Pokiston armiyasi Xayber-Paxtunxva viloyatining Bannu tumanida o‘tkazgan aksilterror operatsiyasi davomida kamida olti nafar jangarini yo‘q qildi, yana to‘rt nafarini yaraladi.
Bu haqda Geo telekanali Pokiston qurolli kuchlarining xizmatlararo jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limiga (ISPR) tayanib xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 23-apreldan 24-aprelga o‘tar kechasi Pokiston harbiylari Bannu tumanini ekstremistlardan tozalash operatsiyasini o‘tkazgan. Ularning nishoni mamlakatda taqiqlangan “Fitna al-Xavorij” guruhi jangarilari bo‘lgan.
“To‘qnashuv chog‘ida olti nafar terrorchi yo‘q qilindi, yana to‘rt nafari yaralandi. Otishma atrofidagi hududni tozalash operatsiyasi davom etmoqda” deyiladi xabarda.
ISPR maʼlumotlariga ko‘ra, harbiylar orasida qurbonlar yo‘q.
Avvalroq Hindiston razvedka xizmatlari Jammu va Kashmirda mamlakatning boshqa hududlari aholisi, sayyohlar, politsiya va temiryo‘l xodimlariga qarshi yangi terrorchilik hujumlari sodir etilishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.
22-aprel kuni Jammu va Kashmir shtatining Hindiston nazoratidagi qismida joylashgan Paxalgam shahri yaqinida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhiga o‘t ochishi oqibatida 26 kishi halok bo‘ldi. Hujum uchun javobgarlikni o‘zini “Kashmir qarshiligi” (Kashmir Resistance) deb atovchi ilgari noma’lum bo‘lgan harbiylashgan guruh o‘z zimmasiga oldi.
24-aprel kuni esa Hindiston va Pokiston harbiylari Jammu va Kashmirdagi chegara nazorat chizig‘ida bir-biriga qarata o‘q uzgani xabar qilingandi.
Izoh (0)