Butun dunyoda homilador ayollarning yarmidan ko‘pi og‘riq va isitmani davolash uchun qabul qiladigan paratsetamol (atsetaminofen) bolalarda asab tizimi rivojlanishining buzilishi xavfi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Tadqiqot natijalari Environmental Health (EH) jurnalida e’lon qilindi.

Xalqaro olimlar guruhidan iborat yangi keng qamrovli tadqiqot atsetaminofenning homila rivojlanishiga ta’siri bo‘yicha o‘tkazilgan 46 ta ilmiy ishning natijalarini umumlashtirgan. Ularning yarmidan ko‘pi homiladorlik paytida bu dori vositasini qo‘llash va diqqat yetishmovchiligi hamda giperaktivlik sindromi (DYGS) va autizm spektri buzilishlari kabi holatlarning yuzaga kelish ehtimoli o‘rtasida statistik jihatdan muhim bog‘liqlikni ko‘rsatgan. Ayniqsa, biomarkerlardan foydalangan va bolalarni uzoq vaqt davomida kuzatgan eng ishonchli tadqiqotlar xavf haqida eng aniq ma’lumotlarni bergan.
Olimlarning ta’kidlashicha, bu preparat yo‘ldoshdan oson o‘tadi va gormonal boshqaruv, immunitet jarayonlari va oksidlanish stressining mexanizmlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu esa uni shakllanayotgan miya uchun potensial xavfli qiladi. Ayniqsa, DYGS bilan bog‘liqlik sezilarli, 20 ta tadqiqotning 14 tasida onalari homiladorlik davrida paratsetamol qabul qilgan bolalarda bu kasallik tashxisi qo‘yilishi chastotasi oshganligi aniqlangan. Sakkizta ishning beshtasida autizm bilan ham shunday bog‘liqlik topilgan. Ba’zi hollarda dozaga bog‘liq reaksiya kuzatilgan. Preparat qanchalik ko‘p va uzoq vaqt qo‘llanilsa, xavf shunchalik yuqori bo‘lgan.
Tadqiqotchilar dori vositasi va bola miyasining rivojlanishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqroq o‘rganish uchun turli xil bemorlar guruhlari ishtirokida yanada kattaroq va batafsil loyihalarni rejalashtirmoqda. Kelajakdagi ishlarning maqsadi nafaqat ushbu xavfni tasdiqlash yoki inkor etish, balki homilador ayollarda og‘riq va isitmani davolashning xavfsizroq usullarini topishdan iboratdir.
Izoh (0)