Istanbuldagi Bosh konsulxonaga 14-yanvar kuni qo‘lbola spirtli ichimlik iste’moli oqibatida zaharlanib vafot etgan 5 nafar O‘zbekiston fuqarosining yaqin qarindoshlari murojaat qildi. Bu haqda Bosh konsulxona matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu holatlar Istanbulning Aksaray tumanida sotib olingan spirtli ichimlik iste’moli oqibatida yuzaga kelgan.
Vafot etgan fuqarolar asosan 35–40 yoshdagi erkaklar bo‘lgan.
Bosh konsulxona favqulodda holatlar yuzasidan quyidagi telefon raqamlarga murojaat qilishni so‘ragan: +905535411717
Avvalroq Samarqandda aroqdan zaharlanish oqibatida 5 nafar erkak vafot etgani haqida xabar berilgandi.
Andijon viloyatida 2024-yil dekabrida 5 kishi spirtli ichimlikdan zaharlanib vafot etgandi. 22 kishi O‘zbekiston aksiz markasi yopishtirilgan “O‘zbekiston” nomli konyak iste’mol qilgani oqibatida shifoxonaga o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan yotqizilgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan zarur tibbiy yordamga qaramasdan, ularning 5 nafari vafot etgandi.
2023-yilning sentyabrida Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa va Oltiariq tumanlarida 7 kishi aroqdan zaharlangandi. Namanganda esa 2020-yil oxirlarida 12 kishi aroqdan zaharlanib, ularning ikki nafari vafot etgandi.
Izoh (0)