Toshkent shahrida giyohvand va psixotrop moddalarini tarqatish bilan shug‘ullangan 2005-yilda tug‘ilgan A.N. qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023-yilning 30-sentyabrida Telegramʼda katta maosh taklif qilinayotgan ishni ko‘rib, admin bilan bog‘lanadi va u tomonidan yuborilgan geolokatsiya orqali Yuqori Chirchiq tumaniga boradi. Ko‘rsatilgan joydan giyohvand moddani olib, bo‘laklarga bo‘lib, mijozlarga admin yuborgan xabarlar asosida tegishli joylarga yetkazib bergan.
A.N.ning tergov jarayonida bergan ko‘rsatmasida aytilishicha, qilayotgan ishi jinoyat ekanligini anglagach, u bu ishdan bosh tortadi. Ammo admin u haqdagi barcha maʼlumotlar – qayerda yashashi, oilasi haqida aytadi. Agar bosh tortsa, “sportik”larini (jazolovchi shaxslar) jo‘natishini aytib, ishdan bosh tortgani uchun shafqatsiz, vahshiyona jazolangan shaxslar haqidagi videotasvirni jo‘natadi. Bundan qo‘rqqan A.N. yana giyohvand va psixotrop moddalarini tarqatishga majbur bo‘ladi.
2023-yilning 2-oktyabrida Uchtepa tumani IIO FMB PPX xodimlari tomonidan fuqaro A.N. qo‘lga olindi.
Fuqaro o‘sha kuni tumandagi savdo majmuasi oldida mijozlari bilan uchrashib, “tovar”ni topshirishi va pulini olishi kerak bo‘lgan. U majmuada xizmat vazifalarini bajarayotgan formadagi xodimlarni ko‘rib, sarosimaga tushadi va o‘zini bejo tutib, ketayotgan yo‘lini keskin o‘zgartiradi.
Bu holat xodimlar eʼtiborini tortdi. Fuqaro xolislar ishtirokida tekshirilganda, uning sumkasidan 1 dona elektron tarozi, uch dona poliyetilen paketga solingan quritilib, maydalangan, o‘tkir hidli moddalar aniqlanadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida A.N.ning jinoiy ishi qonunan ko‘rib chiqildi.
U Jinoyat kodeksining 273-moddasining 5-qismi (giyohvand vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan aybli deb topildi va mazkur kodeksning 57-moddasini qo‘llanilib, 7 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Giyohvand moddalar savdosi:
Mart oyi o‘rtalarida DXX Chegara qo‘shinlari va Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida katta miqdordagi narkotik moddalarning o‘zbek—qirg‘iz davlat chegarasidan noqonuniy o‘tkazilgan holati aniqlangandi.
Shuningdek, Navoiy viloyatida narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh qo‘lga olingani, Toshkentda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan talabalar ushlangani, Samarqanddagi tungi klubda 10 ming AQSH dollari evaziga giyohvand modda sotishga uringanlar qo‘lga tushgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Aprel oyi oxirida Toshkent viloyatida narkokuryerlik bilan shug‘ullangan kollej talabasi ushlangandi.
Oktyabr oyining 10 kuni davomida giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan (“zakladka”) tarqatgan va shunday noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan 32 nafar shaxs ushlangan.
Izoh (0)