Rossiyaning “Yangi odamlar” fraksiyasi deputatlari Vladislav Davankov, Yaroslav Samilin va Kseniya Goryacheva Rossiya Federatsiyasi fan va oliy ta’lim vaziri Valeriy Falkovga migrantlar uchun imtihonni “Rossiyada ayollar bilan munosabat me’yorlari” bo‘limi bilan to‘ldirish taklifini o‘z ichiga olgan xat yo‘llashgan. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar bermoqda.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda ma’muriy chiqarib yuborish, deportatsiya va readmissiya to‘g‘risida 190 mingta qaror qabul qilingan. Bu 2023-yilga nisbatan 93,8 mingtaga ko‘p hisoblanadi. Murojaatda ta’kidlanishicha, migrantlar tomonidan jamoat tartibini buzish holatlari, jumladan, “ayollarga nisbatan haqoratli va hurmatsiz munosabat, bezorilik va tahqirlash holatlari” tobora ko‘payib bormoqda.
“Deportatsiya va chiqarib yuborish amaliyoti takomillashganiga qaramay, migrantlarda ayollarga nisbatan madaniy va huquqiy me’yorlar to‘g‘risida asosiy bilimlarni shakllantirishga qaratilgan oldini olish choralarini ko‘rish zarur”, deya ta’kidlaydi mualliflar.
“Chet el fuqarolari uchun rus tili, Rossiya Federatsiyasi tarixi va qonunchiligi asoslari bo‘yicha imtihonni Rossiyada ayollar bilan munosabat me’yorlariga bag‘ishlangan majburiy bo‘lim bilan to‘ldirish maqsadga muvofiqdir. Rossiya Federatsiyasi hukumatining 2021-yil 31-maydagi 840-sonli qaroriga o‘zgartirishlar kiritish zarur, unga ko‘ra ishlash uchun ruxsatnoma yoki patent olishga da’vogar bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning minimal bilim darajasiga qo‘yiladigan talablar tasdiqlangan. Chet el fuqarosi ayollar bilan munosabat me’yorlarini, jumladan, bezorilik va tahqirlash uchun huquqiy oqibatlarni bilishi shartligi to‘g‘risidagi qoidani qo‘shish kerak”, deyiladi hujjatda.
Mualliflarga ko‘ra, xorijiy fuqarolar “ta’qib qilish yoki yopishqoq xatti-harakatlarning har qanday shakli ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishiga olib kelishi” haqida xabardor qilinishi lozim.
Parlament a’zolarining fikricha, taklif etilayotgan tashabbusning amalga oshirilishi nizoli vaziyatlar sonini kamaytirishga, jamoat joylarida ayollarning xavfsizligi va himoyalanganlik darajasini oshirishga, jamiyatning davlat migratsiya siyosatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga imkon beradi.
“Imtihonni madaniy va huquqiy xulq-atvor me’yorlari bilan to‘ldirish chet el fuqarolarining yanada muvaffaqiyatli integratsiyasi uchun sharoit yaratadi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi an’analari va qonunlariga hurmatli munosabatda bo‘lishni shakllantirishga yordam beradi”, deydi deputatlar.
Bundan avval Rossiyada maktabga bormaydigan migrant bolalarni oilasi bilan mamlakatdan chiqarib yuborish taklif qilingandi.
Iyul oyi oxirida Sankt Peterburg shahrida patentga ega bo‘lgan muhojirlarning taksi xizmatlarida ishlashi taqiqlangandi.
Izoh (0)