“Daryo” jahon matbuoti sharhi ruknining navbatdagi muhokamalarga boy sonini diqqatingizga havola etadi.
Belarusda nima gap?
The Guardian nashrining jurnalisti Endryu Rot Belarusda yuzaga kelgan qaltis siyosiy vaziyat prezident Aleksandr Lukashenko siyosatidan norozi bo‘lganlar sonini ko‘paytirmoqda, deb yozadi.Aleksandr Lukashenko 1994-yildan beri hokimiyat tepasida qolayotgan MDH davlatlaridagi prezidentlardan biri. Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat 9-avgust sanasida Belarusda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida Lukashenko uchun bir qator muammolarni keltirib chiqarishga sabab bo‘ldi. 26 yil davomida sharqiy Yevropada qolayotgan diktator Lukashenko hokimiyatidan Belarus xalqi va elitasi allaqachon norozilik bildira boshlagan. Shunday elita vakillaridan biri sobiq bankir Viktor Babariko sanaladi.
Babariko oldin siyosat bilan shug‘ullanmagan shaxs sifatida tanilgan. Ammo pandemiya sharoitida hukumatning virusga qarshi kurashdagi loqaydligi va Rossiya bilan integratsiyalashuvga qarshi kurashish uchun sobiq bankir prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yishini ma’lum qildi. Sobiq sovxoz raisi Lukashenko o‘z bayonotlarida koronavirusni milliy ichimlik “vodka” bilan yengish mumkinligi haqidagi tavsiyalarini ham berishga ulgurgandi. 9-may sanasida esa koronavirusga qarshi kurashish o‘rniga mamlakatda G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan harbiy parad ham o‘tkazdi. Bunday siyosiy tadbirlar esa Belarus hukumatining virusga qarshi mutlaqo befarq siyosatidan darak.
Ayni paytda Belarusda COVID-19 bilan kasallanganlar soni 54 mingdan oshdi. Bu esa qo‘shni mamlakatlar Polsha, Ukrainaga nisbatan ancha ko‘pdir. Babariko Lukashenko siyosatidan norozi bo‘lar ekan, OAVga bergan intervyusida “Hukumatning oyog‘i yerdan uzilib qolgan, rahbariyat belaruslar bundan keyin ham hukumat o‘tkazayotgan tazyiqlarga chidayveradi, deb o‘ylamoqda, ammo bugungi belaruslar 26 yil avvalgi belaruslar emas”, degan fikrlarni bildirgan.
Lukashenko uzoq muddat davomida hokimiyat tepasida qolishining sababi esa soxta saylovlardir. Bugun u 6-muddatga saylanishga tayyorlanar ekan, bu safargi saylovlar kutilmagan sovg‘alarni tayyorlab qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Shu sababli Lukashenko diktatura rejimida bo‘lgani kabi o‘z siyosiy muxoliflariga qanday zarba berish rejasini ham puxta qilib qo‘ygan ko‘rinadi.
O‘tgan hafta Belarus maxsus xizmatlari Babariko ishlagan bankda tintuv o‘tkazdi va Babarikoni jamoat tinchligini buzishda va ommaviy tartibsizliklar o‘tkazishni maqsad qilganlikda ayblab chiqdi. Shu voqeadan so‘ng esa Lukashenkoning milliy reytinglardagi nufuz foizi ancha pastlab ketdi. Babariko esa Lukashenkoning saylovchilari 50 foizdan ham kam ekanini ta’kidlagan holda bu safargi saylovlar mamlakatda o‘ziga xos o‘tishini aytdi.
Lukashenko siyosatidan norozilarning bir qator sabablari bor: iqtisodiy inqirozni bartaraf etishdagi ojizliklar, koronavirusga qarshi kurashning mag‘lubiyati, ijtimoiy tarmoqlarda Belarus rahbariga yog‘dirilayotgan haqoratlar, o‘z g‘oyalariga amal qilmagan holda korrupsiyaga imkon berayotgan hokimiyat.
“Nashe mneniye” tahririyatining muharriri Valeriya Kostyugova nazarida hozirda Belarusdagi siyosiy vaziyat porox to‘ldirilgan qutini eslatmoqda, koronavirus esa moyga o‘t qalamoqda. Bugun belaruslar bor diqqat-e’tiborini saylovga qadagan va ular Lukashenko hokimiyatidan qutulishni xohlamoqda.
