiylik va tanlov narxi haqida falsafiy va samimiy bayonot beradi.
Marjan Tehronda, Islom inqilobi davrida ulg‘ayadi. Uning bolaligi siyosiy shiorlar, oilaviy noroziliklar va bolalarcha xayollar aralashmasida o‘tadi. U payg‘ambar bo‘lishni orzu qiladi, Iron Maiden guruhini tinglaydi, o‘qituvchilari bilan bahslashadi.
O‘smirlik yillarida ota-onasi uni Yevropaga, Vena shahriga yuboradi. Bu yerda yangi bosqich boshlanadi — ichki surgun. Go‘yoki bu jamiyatda u o‘ziga sodiq bo‘lishi mumkin, lekin u bu yerda begonalik hissidan qutula olmaydi. “Qayer mening uyim?”, “Men kimman, hech qayerda o‘zimni uyimdagidek his qilmasam?” — bu savollar filmning falsafiy markaziga aylanadi.
Film shaxsiy erkinlik va tarix, madaniy xotira va moslashish zarurati, “o‘zing bo‘lish” istagi va atrofdagilarning tasdig‘ini izlash o‘rtasidagi ziddiyatlarni o‘rganadi. Vizual jihatdan film oq-qora grafik uslubda yaratilgan.
Marjan mukammal qahramon emas. U xatoga yo‘l qo‘yadi, yo‘ldan adashadi, yolg‘on bilan o‘zini himoya qiladi, aybdorlikdan aziyat chekadi. Lekin aynan shular orqali u haqiqiy inson sifatida ko‘rinadi.
Bu film shaxsiy hayot qanday qilib katta siyosat va tarix bilan uzviy bog‘langanini, o‘z tilingdan, yurtingdan, xotirangdan qochib bo‘lmasligini, lekin shuningdek, erkinlik — bu geografik joy emas, balki o‘zligingni saqlash uchun ichki kurash ekanligini eslatadi.
Izoh (0)