Los Anjeles okrugi sherifi X ijtimoiy tarmog‘ida AQSH hujumi munosabati bilan Eronga hamdardlik bildirdi, keyinchalik esa postni o‘chirib tashladi. Bu haqda CBS News nashri xabar bermoqda.

“Yaqinda Eronda sodir bo‘lgan portlashlar oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning oilalariga hamdardlik bildiramiz. Ushbu fojiali voqea chet elda sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, Los Anjeles okrugi sherifi departamenti mahalliy, shtat va federal hamkorlarimiz bilan birgalikda vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatib bormoqda”, deyildi postning asl nusxasida.
Portalning ma’lum qilinishicha, post darhol tahrirlangan, undan eronlik oilalar va qurbonlar haqidagi ma’lumotlar olib tashlangan, shuningdek, ular “chet eldagi vaziyatni diqqat bilan kuzatayotgani” qayd etilgan. Keyinchalik esa post butunlay o‘chirib tashlangan.
Post olib tashlanganidan so‘ng sherif departamenti zudlik bilan navbatdagi bayonot e’lon qilib, uzr so‘ragan. Xabarda ta’kidlanishicha, avvalgi nashr “noo‘rin va haqoratli” deb topilgan. Bundan tashqari, u rahbariyat va idoraning nuqtai nazarini aks ettirmaganligi qayd etilgan.
Sherif Robert Luna huquq-tartibot idoralari tashqi siyosat va harbiy harakatlar bo‘yicha izoh berishdan tiyilishini bildirgan. Okrug sherifi idorasi bahsli xabarni e’lon qilish holatlarini aniqlash bo‘yicha ichki tekshiruvlar boshlanganini ma’lum qilgan.
“Avvalroq X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan bayonotda Erondagi bombardimon qurbonlari va jabrlanganlarning oilalariga hamdardlik bildirilgan edi. Dastlab departament postni tahrirlab, matndan AQSH zarbalari haqidagi eslatmani olib tashlagan, shundan so‘ng post platformadan butunlay o‘chirib tashlangan.
Departament Eron xalqiga hamdardlik bildirilgan dastlabki xabardan bexabar edi. Los Anjeles AQSHning eng gavjum okrugi”, dedi sherif departamenti vakili shoshilinch berilgan bayonotda.
22-iyunga o‘tar kechasi Amerika rahbari Donald Tramp AQSH harbiy-havo kuchlari Eronning uchta yadroviy obyektiga hujum qilganini ma’lum qildi. Asosiy nishon Fordo - uranni boyitish zavodi bo‘ldi. Trampning aytishicha, Eronning uranni boyitish bo‘yicha asosiy obyektlari “butunlay va to‘liq yo‘q qilingan”. Eron esa Fordo zavodiga faqat qisman zarar yetganini ta’kidlamoqda.
Izoh (0)