Belarusda hokimiyat bo‘g‘inlarida yoriqlar paydo bo‘lgan. Bu yoriqlar Lukashenko uchun hech qanday ijobiy natija keltirmaydi. YouTube tarmog‘idagi mashhur vloger Sergey Tixanovskiy o‘z kanalida “Suvarakni to‘xtating” nomi ostida Lukashenkoga qarshi imzo yig‘ish tadbirini boshlab yuborgan. Tixanovskiyning tarafdorlari tadbir doirasida shippaklar sotib ola boshlagan. Tahlilchilar bu holatga esa “Shippaklar inqilobi” deya nom berishga ham ulgurdi.
Belarus hukumati so‘rovlar o‘tkazilishini taqiqlayotgan bo‘lsa-da, ko‘plab belaruslar muxolifatchi partiyalarni himoya qilish maqsadida imzo yig‘ish uchun navbatga turgan holatlari ham kuzatilmoqda. Minsklik siyosiy tahlilchi Artem Shraybman nazarida Lukashenko aksar belarus ijtimoiy guruhlarning noroziligiga sabab bo‘ladigan holatni yuzaga chiqarishga erishdi, deb yozadi.
Lukashenko esa o‘rta sinf vakillarini o‘ziga qarshi siyosiylashtirishda davom etmoqda. Shu sababdan Belarus xavfsizlik xizmati o‘z ishini Tixanovskiyni qamoqqa olishdan boshlab yubordi. Tixanovskiyga jamoat tartibini buzganlik aybi qo‘yildi. Agar mazkur ayblovlar o‘z isbotini topsa, Tixanovskiy hayotining uch yilini panjara ortida o‘tkazishga mahkum. Ayrimlar esa Tixanovskiyni saylovga qo‘ymaslik uchun ham shunday tadbir o‘tkazildi, Tixanovskiy keyin ozod etiladi, demoqda.
Yana diqqatga sazovor holat. Juma kuni Babarikoning o‘g‘liga tegishli MolaMola nomi ostidagi xayriya tadbiri o‘tkazishga mo‘ljallangan platformani ham bloklab qo‘yishdi. Mazkur platforma sabab ko‘plab belaruslar mamlakatdagi koronavirusga qarshi kurash doirasida shifokorlarga sezilarli mablag‘ to‘plash ishlarida faol yordam ko‘rsatib kelayotgan edi. Belarus rahbari Lukashenko esa bunday xayriya tadbirlari ortida Rossiya oligarxlari turganini va mamlakatda hech qanday inqilob bo‘lmasligini ta’kidladi.
Hozirda Lukashenko Rossiya bilan munosabatlari sovuqlashar ekan, g‘arbning ko‘magiga ko‘z tikkan. Lukashenko agar g‘arb bilan munosabatlarini iliqlashtirar ekan, balki siyosiy muxolifatchilariga qatag‘on siyosatini o‘tkazishni bekor qilar. Ammo bir narsa aniq — har qanday holatda ham Minsk rahbari o‘z siyosiy karyerasini achinarli tugashiga yo‘l qo‘ymaydi.
Dunyoning mo‘rt davlatlari uchun asosiy maqsadlar nima bo‘lishi kerak?
Gaiti, Yaman, Afg‘oniston, Venesuela – dunyoning eng mo‘rt davlatlaridir. Bu mamlakatlar koronavirusga qarshi kurashga tayyor emasligini bir necha marta ko‘rsatib qo‘ydi. The Project Syndicate nashrida e’lon qilingan maqola mualliflari Devid Kemeron, Ellen Jonson Serlif, Donald Kaberuka nazarida bu qashshoq mamlakatlarning muammolari global muammoga aylanishi mumkin, buning oldini olish uchun esa bir qator choralarni ko‘rish ayni muddao.Koronavirusga qarshi kurash hech bir mamlakatni chetlab o‘tmadi. Ammo Yaman, Afg‘oniston, Sudan, Gaiti, Syerra Leone, Myanma va Venesuela kabi mamlakatlar koronavirusga qarshi kurash bilan bir qatorda mamlakatdagi qashshoqlik, korrupsiya, ixtiloflar va samarasiz boshqaruv muammolari bilan ham kurashishiga to‘g‘ri kelmoqda. Koronavirus esa mazkur mavjud muammolarni yanada chuqurlashtirib yubordi.
Mazkur mamlakatlarga samarali boshqaruv, virusga qarshi kurashish uchun mamlakat miqyosida olib boriladigan choralar, samarali politsiya kuzatuvi, ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish uchun mablag‘ va ta’minot hamda virus bilan kasallanganlarga o‘z vaqtida tibbiy muolaja ko‘rsatish xizmati yetishmayapti.
