Shavkat Mirziyoyev 19-iyun kuni Qashqadaryoga tashrifi davomida Shahrisabz shahridagi ko‘p tarmoqli kardiologiya markazi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, rossiyalik tadbirkor bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Oq saroy” klinikasi yaqinda ishga tushdi. Bu yerda 4 ta jarrohlik va 6 ta reanimatsiya xonalari, 100 dan ortiq shifo o‘rinlari mavjud. Bir vaqtning o‘zida 4 ta va kuniga 25 tagacha yuqori texnologiyali kardiojarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish imkoniyati yaratilgan. Buning uchun Rossiya, Turkiya va Kuvaytdan malakali shifokorlar ishga jalb etilgan. Stentlash, aorta koronar shuntlash, tug‘ma nuqsonlarni bartaraf etish, endoprotezlash kabi davolar samarasi yuqori.


Markaz yuqori aniqlikda tashxis xizmati ham ko‘rsatadi. Masalan, zamonaviy exokardiografiya uskunasi sun’iy intellekt yordamida ishlaydi. Bunaqasi hozircha O‘zbekistonda yagona. Davlat rahbari bunday innovatsion klinikalar tibbiyotda sifat va dunyoqarashni o‘zgartirishi, boshqalarni ham transformatsiyaga undashini ta’kidladi.

“Bu yerdagi tizimni andoza qilib olib, 14 ta hududimizda shunday klinikalar tashkil etish zarur. Bunga qancha mablag‘ kerak bo‘lsa, topamiz. Faqat zamirida xalqimiz uchun kafolatlangan sifatli davo bo‘lishi lozim. Muqobillik, raqobat bo‘lmasa, sifatga intilish bo‘lmaydi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga bu borada taklif tayyorlash, klinikalarni birlamchi bo‘g‘in va tibbiy sug‘urta tizimi bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shifoxonada 130 ta ish o‘rni yaratilgan. Malakali mutaxassislar tayyorlash uchun shu yerning o‘zida klinik ordinatura yo‘lga qo‘yilgan. Prezident bunga alohida ahamiyat qaratib, talaba va shifokorlarning malakasini oshirish, xorijlik mutaxassislar bilan telemedisinani kengaytirish muhimligini aytdi.

Xabarda ta’kidlanishicha, noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida qashqadaryoliklar orasida yurak qon-tomir xastaliklari ko‘p uchraydi. Yangi klinika va uning qoshidagi markaz ushbu kasalliklarni erta aniqlab tashxis qo‘yish va davolashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur markaz tomonidan mobil diagnostika mashinalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, chekka hududlardagi aholiga UTT, MSKT, EKG kabi tibbiy xizmatlarni ko‘rsatadi.








Bugungi kunda Qashqadaryoda 700 dan ziyod xususiy klinika ochilgan bo‘lib, ularda 72 ta xizmat turi yo‘lga qo‘yilgan.
Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga hududlar rivoji, islohotlar natijadorligi bilan tanishish maqsadida kelgandi. 19-iyundagi tashrifini Qarshi shahridagi “Alp texno servis” elektrotexnika korxonasi bilan tanishuvdan boshladi. Tashrif davomida turizm, energetika kabi ko‘plab sohalardagi korxonalar faoliyati va mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirish ham rejalashtirilgan. Shuningdek, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning kelgusi vazifalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)