Buyuk Britaniyaning janubiy sohili yaqinidagi Uayt orolida sayyohlik vertolyoti qulashi oqibatida uch kishi vafot etdi, yana bir kishi og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan. Bu haqda Sky telekanali xabar bermoqda.

“Bugun ertalab Uayt orolida yuz bergan vertolyot halokati natijasida uch kishi halok bo‘ldi. Vertolyotda jami to‘rt kishi bo‘lgan, ulardan biri hozirda og‘ir ahvolda shifoxonada davolanmoqda”, deyiladi Xempshir va Uayt oroli politsiyasi bayonotida.
Hozircha halokat sabablari aniqlanmagan. Britaniyaning Aviatsiya hodisalarini tekshirish boshqarmasi (AAIB) mahalliy ommaviy axborot vositalariga “bugun ertalab Uayt orolida yengil vertolyot bilan sodir bo‘lgan hodisa” haqida xabardor qilinganini va voqeani o‘rganish uchun maxsus guruh jo‘natilayotganini ma’lum qilgan.
Keyinroq vertolyot operatori, sayyohlik parvozlari va uchish darslari bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi Northumbria Helicopters kompaniyasi mahalliy OAVga bergan izohida vertolyotda to‘rt kishi bo‘lganini tasdiqlagan. Shuningdek, kompaniya halokat yuz bergan paytda vertolyotda uchish darsi o‘tkazilayotganini ham ma’lum qilgan.
Jahon parvozlar xavfsizligi jamg‘armasi veb-saytida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, halokatga uchragan vertolyot Amerika ishlab chiqaruvchisi Robinson Helicopter kompaniyasining yengil ko‘p maqsadli to‘rt o‘rinli tijorat modeli - Robinson R44 Clipper II ekanligi aniqlandi.
Bundan avval Qozog‘istonning Olmaota viloyatida EC-145 harbiy vertolyoti radarlardan yo‘qolib qolgani xabar qilingandi.
6-avgust kuni Gananing Ashanti viloyatida harbiy vertolyot qulab tushishi oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida ikki nafar vazir ham bor.
Izoh (0)