Sog‘liqni saqlash tizimidagi vaziyat esa abgor ahvolda. Yevropa mamlakatlarida million nafar aholiga 4 ming dona kasalxona koykasi to‘g‘ri kelayotgan bir vaziyatda Afrika mamlakatlarida besh million shaxsga 4 ming dona kasalxona koykasi to‘g‘ri kelmoqda. Malida esa sun’iy nafas oldirish moslamasi butun mamlakatda faqat 3 donani tashkil qilmoqda.
Hukumat virusga qarshi samarali kurashishi uchun xalqning ham ishonchi muhim. Biroq mo‘rt mamlakatlarning aksarida amaldagi hukumatning qonuniyligi shubha ostida. Bu esa siyosiy choralarni amalga oshirish uchun ham katta to‘siq.
Kuchli xususiy tarmoq ham samarali siyosat yurgizayotgan davlatlarning tayanchi bo‘la oladi. Insonlar o‘z oilalarini boqishi uchun ishlashi kerak, hukumatlar esa o‘zlarini ta’minlay olmayotgan aholi qatlamlariga yordam berishi uchun esa soliqlarni yig‘ishi talab etiladi. Mo‘rt davlatlarda esa iqtisodiyot ojiz yoki rasmiy iqtisodiyot o‘z o‘rnini soya iqtisodiyotiga bo‘shatib bergan.
Koronavirus boshlangan kezlarda xalqaro iqtisodchilar tomonidan qashshoq mamlakatlarga koronavirus kamroq ta’sir qiladi, chunki ular global siyosiy yoki iqtisodiy aloqalardan ihotalangan, o‘z qobig‘i doirasiga o‘ralib olgan, deya taxmin qilingandi. Biroq vaziyat aksi bo‘lib chiqdi. So‘nggi haftalarda Sudan, Janubiy Sudan, Somali, Yaman kabi mamlakatlarda koronavirus bilan zararlanish va o‘lim holatlari rivojlangan mamlakatlardagi holatdan ancha yuqori bo‘ldi.
Vaziyatni yanada yomonlashtiradigan holat esa pandemiyaning iqtisodiy oqibatlariga qarshi kurashish bo‘lib qolmoqda. Qashshoq mamlakatlarning aholisi karantin sabab Xitoy kabi mamlakatlar bilan savdo qilishdan uzilib qoldi yoki xorijda ishlayotganlar o‘z oilalariga pul mablag‘larini jo‘nata olmay qoldi. Xomashyo mahsulotlari va neftdan keladigan daromadlar keskin qisqardi va davlatning budjet defitsiti keskin oshdi. Bu esa bu mamlakatlarda to‘yib ovqat yemaslik, ochlik kabi muammolarni ham keltirib chiqarmoqda.
Ommaviy migratsiya, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, iqtisodiy oqibatlar bugunda nafaqat qashshoq mamlakatlarning ichki muammosi, balki jahon e’tiboriga molik bo‘lgan muammolarga aylanib qolmoqda. 2030-yilga kelib qashshoq aholining deyarli yarmi qashshoq mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelishini inobatga olsak, yuqoridagi muammolar yanada keskinlashib ketishi aniq.
Iqtisodi mo‘rt mamlakatlar kengashi bugun o‘z oldiga qashshoq mamlakatlar iqtisodiyotidagi og‘riqli muammolarni hal qilish maqsadida taniqli siyosatchilar diplomatlar, iqtisodchilar, biznes doiralarni, olimlarni to‘pladi. Mazkur kengash a’zolari u yoki bu muammolarga tahlillarga tayangan holda yechim topish bilan shug‘ullanishni boshladi.
Mazkur kengash o‘z faoliyati doirasida, birinchidan, ijtimoiy himoya barcha uchun ochiq va bo‘lishi hamda tez ishlashi lozim. Ko‘chma aloqa tarmoqlari zaruriyat haqidagi ma’lumotlarni yig‘ishi va muntazam to‘lovlarni taqsimlash uchun ishlatishi kerak. Ikkinchidan, qashshoq mamlakatlarda oziq-ovqat ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan ichki sanoatni rivojlantirishni maslahat bermoqda. Misol uchun, Syerra Leoneda oldinlari guruch yetishtirish asosiy qishloq xo‘jaligi tarmog‘i edi, ammo bugun mamlakat guruchni import qilishni ma’qul ko‘rmoqda. Umuman olganda, Afrikadagi 60 foiz unumdor yer qarovsiz holda yotibdi.
