Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida kadastr xodimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, davlat kadastrlar palatasining Oqqo‘rg‘on tuman filiali kadastr muhandisi o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, mahalliy fuqaro tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 9 sotix yer maydoniga 2024-yildagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun doirasida egalik guvohnomasini rasmiylashtirib, uy-joy qurish uchun ruxsat olib berish evaziga 1200 dollar talab qilgan.
DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda IJQK departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda kadastr muhandisi so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (xizmat mavqeyidan foydalangan holda firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat kodeksiga ko‘ra, firibgarlik xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha (112,5 million so‘mdan 150 million so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum etilgan holda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izoh (0)