O‘zbekistonda donorlik harakatini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun kuchga kirdi.

28-fevralda imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, “Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi hamda “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishincha “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar uchun bir yo‘la beriladigan pul mukofoti miqdori oshirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Bunda mazkur ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadiganlar BHMning 15 baravari — 5 million 625 min so‘m miqdorida bir yo‘la beriladigan pul mukofotini olishi belgilandi. Ilgari bu miqdor BHMning 5 baravari edi — 1 million 875 ming so‘m.
Shuningdek, ularga shahar yo‘lovchilar transportidan (bundan yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilar mustasno) bepul foydalanish, o‘zlari uchun qulay bo‘lgan vaqtda har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish hamda sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish huquqi berilmoqda.
Donorlik harakatini qo‘llab-quvvatlash

Donorlik harakatini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi 21-yanvar kuni Qonunchilik palatasi majlisida uchinchi o‘qishda qabul qilingandi. Qonun Senatning 2025-yil 21-fevraldagi yalpi majlisida muhokama qilinib, ma’qullangan.
Aholi orasida beg‘araz donorlik harakati rivojlantirilishi prezidentning 2022-yil avgustdagi “Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirish choralari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangandi.
O‘zbekistonda donor qon plazmasidan dori vositalarini ishlab chiqarishga ham ruxsat berilgan. Prezidentning “2022–2026-yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoni bilan donor qonini to‘plash va uning asosida farmatsevtika mahsulotlarini xususiy tartibda ishlab chiqarishga taqiq bekor qilingan.
Izoh (0)