Mintaqada asosiy qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish bosh maqsadga aylanishi lozim. Uchinchidan, koronavirusga qarshi vaksina topilganda qashshoq mamlakatlar boy mamlakatlardagi xarid quvvatining yuqoriligidan chetga siqib chiqarilmasligi kerak. Virus hammaga birdek xavf solar ekan, hech bir mamlakat bundan mustasno bo‘lolmaydi. Virusga qarshi vaksinalarning tez va ko‘p miqdorda ishlab chiqarilishi hukumatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi esa maqsadga muvofiq. To‘rtinchidan, qashshoq mamlakatlarni bevosita qo‘llab-quvvatlash joiz. Yaxshi tajribaga ega moliyaviy institutlar rivojlanishidan kelib chiqqan holda qashshoq mamlakatlardagi kichik biznes subyektlarini ko‘proq moliyalash maqsadga muvofiq.
Afsuski, amalda hukumatlar yirik biznesga urg‘u bergan holda kichik biznes subyektlariga o‘gay bolalaridek munosabatda bo‘ladi. Nihoyat G20 mamlakatlari qarzdor qashshoq mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashi kerak. Bu yilning o‘zida qashshoq mamlakatlar olgan qarzlar miqdori 40 milliard dollardan oshib ketdi. Shu boisdan ham qashshoq mamlakatlar yanada ko‘proq inqiroz botqog‘iga cho‘kib ketmasligi uchun moliyaviy tashkilotlar qarzdor mamlakatlarning qarzlariga nisbatan moratoriy e’lon qilishi lozim.
Agarda mazkur tavsiyalar amalga oshiriladigan bo‘lsa, qashshoq mamlakatlar uchun bu pandemiya inqirozlarining oldini olish va uning salbiy oqibatlarini yumshatish uchun vaqtdan yutish imkonini beradi. Virus esa insoniyatga tezroq harakat qilish kerakligi borasida unutilmas saboq berdi.
Hindiston va Xitoy urushining sababi nimada?
15-iyun sanasida Hindiston va Xitoy chegarasidagi bahsli hududda ixtilof chiqdi. Ikki tarafdan ham sezilarli qurbonlar va jarohatlanganlar bo‘ldi. The Foreign Policy nashri mazkur hind-xitoy nizolarining ildizlariga nazar solishga va ixtilofni tushunishga yordam beradigan maqola chop etdi.Xitoy va Hindiston hukumatlarining bahsli hududdagi nizolar oldini olishga qaratilgan siyosatiga qaramasdan, nizo kelib chiqishi oqibatida 20 ga yaqin harbiy turli darajadagi tan jarohati olgan. Mazkur holat 1975-yildan beri ikki mamlakat o‘rtasidagi shunday tusdagi nizolarning qurbonlar bilan yakunlangan navbatdagi mojaro hisoblanadi. Xitoylik harbiylar ham halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan bo‘lsa-da, hozircha Xitoy rasmiylari nechta xitoylik halok bo‘lgani yoki jarohat olgani haqidagi ma’lumotlarni ochiqlagani yo‘q.
Odatda, Xitoy hukumati bunday ma’lumotlarni oshkor qilishdan o‘zini tiyadi. Kelishuvga muvofiq bahsli chegara hududida hind va xitoylik harbiylar o‘qotar qurollarni olib yurishi taqiqlangan. Chegarachilar, odatda, tayoq va boshqa himoya vositalaridan foydalanib kelishadi. Shunday bo‘lsa-da, qurbonlarning bor bo‘lgani mazkur holat haqida jahon matbuotida “tayoqlar jangi” nomi ostida maqolalar chop etildi. Nizo Ladakx hududida sodir bo‘lgani esa ayrim harbiylar jarlikka qulab halok bo‘lgan, degan taxminlarni ham ilgari surishga undaydi.
Nizoning sabablari nimada?
1950-yillarda Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining tezda yurishib ketishiga qaramasdan, Himolay tog‘laridagi tartibga solinmagan chegarada vaqti-vaqti bilan nizolar chiqib turadi. Demarkatsiyani, asosan, britaniyalik topograf va geologlar amalga oshirgan. Natijada chegarani belgilashda yo‘l qo‘yilgan mavhumliklar bois ko‘pincha bu hudud Tibet, Sikkim, Butan va Nepal qirolliklari orasida ixtiloflarga sabab bo‘ladi. 1962-yilda esa mazkur hudud sababli Xitoy g‘alabasi bilan yakunlangan urush bo‘lgan.
