Garri, Ron va Germiona “Ajal tuhfalari” filmining ikkinchi qismi kinoteatrlarda namoyish etilganidan 15 yil o‘tgach, ekranlarga qaytadi. Suratga olish ishlari bilan mashhur “Taxtlar o‘yini” serialini taqdim etgan HBO kompaniyasi shug‘ullanadi. Shou yettita kitob asosida suratga olinib, yetti mavsumdan iborat bo‘ladi. Film ijodkorlari serial “Garri Potter haqidagi sevimli kitoblarning aniq moslashuvi” bo‘lishini va’da qilmoqda.
Mashhur uchlikni kimlar ijro etadi?
HBO uch asosiy qahramon rolini ijro etish uchun kasting e’lon qildi. Garri, Ron va Germiona rollarini Buyuk Britaniya yoki irlandiyalik 9-11 yoshli bolalar ijro etishi kerak. Nomzodlardan ikkita qisqa video yozish talab qilinmoqda. Birinchi videoda ular she’r yoki hikoya o‘qishlari, ikkinchisida esa o‘zlari haqida so‘zlab berishlari lozim.
Ma’lum bo‘lishicha, suratga olish ishlari 2025—2026-yillarda Angliyada bo‘lib o‘tadi. Serialning efirga uzatilishi 2026-yilga mo‘ljallangan.
Bellatrisa Lestreynj
Bellatrisa Lestreynj rolini kim o‘ynaydi? Bu personaj hikoyaning boshidanoq paydo bo‘lmagani sababli serial ijodkorlari munosib aktrisani tanlash uchun yetarli vaqtga ega. Aytgancha, muxlislar bu rolda “Taxtlar o‘yini” serialidagi makkor Serseya Lannister obrazini yaratgan Lina Xidini ko‘rishni istashmoqda.
Professor Makgonagall
Olamdan o‘tgan Meggi Smitning o‘rnini aktrisa Janet Maktir egallashi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalmoqda. Hozirda u muzokaralar olib bormoqda va professor Minerva Makgonagall rolini ijro etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Professor Sneyp
Dastlab franshizaning eng sevimli qahramonlaridan biri – Severus Sneyp roli 31 yoshli Edvard Blyumelga berilishi haqida gap-so‘zlar yurgan edi. Ammo keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, suratga olish shartnomasini Paapa Essyedu imzolashi ehtimoli yuqori ekan.
Voldemort
Muxlislar orasida aylanib yurgan yana bir mish-mish bor — go‘yoki Killian Myorfi Voldemort rolini ijro etarmish.
Lyutsius Malfoy
Yana shunday mish-mishlar ham borki, Tom Felton “Potter” olamiga qaytib, Lyutsius Malfoy rolini ijro etishi mumkin ekan.
Rejissyorlik kursisida kim?
Jarayonni kim boshqaradi? Loyihaning ssenariy muallifi “Vorislar” seriali prodyuseri Francheska Gardiner bo‘ladi.
Rejissyor etib Mark Maylod tayinlandi. U “Vorislar” va “Taxtlar o‘yini” seriallarining ayrim qismlarini suratga olgan.
Izoh (0)