Iordaniya Hoshimiylar podshohligi podshohi Abdulla II ibn al-Husayn prezident Shavkat Mirziyoyev bilan Samarqand xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasini borib ko‘rdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mehmon o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, hunarmandchilik va amaliy sanʼatini aks ettiruvchi ko‘rgazmalarni tomosha qilgan. Raqs jamoalarining chiqishlari namoyish etilgan.

“Bu yerda xalqimizning buyuk o‘tmishi ramzlari to‘plangan, tarixiy shaharlarimizdagi diqqatga sazovor joylarining nusxalari barpo etilgan. Milliy anʼanalarimiz bilan birga do‘st xalqlar bilan aloqalar tarixi ham aks ettirilgan. Bunday maʼno-mazmun, tarix va bugungi kun uyg‘unligi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi”, deyiladi manbada.




Avvalroq 25-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Samarqandga yetib borgani, keyin Abdulla II ibn al-Husayn ham mazkur viloyatga tashrif buyurgani xabar qilingan. Mehmon O‘zbekiston prezidenti hamrohligida Samarqand shahridagi Shohi Zinda, Registon majmualari va Amir Temur maqbarasini ziyorat qilgan.
Ertaga, 26-avgust kuni O‘zbekiston-Iordaniya sammitining asosiy tadbirlari, shu jumladan oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Muloqotda siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Izoh (0)