Xitoy, shuningdek, Kashmir borasida Pokiston hukumatini qo‘llab keladi va “Bir kamar, bir yo‘l” Xitoy tashabbusiga rasmiy Dehli shubha bilan qaraydi. Avvalo Xitoy va Pokiston o‘rtasidagi iqtisodiy yo‘lak barpo etilishi hind hukumatida xavotirlar uyg‘otadi. Bugun na Xitoy, na Hindiston tarafi o‘rnatilgan chegaralarni tan oladi. Ular bu chegara hududga “Nazorat chizig‘i” deya nom bergan. 2017-yilda xitoyliklar Butan, Hindiston va Xitoy hududidan o‘tgan mazkur chegara hududi orqali yangi yo‘l qurishga urinib ko‘rishi ortidan xitoylik va hindistonlik harbiylar 73 kun davom etgan qo‘l jangiga kirishib ketadi.
Voqeadan so‘ng esa Xitoy va Hindiston rahbariyati chegara bo‘ylab yangi harbiy infratuzilmani o‘rnatishga kelishib oladi. Bu esa Hindistonga chegara liniyasini o‘zining hududiga bog‘lab olishga va u yerda yo‘llar va ko‘priklar qurishga imkon berdi. Bu esa Hindistonga basharti to‘qnashuv yuz beradigan bo‘lsa, o‘z harbiylarini chegaraga yetkazish imkonini ham berdi. To‘qnashuv kelib chiqqanda taraflar bir-birlarini chegarani qasddan buzganlikda ayblab kelishadi. Dushanba voqealaridan so‘ng ikki mamlakatning hukumat rahbarlari nizoni diplomatik dialog orqali bartaraf qilishga xohish bildirishdi. Keyingi hafta esa chegara borasida Xitoy-Hindiston muzokaralarga kirishishni belgilab oldi.
Ikki mamlakatning ommaviy axborot vositalari “hay barakalla, vatanparvarlik” orqali minglab xitoylik va hindistonlik vatandoshlarining milliy tuyg‘ularini uyg‘otishning turli shakllarini yaxshigina bilishadi, shu sababdan Xitoyda, asosan, davlat nashrlari, Hindistonda esa xususiy matbuot muzokaralar oldidan jamoatchilikni anchayin zo‘ravonlikka targ‘ib qiladigan kayfiyatga yetaklashi ham mumkin. Ba’zida bunday matbuot tarang vaziyatni yumshatishga ham yordam beradi. 2019-yilda Hindiston va Pokiston o‘rtasida kelib chiqqan havo jangi ortidan ikki mamlakat matbuoti ham o‘z mamlakatlari jangda g‘alaba qozonganini e’lon qildi. Shundan so‘ng aholi tinchlandi-yu, siyosatchilar vaziyatni diplomatiya yordamida hal qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Hindiston va Xitoy o‘rtasida chegara muammoni ijobiy hal qilish uchun tabiat ham qarshidek. Chunki iqlim o‘zgarishlari natijasida muzliklar bilan qoplangan hududning relyefi o‘zgaruvchan xarakterga ega. Nizoga esa ehtimol har ikki taraf biz o‘zimizga qarashli hududdamiz, degan o‘y ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
O‘tmishda Hindiston va Xitoy o‘rtasida chegaraviy nizolar yuz berganmi?
So‘nggi marta Xitoy va Hindiston chegarasida 1975-yilda harbiy to‘qnashuv yuz bergan va harbiylar o‘limi qayd etilgan. 1960-yillar oxiri Xitoyda madaniy inqilob avj pallasiga chiqqan, xitoylik harbiylar Hindiston va Sovet Ittifoqi bilan harbiy nizolarga kirishgan payt ham bo‘lgan. O‘sha davrda Xitoy armiyasi va Hindiston askarlari Sikkim va Tibet uchun qisqa, ammo qonli voqealarga sabab bo‘lgan jangga kiradi.
Ikki tarafdan yuzlab harbiylar o‘ldiriladi va yarador bo‘ladi. Sovet Ittifoqi va Xitoy o‘rtasida Ussuri daryosi chizig‘i bo‘ylab chegara o‘tadi. Maocha g‘oyalar bilan sug‘orilgan xitoylik askarlar atayin nizo keltirib chiqarish maqsadida chegarani buzib o‘tadi. Qurbonlar soni ham ko‘payadi. Xalqaro jamoatchilik esa yadro jangi boshlanib ketishi borasida ham xavotir bildiradi. Biroq katta doiradagi mulozimlarning sa’y-harakatlari natijasi o‘laroq urushning oldi olinadi.
