Daryo

O‘zbekistonda faxriy donorlarga beriladigan mukofot puli oshiriladi

Shuningdek, ularga bir qator imtiyozlar beriladi

1 daqiqa o‘qish15 092 ko‘rishlar0 izoh0

“Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirish choralari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Hujjat bilan respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyati takomillashtiriladi va aholi orasida beg‘araz donorlik harakati rivojlantiriladi.

Prezident qaroriga ko‘ra, 2023-yil 1-yanvardan boshlab:

“O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga biryo‘la beriladigan pul mukofoti summasi BHMning 5 baravaridan 15 baravarigacha (1,5 million so‘mdan 4,5 million so‘mgacha) oshiriladi.

“O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi:
  • ular uchun qulay bo‘lgan vaqtda yillik asosiy mehnat ta’tiliga chiqish;
  • shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish;
  • davlat sanatoriy-kurortlarida davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish.
Doimiy (yiliga kamida 3-marta qon topshiruvchi) donorlar va ularning yaqin qarindoshlari (ota-onalari, turmush o‘rtog‘i, farzandlari, aka-uka va opa-singillari, turmush o‘rtog‘ining ota-onalari) statsionar davolanish jarayonida, zarurat tug‘ilganda, qon va uning tarkibiy qismlari bilan bepul ta’minlanadi.

Donorlarni bepul ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha xarajatlarning qiymati respublika bo‘yicha bir xil — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 foizi miqdorida belgilanadi.

Immun donorlarga o‘tkazilgan immunizatsiya va topshirilgan plazmasi uchun haq to‘lash miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining oshirilishi darajasi doirasida mutanosib ravishda indeksatsiya qilib boriladi.

Shoshilinch holatlarda donor qonining tarkibiy qismlarini tashish uchun tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, har oyning ikkinchi haftasi “Qon donorligi haftaligi” deb e’lon qilindi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar