Hindiston hukumati elektr energiyasini tejash maqsadida yangi konditsionerlardagi harorat sozlamalariga cheklov kiritmoqchi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

Mamlakat energetika vaziri Manohar Lal Xattar iyun oyida yangi qoidani taklif qilgan. Unga ko‘ra, Hindistonda sotiladigan konditsionerlar haroratini 20 daraja Selsiydan pastga sozlash taqiqlanadi. Bu o‘zgarish 1,4 milliarddan ortiq aholiga ega mamlakatda katta hajmdagi energiyani tejashi kutilmoqda.
Hindiston dunyodagi eng yirik konditsioner bozorlaridan biri bo‘lib, yiliga 10 milliondan 15 milliongacha konditsioner sotiladi. Bu aholi daromadlarning ortishi, urbanizatsiya va havo haroratining ko‘tarilishi bilan bog‘liq.
Hozirda konditsionerlar uchun eng past harorat 17 daraja hisoblanadi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, konditsioner harorati har bir darajaga ko‘tarilganda taxminan 6 foiz energiya tejaladi.
Energetika sohasi mutaxassislari bu taklifni ijobiy baholagan. Vazir qoida tez orada kuchga kirishini aytgan, biroq aniq sanani ma’lum qilmagan. Taklif Hindistonning jazirama shaharlarida istiqomat qiluvchilar orasida turlicha qarshilangan.
Umuman olganda, energiyani tejashga urinish yaxshi deb o‘ylayman. Biroq hukumat odamlarning hayotini haddan tashqari noqulay qilib qo‘ymasligiga umid qilaman. Ba’zan Chennay kabi shaharlarda havo o‘ta issiq va nam bo‘ladi, shuning uchun konditsionerni past haroratga sozlashga majbur bo‘lamiz. Aks holda, qizimning tanasida issiqlikdan toshmalar paydo bo‘ladi, deydi Chennay shahrida rafiqasi va 4 yoshli qizi bilan yashovchi 37 yoshli o‘qituvchi Vikram Kannan.
Hindistonda energiya iste’moli, ayniqsa, yoz oylarida keskin oshadi. Bu davrda ayrim hududlarda harorat 51 daraja Selsiygacha yetishi mumkin.
Izoh (0)