Xitoy-Hindiston chegara munosabatlarining kelajagi qanday?
Hindiston hukumati chegaradagi to‘qnashuvdan so‘ng ikki mamlakat vaziyatni yumshatishga harakat qilayotgani haqida ma’lum qildi, biroq shu ondayoq Xitoy hukumatini kelishuvlarga qaramasdan xitoylik askarlarni qasddan chegarani buzish orqali nizo keltirib chiqarganlikda aybladi. Xitoy tarafining ham bayonotlari keskin yangradi. Xitoy rasmiylari Ladakxdagi Galvan vodiysini nazarda tutar ekan, Hindistonni Xitoy hududiga avvaldan tayyorlangan holda bostirib kirganlikda ayblab chiqdi.
2017-yilda Uxanda Xitoy hukumati raisi Si Szinpin va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi uchrashgan va uchrashuv chog‘ida Doklam platosidagi vaziyatni kelishib olishga erishilgandi. Bugun esa mazkur kelishuvlar natijasi yo‘qqa chiqishi mumkin. Agarda qurbonlar soni ko‘p bo‘lsa, har ikki taraf ham qasos olishni o‘z hukumatlaridan so‘rab bosim o‘tkazishi mumkin. Koronavirus Xitoyda mavhumlikni yuzaga keltirdi va ayni paytda butun dunyo o‘z nigohini Xitoyga qaratgan. Xitoylik rahbarlar esa millatchilik kayfiyatiga berilgan jamoatchilikning bosimiga uchramoqda. O‘zini tiyish siyosati esa xitoylik rahbariyatning siyosiy karyerasiga nuqta qo‘yishi mumkin. Shu sababdan xitoylik diplomatlar o‘zlarini tajovuzkor bo‘ridek tutishmoqda.
Hindistonda esa Xitoy mintaqani qamal qilayotganidan asabiylik kayfiyati hukmron. Xitoy Pokistonni o‘zining asosiy ittifoqchisi sanamoqda. Shri Lanka, Nepal so‘nggi paytlarda Hindistondan uzoqlashib, o‘z yuzlarini rasmiy Pekinga burib olgan. Bundan tashqari, Xitoy Bangladeshning iqtisodiyotiga katta sarmoya yotqizmoqda. 1960–1970-yillardagi so‘nggi jangdan buyon ancha o‘zgarishlar bo‘ldi. Agar o‘sha kezlarda ikki mamlakatning iqtisodiyoti bir xil bo‘lgan bo‘lsa, hozirda Xitoy yalpi ichki mahsuloti Hindistonnikidan besh baravar ko‘p va rasmiy Pekin o‘z mudofaa tizimiga rasmiy Dehlinikidan to‘rt marotaba ko‘p pul sarflamoqda.
Agarda ikki mamlakat o‘rtasida urush kelib chiqadigan bo‘lsa, xitoyliklarning qo‘li baland keladi. 1979-yilda so‘nggi marta jang qilgan Xitoydan farqli ravishda hindlar Pokiston bilan katta-kichik janglarda muntazam ishtirok etib keldi. Bu borada esa hind harbiylari tajribaliroq.
Xitoy va Hindiston chegara bahsi ijobiy yakun topadimi?
Xitoy 1990–2000-yillar mobaynida Sovet Ittifoqi va boshqa postsovet mamlakatlari bilan uzoq davom etgan muzokaralar natijasida chegaraga oid bahslarni hal qilib olishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo Himolaydagi chegaraviy bahslar esa anchayin jiddiy. Birinchidan, balandliklar ustidan nazoratni qo‘lga kiritish harbiylarga kelajakdagi to‘qnashuvlarda sezilarli ustunlik beradi.
Shuningdek, Himolay muzliklaridan boshlanuvchi 1,4 milliard inson foydalanadigan daryo suvi masalasi ham o‘ta nozik. Xitoy va Hindiston o‘rtasidagi nizolarni hisobga olmaganda, Himolay mintaqasida Nepal, Butan, Pokiston manfaatlarini ham yoddan chiqarmaslik kerak. Xitoy millatchiligi va Hindistondagi “hay barakalla, vatanparvarlik” hali beri ikki mamlakat o‘rtasidagi chegaraviy bahslarga nuqta qo‘yilmasligidan darak beradi.
Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)