Smart Swim “aqlli” suzish ko‘zoynaklarining ilk modeli ishlab chiqilganidan deyarli olti yil o‘tib, Form kompaniyasi uning ikkinchi avlodini taqdim etdi. Yangilangan Smart Swim 2 bir qator zamonaviy imkoniyatlarga ega bo‘lib, u avvalgi versiyaning asosiy funksiyalarini ham saqlab qolgan.

Ushbu ko‘zoynaklar linzalaridan biri 72 x 40 piksel o‘lchamdagi kengaytirilgan reallik displeyi bilan jihozlangan. Displey mashg‘ulot vaqtida suzuvchining harakatlariga qarab avtomatik tarzda moslashadi, bu jarayonda akselerometr ma’lumotlaridan foydalaniladi. Ekranda suzish tezligi, yo‘nalishi, bosib o‘tilgan masofa va boshqa muhim ko‘rsatkichlar aks etadi.

Shuningdek, ko‘zoynakning chakka qismiga o‘rnatilgan maxsus sensor yurak urish tezligini o‘lchaydi. Barcha ko‘rsatkichlar Form ilovasi orqali tahlil qilinadi va foydalanuvchiga mashg‘ulot samaradorligini baholash, natijalarni yaxshilash bo‘yicha yordam beradi. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun Smart Swim 2 ni Apple Watch yoki Garmin “aqlli” soatlariga ulash mumkin.

Yangi modelning eng diqqatga sazovor funksiyalaridan biri bu — SwimStraight deb nomlangan raqamli kompasdir. U qisqa vaqt ichida sozlanadi va suzish vaqtida foydalanuvchiga to‘g‘ri yo‘nalishda harakatlanishga yordam beradi. Biroq ushbu funksiyadan foydalanish uchun oylik 10 dollarlik obuna talab etiladi. Obuna yordamida foydalanuvchilar 1 500 dan ortiq murabbiylar boshchiligidagi tayyor mashg‘ulotlarga ham ega bo‘lishadi.

Form Smart Swim 2 ko‘zoynaklarining narxi 279 dollarni tashkil etadi. Bundan tashqari, uning Gorilla Glass 3 linzalari bilan jihozlangan Pro versiyasi ham mavjud bo‘lib, u 329 dollardan boshlanadi.
Izoh (0)