Niger g‘arbidagi ikkita qishloqning 100 ga yaqin aholisi 2-yanvar kuni “Boko Haram” terrorchilik guruhi jangarilari tomonidan o‘ldirildi. Yana 25 kishi jarohat oldi, deb xabar bermoqda Euronews.

Foto: DTNext

Huquq muhofazachilari hodisani ushbu Afrika mamlakatida tinch fuqarolarning ommaviy ravishda o‘ldirilishi deb atadi.

Qishloqlardan birining tirik qolgan meri aytib berishicha, mototsikl mingan o‘nlab jihodchilar ikkita kolonnaga bo‘linib, bir vaqtning o‘zida bir-biridan 7 km uzoqlikda joylashgan ikkita aholi punkti aholisiga hujum qilgan.

AP aniqlik kiritishicha, mahalliy hukumat so‘zlariga ko‘ra, Tillaberi tumanidagi qishloqlar mahalliy aholisi ikki jangarini o‘ldirganidan keyin hujumga uchragan. Ommaviy qotillik Niger saylov komissiyasi mamlakatda prezident saylovining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tishi haqida e’lon qilingan kuni yuz berdi.