Turkiya prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘on Amerika rahbari Donald Tramp bilan telefon orqali Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish, Eron bilan muzokaralar va G‘azo sektoridagi vaziyatni muhokama qildi. Erdog‘on Trampning Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha yondashuvini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar bermoqda.

“Prezident Erdo‘g‘on AQSH prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatlashdi. U AQSH prezidentining urushlarni to‘xtatish bo‘yicha yondashuvini qo‘llab-quvvatlashini, Eron bilan muzokaralar jarayonini va Trampning Rossiya-Ukraina urushini to‘xtatish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qadrlashini aytdi. Erdo‘g‘on suhbat davomida G‘azo sektoridagi insonparvarlik inqirozi jiddiy tus olganini, insonparvarlik yordami uzluksiz yetib borishi lozimligini va bu insonparvarlik fojiasiga chek qo‘yish zarurligini ta’kidladi”, deyiladi Turkiya rahbari devonxonasi bayonotida.
Shuningdek, Erdo‘g‘on Trampga mintaqadagi mojarolarda “Turkiya o‘t ochishni to‘xtatish rejimini o‘rnatish va barqaror tinchlikni ta’minlash uchun hamkorlik qilishga va har qanday yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini” bildirgan.
Prezidentlar Suriya masalasini ham muhokama qilishgan. Erdo‘g‘on shu munosabat bilan “AQSHning Suriyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatish borasidagi sa’y-harakatlari Suriyaning hududiy yaxlitligi va barqarorligini ta’minlash jarayoniga hissa qo‘shishini” ma’lum qilgan.
“Suhbat davomida prezident Erdo‘g‘on AQSH prezidenti Trampni Turkiyaga taklif etdi”, deyiladi bayonotda.
Muloqot davomida ikki tomonlama munosabatlar, mintaqaviy va global muammolar ham muhokama qilingan.
“Erdog‘on Turkiyaning AQSH bilan ko‘plab sohalarda, xususan, mudofaa sanoatida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettirishini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida turkiyalik hamkasbi bilan telefon orqali suhbatni juda yaxshi va samarali deb baholagan.
“Men hozirgina Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on bilan ko‘plab masalalar, jumladan, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush, Suriya, G‘azo va boshqa ko‘plab masalalar bo‘yicha juda yaxshi va samarali telefon suhbati o‘tkazdim”, deb yozdi Tramp.
Amerika rahbari Erdo‘g‘ondan Turkiyaga tashrif buyurish taklifini olganini tasdiqlagan va u ham Vashington shahriga tashrif buyurishini bildirgan.
“Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi behuda, ammo halokatli urushni to‘xtatish bo‘yicha Erdo‘g‘on bilan hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutyapman — HOZIROQ!”, deya qo‘shimcha qildi Oq uy rahbari.
Izoh (0)