Polsha prezidenti Karol Navrotskiy ukrainalik qochqinlarga ijtimoiy imtiyozlarni uzaytirishni nazarda tutgan qonun loyihasiga veto qo‘ydi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, qonun loyihasi qochqinlarga himoya va ijtimoiy imtiyozlarni taqdim etishni ko‘zda tutgan. Voyaga yetmaganlar hech qanday shartlarsiz nafaqa va bepul tibbiy xizmat olish huquqiga ega edi. Qonun 2026-yilning martigacha amal qilishi kerak edi. Agar yangi hujjat kuchga kirmasa, imtiyozlar 30-sentyabr kuni bekor qilinadi.
Prezident Navrotskiy Polsha ukrainalik qochqinlar uchun ochiq bo‘lib qolishini ta’kidladi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, 2022-yildan buyon vaziyat o‘zgargan, shuning uchun qonunchilikni moslashtirish zarur. U bolalar uchun nafaqalar va bepul tibbiy yordamni faqat ishlayotgan ukrainaliklarga qoldirishni taklif qilgan.

Bosh vazir o‘rinbosari Kshishtof Gavkovskiy prezident vetosidan so‘ng Ukraina uchun Starlink tizimiga to‘lov ham xavf ostida ekanini bildirdi. Polsha ukrain armiyasi uchun sun’iy yo‘ldosh aloqasini moliyalashtirayotgan eng yirik donor mamlakatlardan biri sanaladi. Ushbu mablag‘lar aynan prezident veto qo‘ygan qonun orqali huquqiy jihatdan tartibga solinadi. Shunday qilib, Ukraina Qurolli Kuchlari oktyabr oyida Starlink bilan bog‘liq muammolarga duch kelishi mumkin.
So‘nggi oylarda Yevropa mamlakatlari ukrainalik qochqinlarga ko‘rsatilayotgan yordamni kamaytira boshladi. Germaniyada 1-apreldan boshlab kelgan yangi qochqinlar pastroq ijtimoiy to‘lovlarni olmoqda. Slovakiya 2025-yil fevralidan boshlab boshpanalarda qolish muddatini va moliyaviy yordamni qisqartirdi. Chexiya esa qochqinlar uchun bepul gumanitar turar joy muddatini besh oydan uch oyga tushirdi.
Izoh (0)