AQSh Kongressi binosidagi tartibsizliklardan keyin ichki terrorizm bo‘yicha kamida 25 ta ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Vakillar palatasi a’zosi Jeyson Krou armiya vaziri Rayan Makkarti bilan suhbatdan so‘ng ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.
Shuningdek, Krouning bayonotida aytilishicha, Kapitoliyga uyushtirilgan shiddatli hujum ishtirokchilarida stvolli o‘qotar qurol, “Molotov kokteyllari”, portlovchi qurilmalar va plastik kishanlar borligi aniqlangan.
Avvalroq Kapitoliyga hujum munosabati bilan 80 dan ortiq kishi hibsga olingani haqida AQSh hukumati ma’lum qilgandi. Ularning 50 dan ziyodiga turli ayblovlar, shu jumladan, komendantlik soatini buzganlik, noqonuniy bostirib kirganlik, qurol va o‘q-dorilarni noqonuniy olib yurish ayblovlari e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, AQShda 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovlari natijalarini saylovchilar hay’ati 15-dekabr kuni qo‘llab-quvvatlab, demokratlardan nomzod Jo Baydenni g‘olib deb e’lon qildi. Kongress yakunlarni 6-yanvar kuni tasdiqlashi kerak edi. Bunga saylovda mag‘lub bo‘lgan prezident Donald Trampning tarafdorlari xalaqit berdi: ular Kongress binosi yonida yig‘ilib, ichkariga bostirib kirdi. Politsiya ularni faqat kuch bilan quvib chiqara oldi.
Kongressmenlarning bir qismi Kapitoliydan evakuatsiya qilindi. Vashingtonda komendantlik soati e’lon qilinib, tartibni saqlash uchun AQSh poytaxtiga Milliy gvardiya kuchlari kiritildi. To‘qnashuvlarda besh kishi halok bo‘ldi.
Keyinroq, 7-yanvar kuni AQSh Kongressi majlisini davom ettirib, Jo Baydenning AQShning 46-prezidenti etib saylanganini tasdiqladi va uning inauguratsiyasini 20-yanvarga belgiladi. Tramp ovoz berish yakunlaridan hamon norozi bo‘lsa-da, vakolatlarni saylangan prezidentga topshirishga tayyorligini e’lon qildi.
Bir qator demokrat siyosatchilar Trampni o‘z tarafdorlarini zo‘ravonlikka gijgijlashda aybladi. Amaldagi AQSh prezidenti eng yirik ijtimoiy tarmoqlarda vaqtinchalik yoki doimiy ravishda bloklandi, uning ma’muriyatidagi o‘nga yaqin xodim iste’fo berdi.
Vakillar palatasi spikeri, Demokratlar partiyasi a’zosi Nensi Pelosi vitse-prezidentdan Trampni hokimiyatdan chetlatishni talab qildi. Aks holda Pelosi Trampga nisbatan impichment jarayonini boshlash bilan tahdid qildi.
Mavzuga doir:
- AQSh Kongressi vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Trampni “Putinning xizmatkori” deb atadi
- Shvarsenegger bolaligida “natsistlar tomonidan aldangan” mast otasi uni do‘pposlagani haqida gapirib berdi. Endi Tramp o‘z tarafdorlarini xuddi shunday aldayotganini aytdi
- AQShda Kapitoliy shturmida qatnashganlar hibsga olindi. Ular orasida QAnon “shomoni” ham bor
Izoh (0)