O‘zbek xirurgiyasi tarixida ilk bor bir paytning o‘zida yurak va buyrakda noyob operatsiya o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, akademik Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bir vaqtning o‘zida yurak koronar-shuntlash va buyrak transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazildi. Milliy xirurgiya tarixida ilk bor amalga oshirilgan bu noyob operatsiya o‘zbek kardiojarroh va transplantologlari tomonidan mustaqil bajarildi.
Bemor Davron G‘oyibov 47 yoshda bo‘lib, yuqori qon bosimi, bosh og‘rig‘i, ko‘z xiralashishi va doimiy charchoq kabi asoratlardan aziyat chekib kelgan, o‘zida surunkali buyrak yetishmovchiligi borligidan xabar topgach, dializ muolajalarini ola boshlagan. Shuningdek, u ko‘p yillardan beri qandli diabet, gipertoniya kasalligi bilan kardiolog va endokrinolog nazoratida ham turgan. Natijada sentabr oyida xirurgiya markaziga buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha murojaat qilgan. Bemorga o‘z qizi Zebiniso G‘oyibova donorlik qilmoqchi ekanini bildirgan.
Buyrak transplantatsiyasi juda uzoq vaqt davom etishi sababli buni xastaning yuragi ko‘tara olmasligi mumkin edi. Chunki tekshiruvlar davomida bemor yuragining uchta joyida jiddiy muammo aniqlandi. Operatsiya davomida yurak tanaga qon yetkazib bera olmasdan, infarkt yuzaga kelishi xavfi bor edi. Shuning uchun ham rejalashtirilgan amaliyot ikki bosqichda o‘tishi belgilandi, — deydi markaz bo‘lim mudiri, professor Fazliddin Bahriddinov.
Birinchi bosqichda yurakda koronar-shuntlash amaliyoti bajarilib, unga parallel ravishda buyrak ko‘chirib o‘tkazishga qaror qilindi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday murakkab amaliyot dunyo bo‘yicha yiliga atigi 5-10 marta amalga oshiriladi. O‘zbekiston hududida esa hali bunday operatsiya bajarilmagan. Xirurgiya markazida tashkil etilgan komissiya a’zolarining ruxsati bilan boshlangan ushbu yuqori texnologik noyob muolaja muvaffaqiyatli yakunlandi. Hozir bemor va donorning ahvoli yaxshi, ularni tibbiy standartlar bo‘yicha davolash jarayoni davom ettirilmoqda.
Izoh (0)